Ark va Qo‘sh madrasa restavratsiya qilinib, Jadidlar merosi hamda davlat san’at muzeylari tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
Buxoroning tarixiy markazidagi savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari yagona me’moriy uslub asosida tartibga keltiriladi, Ark muzey-qo‘riqxonasi va Qo‘sh madrasa restavratsiya qilinib, ikkita yangi muzey tashkil etiladi. Bu haqda 26-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev tanishgan Buxoro viloyatida turizmni rivojlantirish, madaniy meros obyektlarini asrash va tarixiy shaharning jozibadorligini oshirishga qaratilgan loyihalar taqdimotida ma’lum qilindi.
Taqdimotda Buxoro tarixiy markazini rivojlantirish bo‘yicha master-reja, me’moriy yodgorliklarni saqlash va ulardan samarali foydalanish, shuningdek, zamonaviy madaniy hamda turizm infratuzilmasini yaratish masalalari ko‘rib chiqildi. Tarixiy markazda piyodalar uchun qulay muhit yaratish va savdo hamda xizmat ko‘rsatish obyektlarini yagona uslubga keltirish ishlari UNESCO talablariga muvofiq amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Xususan, Ark muzey-qo‘riqxonasida restavratsiya ishlarini olib borish va muzey ekspozitsiyalarini yangilash, Qo‘sh madrasa me’moriy ansamblini tiklash, Buxoro musiqali drama teatrini rekonstruksiya qilish hamda Somoniylar bog‘ini obodonlashtirish takliflari taqdim etildi. Shuningdek, Jadidlar merosi davlat muzeyi va Buxoro davlat san’at muzeyini tashkil etish rejalari haqida ma’lumot berildi. Ularda tarixiy va zamonaviy ko‘rgazma maydonlarini yaratish ko‘zda tutilgan.
Xalqaro biyennale va raqamlashtirish loyihalari
Taqdimotda 2027 yilda ikkinchi Buxoro xalqaro biyennalesini o‘tkazish konsepsiyasi ham ko‘rib chiqildi. Uning doirasida Somoniylar bog‘idan Ark qal’asi va Poyi Kalon majmuasi orqali Labi Hovuz ansambligacha davom etadigan 2,3 kilometrlik madaniy sayr yo‘nalishini tashkil etish taklif qilindi. Yo‘nalish tarixiy obidalar, ko‘rgazma va jamoat maydonlarini birlashtiradi.
Bundan tashqari, AQSH va Koreya tashkilotlari bilan hamkorlikda madaniy meros obyektlarini raqamlashtirish, ularning uch o‘lchamli modellarini yaratish, arxeologik ashyolarni muhofaza qilish va soha mutaxassislarining malakasini oshirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilayotgani haqida axborot berildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro markaziy dehqon bozori faoliyati vaqtincha to‘xtatilgani xabar qilingandi.