Logo

Fitch beshta xususiy bank reytingini ko‘rib chiqdi: ikkitasiniki oshdi, bittasiniki pasaydi

Bugun 19:205 daqiqa

Fitch Ratings sentabr oyida O‘zbekistondagi beshta xususiy bankning reytinglarini qayta ko‘rib chiqdi. Kapitalbank va Ipak Yo‘li bank reytinglari oshirildi, Ipoteka-bank bo‘yicha prognoz yaxshilandi, TBC Bank Uzbekistan reytingi o‘zgarishsiz qoldi. Anorbank reytingi esa kapital zaxirasining kamayishi ortidan «CCC+»gacha tushirildi.

Fitch beshta xususiy bank reytingini ko‘rib chiqdi: ikkitasiniki oshdi, bittasiniki pasaydi

Fitch Ratings 7–15-sentabr kunlari Kapitalbank, Ipoteka-bank, TBC Bank Uzbekistan, Anorbank va Ipak Yo‘li bank bo‘yicha reyting qarorlarini e’lon qildi. Beshta bankdan ikkitasining reytingi oshirildi, bittasining prognozi «Ijobiy»ga o‘zgartirildi, yana biriniki tasdiqlandi. Faqat Anorbank reytingi pasaytirildi.

Barcha qarorlardagi umumiy jihat — Fitch O‘zbekiston banklari faoliyat yuritayotgan operatsion muhit bahosini «b»dan «b+»ga ko‘tardi. Agentlik buni so‘nggi ikki yildagi bank islohotlari, tartibga solishning kuchayishi va avvaldan qolgan muammolar bo‘yicha ko‘rilgan choralar bilan izohladi.

Fitch 2026 yil birinchi yarmida iqtisodiyotning yillik 8,5 foizga o‘sganini ham ijobiy omil sifatida keltirgan. Agentlik fikricha, yaxshilangan muhit banklar biznesining kengayishi, foyda va kapital shakllanishiga yordam berishi mumkin.

Biroq tizim bo‘yicha bahoning yaxshilanishi barcha banklarning holati bir xil degani emas. Yakuniy reytingda har bir bankning kapitali, kreditlari sifati, likvidligi, o‘sish sur’ati va aksiyadorlar ko‘magi alohida hisobga olingan.

Kapitalbank: reyting oshirildi va keyin bekor qilindi

Fitch Kapitalbankning uzoq muddatli reytingini «B»dan «B+»ga, barqarorlik reytingini esa «b»dan «b+»ga oshirdi. Prognoz «Barqaror» etib belgilandi.

Agentlik qarorni bankning yirik biznes ko‘lami, yuqori daromadliligi, kapitalni ichki manbalar hisobidan shakllantirish imkoniyati va likvidlik zaxirasi bilan izohladi. Fitch metodologiyasi bo‘yicha asosiy kapital ko‘rsatkichi 2025 yil oxiridagi 14,6 foizdan 2026 yil birinchi yarmida 16,4 foizga oshgan.

Kapitalbank kreditlarining depozitlarga nisbati 82 foizni tashkil etgan. Taqqoslash uchun, bozor bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich 137 foiz bo‘lgan. Likvid aktivlar esa mijozlar mablag‘larining qariyb 40 foizini qoplagan.

Shu bilan birga, Fitch bank kreditlarining ayrim yo‘nalishlarda to‘plangani va tez o‘sishga moyilligini risk sifatida ko‘rsatdi. Avtokreditlar hamon portfelning yarmidan ko‘pini tashkil etadi. Xorijiy valutadagi kreditlar ulushi esa 41 foizdan 46 foizga chiqib, bozor ko‘rsatkichidan yuqorilagan.

Reyting oshirilganidan keyin Fitch uni tijoriy sabablarga ko‘ra bekor qildi. Bu reytingning qayta pasaytirilganini anglatmaydi. Agentlik bundan keyin Kapitalbank bo‘yicha reyting va muntazam tahliliy kuzatuv olib bormaydi.

Ipak Yo‘li bank: kapital va kreditlar sifati qo‘llab-quvvatladi

Ipak Yo‘li bankning uzoq muddatli reytingi ham «B»dan «B+»ga oshirildi. Prognoz «Barqaror», barqarorlik reytingi esa «b+» etib belgilandi.

Fitch bankning aktivlari sifati, kapitali, daromadliligi va likvidligini maqbul deb baholagan. Muammoli kreditlar ulushi 2024 yil oxiridagi 3,7 foizdan 2025 yil yakunida 2,9 foizga tushgan. Fitch metodologiyasi bo‘yicha asosiy kapital ko‘rsatkichi esa 14,1 foizdan 15,2 foizga ko‘tarilgan.

Biroq bank kreditlari tez o‘smoqda. Portfel 2023–2025 yillarda yiliga o‘rtacha 26 foizga kengaygan, bank tizimi bo‘yicha o‘rtacha o‘sish esa 21 foizni tashkil etgan. Xorijiy valutadagi kreditlar ulushi 49 foiz bo‘lib, bozordagi 39 foizlik ko‘rsatkichdan ancha yuqori.

Ya’ni hozirgi kapital va kredit sifati reytingni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ammo tez o‘sish va valutadagi kreditlarning yuqori ulushi keyingi davrda kuzatiladigan asosiy risklar bo‘lib qoladi.

Ipoteka-bank: reyting o‘zgarmadi, prognoz yaxshilandi

Ipoteka-bankning uzoq muddatli reytingi «BB» darajasida tasdiqlandi, prognoz esa «Barqaror»dan «Ijobiy»ga o‘zgartirildi. Bankning o‘z moliyaviy barqarorligini ifodalovchi reyting ham «b»dan «b+»ga oshirildi.

