Logo

Bond omborlari faoliyatini tashkil etish tartibi tasdiqlandi

Bugun 15:082 daqiqa

Yangi mexanizm xorijdan buyurtmalarni tezroq yetkazish va elektron tijorat infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qilgan.

Bond omborlari faoliyatini tashkil etish tartibi tasdiqlandi

O‘zbekistonda elektron tijorat sohasida yangi mexanizm joriy etiladi. Vazirlar Mahkamasi bond omborlari faoliyatini tashkil etish va ular orqali tovarlarni sotish tartibini tasdiqladi.

Qaror xorijdan buyurtma qilingan mahsulotlarni xaridorlarga tezroq yetkazib berish hamda elektron savdo infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan.

Hujjatga muvofiq, bond omborlarini tashkil etish va ulardan foydalanish tartibi, shuningdek, maxsus elektron savdo platformalari orqali jismoniy shaxslarga chakana savdo qilishning vaqtinchalik nizomi tasdiqlandi. Bu orqali import tovarlarini mamlakat hududiga oldindan olib kirib, bojxona nazorati ostida saqlash imkoniyati yaratiladi.

Reyestr va integratsiya


Qarorga ko‘ra, Bojxona qo‘mitasi bond omborlari reyestrini yuritadi. Istiqbolli loyihalar milliy agentligi esa maxsus elektron savdo platformalari reyestrini shakllantiradi va boshqaradi.

Shuningdek, tovar xaridorga yetkazilguniga qadar uning sotilishi haqidagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida kuzatish imkonini beruvchi axborot almashinuvi tizimi joriy etiladi.

Buning uchun qaror kuchga kirganidan keyin ikki oy ichida Bojxona qo‘mitasi o‘z axborot tizimlarini bond omborlari operatorlari bilan, Soliq qo‘mitasi esa maxsus elektron savdo platformalari axborot tizimlari bilan integratsiya qilishi belgilandi.

Bu nimani anglatadi?

Bond omborlari — import qilingan tovarlar bojxona nazorati ostida saqlanadigan maxsus omborlar hisoblanadi. Xaridor buyurtma berganidan keyingina tovar bo‘yicha bojxona rasmiylashtiruvi yakunlanadi va mahsulot egasiga yetkaziladi.

Mazkur tizim xalqaro marketpleyslar uchun O‘zbekiston bozoriga kirishni yengillashtirishi, yetkazib berish muddatini qisqartirishi hamda logistika xarajatlarini kamaytirishi kutilmoqda. Shu bilan birga, xaridorlar xorijiy onlayn-do‘konlardan buyurtmalarni tezroq qabul qilish imkoniga ega bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid