
FIFA The Best–2025: Dembele yilning eng yaxshi futbolchisi, Luis Enrike — eng yaxshi murabbiy
16-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan FIFA The Best Football Awards–2025 taqdimot marosimida yilning eng yaxshi futbolchilari, murabbiyi va simvolik terma jamoasi aniqlandi. Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) tomonidan o‘tkazilgan marosimda 2025 yil davomida eng yuqori natijalar qayd etgan sport vakillari taqdirlandi.

Yilning eng yaxshi erkak futbolchisi nominatsiyasida PSJ hujumchisi Usmon Dembele g‘olib deb topildi. Fransiyalik futbolchi mavsum davomida klub va terma jamoa safida barqaror o‘yini, hal qiluvchi gollari va jamoaviy o‘yinga qo‘shgan hissasi bilan ajralib turdi.
Yilning eng yaxshi ayol futbolchisi mukofoti esa Ispaniya terma jamoasi va «Barselona» klubi yarim himoyachisi Aytana Bonmatiga nasib etdi. U o‘z pozitsiyasida jahon futbolida yetakchi o‘yinchilardan biri sifatida e’tirof etildi.
Marosimda yilning eng yaxshi murabbiyi sifatida PSJ bosh murabbiyi Luis Enrike tan olindi. FIFA talqiniga ko‘ra, ispaniyalik mutaxassis jamoasining taktik o‘sishi, barqaror natijalari va yuqori darajadagi boshqaruvi bilan boshqa nomzodlardan ustun kelgan.
Shuningdek, yilning eng yaxshi darvozaboni mukofoti PSJ posboni Janluidji Donnarummaga topshirildi.
FIFA The Best–2025 marosimi doirasida yilning simvolik terma jamoasi ham e’lon qilindi. FIFA versiyasiga ko‘ra, ramziy jamoadan quyidagi futbolchilar o‘rin oldi:
Janluidji Donnarumma (PSJ),
Ashraf Hakimi (PSJ),
Vilyam Pacho (PSJ),
Virdjil van Deyk («Liverpul»),
Nunu Mendesh (PSJ),
Koul Palmer («Chelsi»),
Jud Bellingem («Real» Madrid),
Vitinya (PSJ),
Pedri («Barselona»),
Lamin Yamal («Barselona»),
Usmon Dembele (PSJ).
FIFA The Best mukofoti g‘oliblari milliy terma jamoalar bosh murabbiylari, kapitanlari, sport jurnalistlari hamda muxlislar ovozi asosida aniqlanadi. Ushbu taqdimot xalqaro futbolda yil yakunlarini belgilab beruvchi eng nufuzli marosimlardan biri hisoblanadi.