Ipoteka-bank reytingida OTP Bank tomonidan ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan yordam muhim o‘rin tutadi. Vengriya bank guruhi Ipoteka-bank aksiyalarining 73 foiziga egalik qiladi. Xalqaro moliya korporatsiyasi ham moliyalashtirish liniyasini aksiyalarga aylantirish orqali bankdan 9 foiz ulush olgan.

Bankning eski muammoli kreditlari hamon yuqori. Uchinchi bosqich kreditlari ulushi 2024 yil o‘rtasidagi 23 foizdan 2025 yil oxirida 19,7 foizga tushgan. Fitch bu ko‘rsatkich 2026 yil oxirigacha 13 foizdan pastga kamayishini kutmoqda. Bu hozircha prognoz bo‘lib, uning bajarilishi eski muammoli aktivlarning qanchalik tez qisqarishiga bog‘liq.

Kapital holati esa sezilarli yaxshilangan. Fitch metodologiyasi bo‘yicha asosiy kapital ko‘rsatkichi 2024 yil oxiridagi 12 foizdan 2025 yil yakunida 18,5 foizga oshgan. Agentlik 2026 yil oxiriga borib ko‘rsatkich 22 foizga yaqinlashishini kutmoqda.

TBC Bank Uzbekistan: reyting saqlandi, muammoli kreditlar oshmoqda

TBC Bank Uzbekistanning uzoq muddatli reytingi «BB-» darajasida, «Barqaror» prognoz bilan tasdiqlandi. Reytingda Gruziyaning TBC Bank guruhi tomonidan berilishi mumkin bo‘lgan yordam asosiy omillardan biri hisoblanadi.

Bank O‘zbekiston bank tizimi aktivlarining 1,4 foiziga ega bo‘lgan nisbatan kichik raqamli bank. U ta’minotsiz iste’mol kreditlari bozorida faol o‘sgan: kredit portfeli 2024 yilda 112 foizga, 2025 yilda yana 44 foizga kengaygan.

Tez o‘sish ortidan muammoli kreditlar ulushi 2024 yil oxiridagi 2,2 foizdan 2025 yil yakunida 6 foizga chiqqan. Fitch 2026 yilda bu ko‘rsatkich 10 foizga yaqinlashishi mumkinligini kutmoqda. Kreditlar bo‘yicha zaxira xarajatlarining oshishi bank daromadliligini ham cheklagan.

Bankning asosiy kapital ko‘rsatkichi bir yil ichida 20,8 foizdan 15,4 foizga tushgan. Fitch fikricha, aksiyadorning kapital va likvidlik bo‘yicha yordami bu risklarni yumshatadi. Shu sabab bankning reytingi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Anorbank: beshlikdagi yagona pasayish

Anorbankning uzoq muddatli reytingi «B-»dan «CCC+»ga pasaytirildi. Fitch buni xalqaro standartlar bo‘yicha hisoblangan asosiy kapitalning juda past darajaga tushgani va bankning tavakkalchilik darajasi yuqoriligi bilan izohladi.

Fitch metodologiyasi bo‘yicha asosiy kapital ko‘rsatkichi 2024 yil oxiridagi 4,3 foizdan 2025 yil yakunida 0,9 foizgacha kamaygan. Bu agentlik baholaydigan banklar orasidagi eng zaif ko‘rsatkichlardan biri. Bankning regulyativ kapitali esa 10,4 foiz bo‘lib, 10 foizlik minimal talabdan biroz yuqori qolgan.

Anorbank kredit portfeli 2025 yilda 50 foizga, so‘nggi to‘rt yilda esa past bazadan o‘n barobardan ko‘proq o‘sgan. Muammoli kreditlar ulushi 3 foizdan 5 foizga, ikkinchi bosqich kreditlari esa 4 foizdan 9 foizga oshgan.

Bank kuzatuv kengashi kapitalni tiklash rejasini tasdiqlagan. Unda aksiyador tomonidan 100 mlrd so‘m oddiy kapital kiritilishi va nomoddiy aktivlarni sotish ko‘zda tutilgan. Fitch ushbu choralar bajarilsa, asosiy kapital ko‘rsatkichi yil oxirigacha taxminan 5 foizga chiqishini kutmoqda.

Anorbank ham reyting qarori yuzasidan rasmiy kanalida munosabat bildirdi. Fitch hisobotida bank regulyativ kapital talablarini bajarayotgani va likvidlik holati yetarli ekani qayd etilgan.

Reytinglarni qanday solishtirish kerak?

Ko‘rib chiqilgan banklar orasida Ipoteka-bankning «BB» va TBC Bank Uzbekistanning «BB-» reytinglari yuqoriroq. Keyingi o‘rinda «B+» reytingi bilan Kapitalbank va Ipak Yo‘li bank turadi. Anorbankning «CCC+» reytingi esa kredit riski sezilarli darajada yuqori ekanini anglatadi.

Biroq bu reytinglarni banklarning oddiy reyting jadvali sifatida qabul qilish to‘g‘ri emas. Ipoteka-bank va TBC Bank Uzbekistan bahosida ularning xalqaro bosh kompaniyalari ko‘mak berishi mumkinligi hisobga olingan. Kapitalbank, Ipak Yo‘li bank va Anorbank reytinglari esa ko‘proq banklarning o‘z moliyaviy holatiga tayangan.

Umumiy xulosa shuki, Fitch O‘zbekiston bank tizimi uchun operatsion muhit yaxshilanganini tan olmoqda. Ammo buning o‘zi yetarli emas. Kapital zaxirasi, kreditlarning sifati va o‘sish sur’ati har bir bank bo‘yicha turlicha natija bergan. Keyingi baholarda ham aynan shu uch omil hal qiluvchi bo‘lib qoladi.

Teglar

Mavzuga oid