Logo

«Black Friday»: ayrim brendlar chegirmalardan nega voz kechmoqda?

Bugun 17:454 daqiqa

«Pinko», «REI» va «The Ordinary» kabi kompaniyalar ommaviy chegirmalardan chetda qolishni afzal ko‘rmoqda. Biroq ko‘pchilik brendlar uchun «Black Friday» hamon onlayn savdoning asosiy tayanchi bo‘lib qolyapti.

«Black Friday»: ayrim brendlar chegirmalardan nega voz kechmoqda? © ij tarm

«Black Friday» — savdo kompaniyalari uchun yilning eng qizg‘in pallasi. Bu kunlarda brendlar narxlarni tushirib, maxsus takliflar orqali xaridorlarni jalb qilish va savdo hajmini oshirishga urinadi. Ammo hamma ham bu poygaga qo‘shilayotgani yo‘q: ayrim kompaniyalar chegirmalardan butunlay voz kechsa, boshqalari aksiya kunlari do‘konlarini vaqtincha yopishni afzal ko‘rmoqda.

«Reuters» agentligi Italiyaning «Pinko» moda brendi, AQSHning «REI» savdo tarmog‘i hamda kosmetika ishlab chiqaruvchi «The Ordinary» kompaniyasini bunga misol qilib keltirildi.

«Pinko»: tushumdan ko‘ra foyda marjasi muhim

Italiyaning «Pinko» moda brendi 2026 yilda ilk bor «Black Friday» aksiyasida qatnashmaslikka qaror qildi. Kompaniya raisi Piyetro Negra buni doimiy chegirmalar biznes uchun zararli odatga aylanib qolishi bilan izohladi.

Uning fikricha, «Black Friday» bilan bir qatorda «oila va do‘stlar uchun» aksiyalar, yopiq savdolar va boshqa chegirmalar kompaniyalarni narxni muntazam pasaytirishga majbur qiladi. Bunday yondashuv esa brendning xaridorlar bilan o‘rnatmoqchi bo‘lgan munosabatiga zid keladi.

«Reuters» ma’lumotiga ko‘ra, aksiyadan voz kechish «Pinko» uchun taxminan 2 mln yevro tushum yo‘qotilishiga olib kelishi mumkin. Biroq rahbariyat bu qarorning sof foydaga ta’siri ancha kam bo‘lishini ta’kidlamoqda.

Kompaniya rasmiy bayonotida ham bu qadam mahsulot qiymati, xodimlar mehnati va xaridorlar ishonchini asrashga qaratilgani qayd etilgan.

Chegirmalarga ishonch susaymoqdami?

Brendlarning bunday qarorlari fonida iste’molchilarning aksiyalarga munosabati ham e’tiborga molik. «Boston Consulting Group» («BCG») tashkilotining 2026 yilgi tadqiqoti xaridorlar orasida chegirmalarning haqiqiyligiga shubha borligini ko‘rsatdi.

2026 yil sentabrida Yevropa, Shimoliy Amerika va Avstraliyaning 10 ta bozorida 18–75 yoshdagi 10 220 nafar iste’molchi o‘rtasida so‘rov o‘tkazilgan. Unda ishtirokchilarning bor-yo‘g‘i 54 foizi yil oxiridagi aksiyalarda narxlar chindan ham odatdagidan past bo‘lishiga ishonishini aytgan. 20 foiz respondent esa bunday chegirmalarga umuman ishonmasligini bildirgan.

Yana bir muhim jihat: yil oxiridagi savdolarda kamroq pul sarflashni yoki umuman xarid qilmaslikni rejalashtirayotganlarning 22 foizi yil davomida chegirmalar shundoq ham ko‘pligi sabab maxsus aksiyalarga qiziqishi pastligini qayd etgan. Bu ko‘rsatkich 2025 yilga nisbatan 2 foiz bandga oshgan.

«BCG» xulosasiga ko‘ra, bugungi xaridor uchun chegirmaning katta foizidan ko‘ra uning haqqoniyligi muhimroq.

«REI» xaridorlarni do‘konlarga emas, tabiat qo‘yniga chorlaydi

«Black Friday»dan voz kechish yangilik emas. AQSHning «REI» kooperativ savdo tarmog‘i 2015 yildan beri shu kuni do‘konlarini yopib, xodimlarini tabiat qo‘ynida dam olishga undab keladi.

«Opt Outside» deb nomlangan bu tashabbus 2022 yilda kompaniyaning doimiy siyosatiga aylandi. Shundan buyon «REI» har yili «Black Friday» kuni savdo nuqtalarini yopadi va xodimlarga haq to‘lanadigan dam olish kuni beradi.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yil 27-noyabrda AQSHdagi barcha do‘konlar, tarqatish va qo‘ng‘iroq markazlari hamda bosh qarorgoh yopiq bo‘ladi. Taxminan 12 ming nafar xodim shu kuni dam oladi.

Biroq onlayn savdo butunlay to‘xtatilmaydi: mijozlar internet orqali buyurtma berishlari mumkin, faqat ularni rasmiylashtirish va yetkazib berish ertasi kuni boshlanadi. Shu tariqa «REI» bu qadamni shunchaki bir kunlik aksiya emas, balki korporativ madaniyat va xodimlarga g‘amxo‘rlik ifodasi sifatida ko‘rsatmoqda.

«The Ordinary» savdoni to‘xtatib, qon topshirishga chaqiradi

Kosmetika bozoridagi «The Ordinary» brendi ham «Black Friday»ga o‘zgacha yondashadi. Kompaniya so‘nggi yetti yildan buyon shu kuni do‘konlari va veb-saytini yopib, shoshilinch va o‘ylamay qilinadigan xaridlarga qarshi ekanini namoyish etib keladi.

2026 yilda brend bu tashabbusni qon donorligi bilan uyg‘unlashtirdi. 27-noyabr kuni Nyu-York va Torontoda qon topshirish aksiyalari o‘tkazilmoqda. London va Kopengagenda esa xohlovchilar o‘z qon guruhini aniqlatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

«The Ordinary» rasmiy bayonotida «Black Friday» odamlarni keraksiz buyumlarni sotib olishga undaydigan shoshma-shosharlik muhitini yaratishi qayd etilgan.

Hamma ham chegirmalardan voz kecha olmaydi

«Black Friday»ni tanqid qilish har doim ham undan butunlay voz kechishni anglatmaydi. Britaniyaning «UpCircle» kosmetika brendi bunga yaqqol misol.

Kompaniya qahva qoldiqlari, suli qobiqlari va oziq-ovqat sanoatining boshqa chiqindilaridan krem hamda boshqa mahsulotlar ishlab chiqaradi. «UpCircle» o‘z marketingida ortiqcha ishlab chiqarish va isrofgarchilikka qarshi g‘oyalarni targ‘ib qiladi, biroq shunga qaramay, «Black Friday» aksiyalarida faol qatnashadi.

Brend asoschisi «Reuters»ga bergan izohida ijtimoiy tarmoqlarda ortiqcha iste’molni tanqid qiluvchi postlar joylash bilan birga, mahsulotlarga 25 foizlik chegirma ham taklif etilishini aytgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, chegirma yangi mijozlarni brend mahsulotlarini ilk bor sinab ko‘rishga undaydi. Qolaversa, kompaniya yillik onlayn savdosining 20 foizini aynan «Black Friday» atrofidagi uch haftada amalga oshiradi. «UpCircle»ning 2026 yilgi aksiya sahifasida ham barcha mahsulotlarga 25 foiz, obuna xizmatlariga esa 30 foiz chegirma e’lon qilingan.

 

Teglar

Mavzuga oid