Logo

Havo ifloslansa, yuk mashinalari harakati va ommaviy tadbirlarni cheklash taklif etilmoqda

Bugun 08:034 daqiqa

Ifloslanish «qizil» yoki «binafsharang» darajaga yetsa, korxonalar ishlab chiqarishni qisqartirishi, yuk mashinalari harakati cheklanishi va aholi masofaviy ishlashga o‘tishi mumkin.

Havo ifloslansa, yuk mashinalari harakati va ommaviy tadbirlarni cheklash taklif etilmoqda © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonda atmosfera havosi «qizil» va «binafsharang» darajada ifloslanganda korxonalar quvvatini pasaytirish, yuk mashinalari harakatini cheklash, ommaviy tadbirlarni bekor qilish, masofaviy ish va o‘qishga o‘tish hamda aholiga SMS xabarnomalar yuborish taklif etilmoqda. Bu haqda Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida e’lon qilingan Vazirlar Mahkamasining atmosfera havosi sifati yomonlashishining oldini olish va oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan qarori loyihasida ma’lum qilindi.

Hujjat prezidentning 2026-yil 25-martdagi «Toza havo» umummilliy loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi PF-46-son farmoni ijrosi doirasida ishlab chiqilgan.

Loyihaga ko‘ra, havo sifati ko‘rsatkichlari «qizil» va «binafsharang» darajada toifalanganda atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha I va II toifaga mansub xo‘jalik yurituvchi subyektlar ifloslantiruvchi moddalarni kamaytirish uchun ishlab chiqarish quvvatlarini vaqtincha pasaytirishi shart bo‘ladi (maxsus huquqiy rejimga ega va strategik obyektlar bundan mustasno). Bu talab bajarilishi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) tomonidan nazorat qilinadi.

Shuningdek, viloyat va shahar markazlari hamda ularga tutash hududlardagi issiqxona xo‘jaliklarida yoqilg‘i hisoblanmaydigan mahsulotlar yoqilishining oldini olish maqsadida doimiy reydlar o‘tkaziladi. Havo ifloslangan davrlarda shahar markazlari va aholi zich joylashgan hududlarda qurilish ishlariga vaqtinchalik cheklovlar qo‘yiladi. Qurilish maydonlarida chang bostirish uskunalaridan majburiy foydalanish, materiallarni yopiq holda saqlash va tashish hamda maydonlarni muntazam namlantirish talab etiladi.

Noqulay meteorologik sharoitlarda energetika korxonalarida mazutdan yoqilg‘i sifatida foydalanish taqiqlanadi (avariyaviy holatlar va energetika tizimi barqarorligini ta’minlash zarurati bundan mustasno). Tabiiy changlanish kuchaygan va havo yomonlashgan paytlarda hokimliklar shahardagi barcha favvoralarning uzluksiz ishlashini ta’minlab, markaziy ko‘chalar, jamoat joylari va yashil hududlarni sug‘orish hamda maxsus texnikalarda namlantirishni kuchaytiradi.

Transport harakatini cheklash va aholi salomatligini himoya qilish

Hujjatda viloyat va shahar markazlarida og‘ir yuk tashuvchi avtotransport vositalari harakatini vaqtincha cheklash yoki ularni aylanma yo‘llarga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan. Zaruratga ko‘ra, transport vositalarining davlat raqamiga mos ravishda toq va juft sanalarda harakatlanish amaliyoti joriy etilishi mumkin (elektromobillar va maxsus transport vositalari bundan mustasno). Ushbu chora Ichki ishlar vazirligi tomonidan Prezident administratsiyasining tegishli ko‘rsatmasiga asosan nazorat qilinadi. Bundan tashqari, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining asoslantirilgan taklifi bilan ayrim ko‘chalar va yo‘l uchastkalarida transport harakati vaqtincha cheklanadi.

Havo sifati yomonlashganda Sog‘liqni saqlash vazirligi aholiga, ayniqsa bolalar, keksalar va surunkali kasalligi bor shaxslarga uyda qolish bo‘yicha tavsiyalar beradi. Shuningdek, vazirlik ta’lim muassasalarida ochiq havo mashg‘ulotlarini vaqtincha bekor qilish, ommaviy tadbirlarni cheklash hamda zaruratga ko‘ra davlat tashkilotlarida ish rejimini o‘zgartirish yoki masofaviy shaklga o‘tkazish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritib boradi.

«Qizil» va «binafsharang» darajalar qayd etilganda oilaviy poliklinikalar va tez tibbiy yordam xizmatlari tomonidan fuqarolarga ustuvor tartibda birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi havo ifloslanishi oqibatida yuzaga kelgan salomatlik asoratlari bo‘yicha statistik hisob yuritib, har yili hukumatga axborot taqdim etadi. Ifloslanish yuqori bo‘lgan hududlarda ko‘kalamzorlashtirish ishlari ustuvor tartibda amalga oshiriladi, havo normal darajaga qaytgach esa Ekologiya qo‘mitasi OAVda tahliliy hisobot e’lon qiladi.

Milliy indeks va SMS xabarnomalar

Qaror loyihasi bilan Atmosfera havosi sifati milliy indeksi va uning darajalari tasdiqlanmoqda. Unga ko‘ra, Gidrometeorologiya xizmati agentligi oltita ustuvor ifloslantiruvchi modda — PM2.5, PM10, azot dioksidi, ozon, oltingugurt dioksidi va uglerod oksidi miqdori bo‘yicha kunlik tahlil o‘tkazib, havo sifatini beshta rangdagi toifa bo‘yicha baholaydi:

Yashil daraja — xavfsiz holat (PM2.5 — 0–60, PM10 — 0–75);

Sariq daraja — qoniqarli holat (PM2.5 — 60,1–120, PM10 — 75,1–150), nafas olish a’zolari kasalliklari borlarga ochiq havoda faollikni cheklash tavsiya etiladi;

Zarg‘aldoq daraja — o‘rtacha ifloslanish (PM2.5 — 120,1–180, PM10 — 150,1–225), sezgir guruhlarga (bolalar, homilador va emizikli ayollar, keksalar, yurak-qon tomir va nafas olish tizimi kasalliklari bor shaxslar) ochiq havoda faollikni cheklash va dori vositalarini yonida olib yurish, qolganlarga himoya niqobidan foydalanish tavsiya etiladi;

Qizil daraja — yuqori ifloslanish (PM2.5 — 180,1–300, PM10 — 225,1–375), sog‘lom aholi uchun ham jiddiy xavf tug‘diradi; ta’sirchan guruhlar imkon qadar bino ichida qolishi, boshqalar esa himoya niqobi taqishi lozim;

Binafsharang daraja — qoniqarsiz va xavfli daraja (PM2.5 — 300,1 va undan yuqori, PM10 — 375,1 va undan yuqori). Bunda sog‘lom kishilar ham ochiq havoda uzoq vaqt bo‘lishdan saqlanishi, zaif qatlamlar uyda qolishi, ochiq havoda sport bilan shug‘ullanishdan butunlay voz kechilishi, imkon qadar masofaviy (onlayn) ish va o‘qish tartibiga o‘tilishi, ochiq havodagi ommaviy tadbirlar va sport musobaqalari esa bekor qilinishi yoki ko‘chirilishi lozim.

Havo sifati ko‘rsatkichlari «qizil» va «binafsharang» darajada qayd etilganda Favqulodda vaziyatlar vazirligi maxsus avtomatlashtirilgan tizim orqali aholining mobil telefonlariga ogohlantiruvchi SMS xabarnomalar yuboradi.

Teglar

Mavzuga oid