add

Asilbek Xudoyorov: «Poliklinika va shifoxonalarda 12,6 ming shifokor yetishmaydi»

Bugun 12:351682 daqiqa

Profilaktika kuchayganiga qaramay, sog‘liqni saqlash tizimida kadrlar tanqisligi asosiy muammo bo‘lib qolmoqda.

Asilbek Xudoyorov: «Poliklinika va shifoxonalarda 12,6 ming shifokor yetishmaydi»

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 23-dekabrdagi majlisida sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov sohada amalga oshirilayotgan islohotlar ijrosi yuzasidan hisobot berdi. Uning ta’kidlashicha, profilaktik ko‘riklar kengayishi va tez tibbiy yordam tizimining yangilanishi statsionar muassasalarga tushayotgan yuklamani sezilarli darajada kamaytirgan.

Vazirning aytishicha, hozirgi kunda poliklinika va shifoxonalarda mavjud 112 ming shifokorlik shtatiga nisbatan 12,6 mingta o‘rin vakant hisoblanadi. Shu bilan birga, 19 mingta shtatda shifokorlar bir nechta stavkada ishlashga majbur, bu esa ortiqcha yuklama va xizmat sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Eng katta tanqislik Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatida qayd etilgan.

23-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida Xudayarov soha bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va mavjud muammolar haqida axborot berdi. Uning ta’kidlashicha, 2025 yil davomida xavf guruhidagi 12 milliondan ortiq fuqaro profilaktik ko‘rikdan o‘tkazilgan. Jumladan, 7 million nafar aholi yurak-qon tomir kasalliklari va qandli diabet, 800 mingdan ziyodi sil kasalligi bo‘yicha skriningdan o‘tkazilgan.

«Nimaga qon tomir kasalliklari, qandli diabet? Aholi orasida eng ko‘p tez tibbiy yordamga, shifoxonaga murojaat qiladigan va ko‘p dori iste’mol qiladigan kontingent — mana shu kontingent hisoblanadi», dedi vazir.

Asilbek Xudoyorovning so‘zlariga ko‘ra, raqamlashtirish va bemor marshruti joriy etilishi natijasida aholining birlamchi tibbiy bo‘g‘inga ishonchi oshgan. Poliklinikalarga murojaatlar 30 foizga ko‘paygan, tez tibbiy yordam chaqiruvlari 20 foizga, statsionarlarga yotqizishlar esa 15 foizga kamaygan. Vazirga ko‘ra, 2030 yilgacha ambulator tibbiy yordam ulushini 70–80 foizga yetkazish maqsad qilingan.

Tez tibbiy yordam xizmati ham sezilarli yangilandi. Vazir ta’kidlashicha, 2025 yilda 13 milliondan ortiq chaqiruvga xizmat ko‘rsatilgan, 1000 ta yangi avtomashina hisobidan avtopark yangilangan. Brigadalar soni 1648 tadan 2865 taga yetkazilgani natijasida chaqiruvlarga yetib borish vaqti uch barobar qisqargan.

Kadrlar yetishmovchiligi, ayniqsa, birlamchi bo‘g‘inda sezilarli. Hozirda 3000 ta oilaviy shifokor yetishmaydi. Tor mutaxassislar orasida revmatolog, pediatr, ginekolog va rentgenologlarga ehtiyoj yuqori. Vazir ta’kidlaganidek, chekka hududlarga mutaxassislarni jalb qilishda asosiy omil majburlash emas, balki munosib moddiy rag‘batlantirish bo‘lishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tibbiyot xodimlariga malaka toifasi berish to‘liq raqamlashtirilgani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid