«C5+1»dan «C6+1»ga: Samarqandda repetitsiya, premera esa Floridada
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio 200 dan ortiq yirik biznes vakili bilan Samarqandga kelmoqda. Vashingtonning asl maqsadi nima?

Avval xabar qilinganidek, Vashington va Pekin o‘rtasidagi raqobat kuchayib, mintaqa davlatlari o‘z tashqi siyosatini diversifikatsiya qilishga intilayotgan bir paytda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Markaziy Osiyoga kelmoqda. Rubio 17–22-oktabr kunlari 200 dan ortiq amerikalik ishbilarmonlardan iborat delegatsiyaga bosh bo‘lib O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Davlat kotibi Samarqand shahrida AQSH va Markaziy Osiyo davlatlarini birlashtiruvchi «C5+1» formatidagi vazirlar uchrashuvida ishtirok etadi. Shuningdek, u besh davlatning yuqori martabali rasmiylari bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazadi.
Bu tashrif Jo Bayden ma’muriyati davrida boshlanib, Donald Tramp jamoasi tomonidan jadal davom ettirilayotgan AQSH va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi strategik yaqinlashuv siyosatining uzviy davomidir. Safar Vashingtonning mintaqadagi nodir mineral resurslar, energetika manbalari va transport yo‘laklariga qiziqishi tobora ortib borayotgan bir paytda tashkil etilmoqda. Ayni vaqtda Markaziy Osiyo davlatlari ham an’anaviy ta’sir markazlariga qaramlikni kamaytirish maqsadida tashqi siyosiy va iqtisodiy hamkorlari safini kengaytirishga intilmoqda.
Marko Rubioga 200 dan ziyod amerikalik biznes vakillarining hamrohlik qilishi Tramp ma’muriyati mintaqada iqtisodiy diplomatiyaga qanchalik jiddiy e’tibor qaratayotganini ko‘rsatadi. Vashington bu aloqalar turli sohalarda yangi investitsiyalar va yirik savdo bitimlariga yo‘l ochishiga umid qilmoqda.
Shuni ham ta’kidlash joizki, AQSHning Markaziy Osiyoga nisbatan olib borayotgan siyosati uning Janubiy Kavkazdagi manfaatlari bilan chambarchas bog‘liq. Dunyoning geosiyosiy xaritasi tez o‘zgarayotgan bugungi kunda ushbu ikki mintaqaning strategik ahamiyati oshib bormoqda. Vashington Transkaspiy transport yo‘lagi (O‘rta yo‘lak) hamda Kaspiy dengizi orqali o‘tuvchi neft va gaz quvurlarini qo‘llab-quvvatlash orqali bu ikki mintaqa o‘rtasidagi rishtalarni mustahkamlamoqchi. Asosiy maqsad — Xitoy va qisman Rossiya bilan raqobatda o‘z mavqeini kuchaytirish hamda yetakchilikni qo‘lga kiritishdir.
Tramp ma’muriyati yaqingacha Markaziy Osiyo bilan strategik yaqinlashuvga to‘sqinlik qilib kelgan ayrim tamoyillardan voz kechib, asosiy e’tiborni iqtisodiy va pragmatik manfaatlarga qaratmoqda. Mintaqaning ikki yetakchi davlati — O‘zbekiston va Qozog‘iston rahbarlarining AQSH prezidenti bilan muloqotlari faollashdi, Vashington esa Markaziy Osiyo davlatlari bilan «C5+1» formatidagi hamkorlikni yanada kuchaytirmoqda. Vashingtondagi «Hudson» institutining katta ilmiy xodimi Ken Moriyasu bu jarayonni «AQSH va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi misli ko‘rilmagan yuqori darajadagi munosabatlarning ibtidosi» deb ataydi. Tahlilchining fikricha, Davlat kotibi Rubioning O‘zbekistonga tashrifi bu yo‘ldagi dastlabki yirik qadam bo‘ladi.
Tahlilchilar AQSHning Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz bo‘yicha olib borayotgan o‘zaro uyg‘un siyosatining asosiy yutug‘ini shunda ko‘rishmoqdaki, Vashington mintaqa davlatlarini qat’iy geosiyosiy tanlov qilishga majburlamayapti. Bosh maqsad — Yevroosiyoning strategik jihatdan muhim bo‘lgan ushbu qismida AQSHning ishtirokini sezilarli darajada oshirishdir.
Ken Moriyasu «Ozodlik» radiosiga bergan intervyusida Vashingtonning bu yondashuvini quyidagicha izohladi: «Qo‘shma Shtatlar bu davlatlardan Rossiya yoki Xitoyni tanqid qilishni, G‘arb tomonga o‘tib, uning ittifoqchisiga aylanishni talab qilayotgani yo‘q. Ularga, masalan, O‘zbekiston yoki Qozog‘istonning NATO a’zosi bo‘lishi ham shart emas. Buning o‘rniga iqtisodiy va diplomatik aloqalarni mustahkamlash Vashington uchun ta’minot zanjirlari xavfsizligini kafolatlashga, Amerika biznesi uchun yangi imkoniyatlar yaratishga va mintaqada biror-bir tashqi kuchning haddan tashqari hukmron bo‘lib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikka xizmat qiladi».
Bu borada Markaziy Osiyo davlatlarining manfaatlari Vashingtonning maqsadlariga mos keladi. Tahlilchilarning fikricha, mintaqa mamlakatlari Rossiya yoki Xitoy bilan o‘ta bog‘liq bo‘lib qolishni istamaydi. Shu sababli ular Qo‘shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni faol rivojlantirmoqda.
Markaziy Osiyo bo‘yicha taniqli ekspertlardan yana biri — Atlantika kengashining katta ilmiy xodimi, Xalqaro soliqqa tortish va investitsiyalar markazining energetik o‘sish va xavfsizlik dasturi rahbari Ariel Koenning ta’kidlashicha, Tramp ma’muriyati AQSH manfaatlari va Xitoy bilan kechayotgan global raqobatga jiddiy e’tibor qaratmoqda. Uning fikricha, qulay geografik joylashuv, yosh aholi, tez o‘sayotgan bozorlar va boy tabiiy resurslar (neft, gaz, uran va boshqa strategik noyob minerallar) Markaziy Osiyoni Qo‘shma Shtatlar uchun o‘ta muhim mintaqaga aylantiradi.
«To‘g‘ri, Xitoy — mintaqaning asosiy iqtisodiy sherigi, Rossiya esa xavfsizlik sohasidagi ko‘plab aloqalarni hamon saqlab turibdi. Ammo Qo‘shma Shtatlar ham bu mintaqadan shunchaki chiqib ketmoqchi emas», — deydi Koen.
Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar energetika, ekologik texnologiyalar, sog‘liqni saqlash, ta’lim, AT (axborot texnologiyalari), ayniqsa, noyob metallar va strategik xomashyo qazib olish kabi ko‘plab sohalarda ham savdo bozori, ham yirik investor hisoblanadi. Shu bois, mintaqa davlatlari, xususan, eng yirik iqtisodiyotga ega O‘zbekiston va Qozog‘iston Amerika biznesining faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlaydi hamda AQSH bilan hamkorlikni yanada yuqori bosqichga olib chiqishdan manfaatdor.
AQSH manfaatlarida noyob resurslar juda katta o‘rin tutadi. Biroq Markaziy Osiyoning strategik ahamiyati faqat bu bilan emas, balki uning Xitoy, Rossiya, Janubiy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi muhim tranzit markazi ekani bilan ham belgilanadi. Xususan, mintaqani Rossiyani aylanib o‘tib, jahon bozorlari bilan bog‘lovchi yangi transport yo‘laklarining qadri tobora ortib bormoqda.
Ken Moriyasu esa Markaziy Osiyoni Kaspiy dengizi va Janubiy Kavkaz orqali Yevropa bilan bog‘lovchi «O‘rta yo‘lak»ning ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tgan. Uning ta’kidlashicha, mazkur yo‘nalishda Amerika kompaniyalari ishtirokining kengayishi AQSHning mintaqadagi uzoq muddatli iqtisodiy pozitsiyalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tahlilchilarning fikricha, Rubio boshchiligidagi tashrifning haqiqiy muvaffaqiyati bitta asosiy mezon bilan o‘lchanadi: bunday diplomatik faollik aniq investitsiyaviy majburiyatlar va barqaror ishbilarmonlik hamkorligiga aylanadimi yoki hammasi shunchaki yuqori darajadagi protokol uchrashuvlari bo‘lib qolaveradimi?
Shuni aytish kerakki, joriy yilda Vashingtonning mintaqa bilan olib borayotgan yuqori darajadagi aloqalari faqatgina Marko Rubioning O‘zbekistonga tashrifi va «C5+1» doirasidagi muzokaralar bilan cheklanib qolmaydi. Dekabr oyida Floridada G20 (Katta yigirmatalik) sammiti bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Unga Markaziy Osiyo va Ozarboyjon rahbarlari ham taklif etilgan. Kutilishicha, Mar-a-Lagoda G20 sammiti doirasida AQSH va Markaziy Osiyo yetakchilarining «C5+1» formatidagi alohida uchrashuvi ham o‘tkaziladi. Qolaversa, ayrim ma’lumotlarga qaraganda, kelgusi yil boshida AQSH prezidenti Donald Trampning O‘zbekistonga tashrif buyurishi ehtimoli bor. Shu bilan birga, ekspertlar doirasida Ozarboyjonning ham Qo‘shma Shtatlar va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi ushbu formatga qo‘shilishi mumkinligi qizg‘in muhokama qilinmoqda. Ba’zi tahlilchilar kelajakda Janubiy Kavkazning har uchala davlati bu formatda ishtirok etishini nazariy jihatdan mumkin deb hisoblaydi.
Amerika tashqi siyosat kengashining katta ilmiy xodimi, Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti dasturlari direktori Lora Linderman ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida Rubioning «C5+1» uchrashuvidagi ishtirokining o‘zi muhim voqea ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, mazkur formatning kengaytirilishi hamkorlikka yanada kuchli turtki bergan bo‘lardi.
«Agar AQSH ushbu formatni "C6+1" darajasigacha kengaytirib, unga Ozarbayjonni ham qo‘shganida edi, bu tadbirni bundan-da kattaroq muvaffaqiyat deb baholash mumkin bo‘lardi», — deydi Linderman.
Shu munosabat bilan ekspert Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi iqtisodiy, geografik va gumanitar aloqalar tobora mustahkamlanib borayotganini qayd etgan. Ayniqsa, bu jarayon Kaspiy dengizi orqali o‘tuvchi transport yo‘laklarining ahamiyati ortib borayotgan bir paytda yuz bermoqda. Qolaversa, Lindermanning fikricha, mintaqa davlatlari o‘z tashqi siyosiy ustuvorliklarini yaxshi anglaydi va hozirgi vaziyatdan AQSH bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun qulay imkoniyat sifatida foydalanmoqchi.




