Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan neft «sizib chiqmoqda» — CNN
Bo‘g‘ozda neft tashish hajmi keskin qisqargan bo‘lsa-da, yashirin eksport yo‘llari va Xitoy talabining pasayishi global bozorni hozircha muvozanatda ushlab turibdi.

Tarixdagi eng yirik ta’minot inqirozlaridan biri yuz berayotganiga qaramay, neft bozorining hanuzgacha hayratlanarli darajada xotirjam qolayotgani — global iqtisodiyotning eng katta jumboqlaridan biridir.
Uch oylik urush tufayli Ho‘rmuz bo‘g‘ozi butunlay falaj holatga keldi. Eron bilan urush boshlanishidan oldin deyarli hech kim bunday dahshatli ssenariy yuz berishiga ishonmagan edi. «JPMorgan» ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda bo‘g‘oz orqali o‘tayotgan ko‘zga ko‘rinarli qatnovlar urushdan oldingi ko‘rsatkichning bor-yo‘g‘i 15 foizini tashkil qilmoqda, xolos.
Shunga qaramay, neft fyucherslarining narxi tahlilchilar cho‘chigan xavfli darajagacha ko‘tarilib ketmadi (har holda, hozircha shunday). Ilgari surilayotgan taxminlardan biriga ko‘ra, bo‘g‘ozdagi ikki tomonlama qamaldan kutilmaganda juda katta miqdordagi xom neft yashirincha olib chiqib ketilmoqda. Bu esa global energiya tizimiga ushbu tarixiy inqiroz zarbasini yumshatishga yordam beryapti. Ekspertlarning «CNN» telekanaliga ma’lum qilishicha, ushbu «yashirin oqimlar»ni tashuvchi tankerlar radarga tushmaslik uchun o‘z transponderlarini o‘chirib qo‘ygan holda qamalni aylanib o‘tayotgan bo‘lishi mumkin.
«JPMorgan» hisob-kitoblariga ko‘ra, may oyining so‘nggi ikki haftasida yashirin oqimlar hajmi kuniga taxminan 2,1 million barrelni tashkil qilgan. Bu urushdan oldin Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadigan kunlik 15,6 million barrel neftning uncha katta bo‘lmagan, ammo sezilarli qismidir.
«Davom etayotgan dengiz qamali va tijoriy qatnovlarning keskin pasayishiga qaramay, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali hanuzgacha hayratlanarli darajada katta hajmda xom neft va neft mahsulotlari tashilayotganga o‘xshaydi», — deb yozadi «JPMorgan»ning global xomashyo strategiyasi bo‘limi rahbari Natasha Kaneva.
«Arvoh kemalar» va yashirin qatnovlar
«Rapidan Energy Group» kompaniyasi asoschisi va prezidenti Bob Maknalli ham «CNN» bilan suhbatda bu yashirin oqimlar inqirozni kechiktirgani yoki biroz yumshatgani haqidagi fikrga qo‘shilishini aytgan.
«Biz Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi qatnovlar urushdan oldingi oqimlarning bor-yo‘g‘i 0 dan 10 foizgachasini tashkil etmoqda, deb taxmin qilyapmiz. Ammo shunday «sizib chiqishlar» hisobiga real ko‘rsatkich biroz yuqoriroq bo‘lishi ham mumkin. Bu jahon zaxiralarining keskin kamayib ketishining oldini olish uchun yetarli emas, biroq vaziyatning o‘ta xavfli tus olishini biroz bo‘lsa-da yumshatadi», — deydi Maknalli.
«Piper Sandler» investitsiya bankining global energetika bo‘yicha iqtisodchisi va strategi Yan Styuartning hisob-kitoblariga ko‘ra esa, may oyida Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan kuniga taxminan 2,9 million barrel xom neft olib chiqilgan. Ushbu raqamning qariyb 2,1 million barreli Eron tuzilmalariga boj to‘lagan holda o‘tgan kemalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Qolgan qariyb 900 ming barrel esa «arvoh» tranzitlar, ya’ni transponderlarini o‘chirib, suv yo‘lidan yashirincha o‘tib ketgan kemalar orqali tashilgan.
Xitoy importni qisqartirmoqda
5-iyun kuni xalqaro etalon hisoblangan «Brent» markali neft fyucherslarining narxi bir barrel uchun 93 dollargacha tushdi. Bu urushdan oldingi qariyb 70 dollarlik ko‘rsatkichdan ancha yuqori bo‘lsa-da, yaqinda qayd etilgan eng yuqori nuqta — 114 dollardan sezilarli darajada pastdir.
Ammo bozordagi xotirjamlikni faqatgina yashirin oqimlar bilan izohlab bo‘lmaydi. «Piper Sandler» hisob-kitoblariga ko‘ra, kuniga taxminan 4,5 million barrel xom neft Fors ko‘rfazini boshqa aylanma yo‘llar orqali tark etmoqda. Buning asosiy qismi Saudiya neft konlarini Qizil dengizdagi Yanbu porti bilan bog‘lovchi «Sharq-G‘arb» quvuri orqali o‘tmoqda.
Bundan ham muhimi shuki, Xitoy xom neft importini keskin qisqartirib, buning o‘rniga o‘zining ulkan ichki zaxiralaridan foydalanishga o‘tdi. Dunyodagi eng yirik energiya iste’molchisi sanalgan bu mamlakatda talabning pasayishi global miqyosdagi ta’minot taqchilligini yumshatishga katta yordam berdi.
«JPMorgan» vakili Natasha Kanevaning ta’kidlashicha, bozorni mo‘’tadil ushlab turgan boshqa omillar qatoriga talabning kutilganidan ham ko‘proq pasayishi va rasmiy hisobotlarda ko‘rsatilganidan ko‘ra ancha katta zaxiralarning mavjudligini kiritish mumkin.
«Umuman olganda, bu o‘zgarishlar nega 100 dollar atrofidagi narxlar bozorda o‘ta katta uzilish borligini ko‘rsatmayotganini tushuntirishga yordam beradi. Aksincha, bu shundan dalolat bermoqdaki, bozor o‘ta qimmatlashgan bo‘lsa-da, inqirozli zarbani yengib o‘tish yo‘llarini topa oldi», — deb yozadi Kaneva.
«Ahvol yanada yomonlashadi»
Ba’zi tajribali neft mutaxassislari esa bozor ushbu aylanma yo‘llar tufayli ortiqcha xotirjamlikka berilib, vaziyatning real hayotdagi oqibatlarini yetarlicha baholamayapti, deya xavotir bildirmoqda. Aslida, tijoriy neft zaxiralari urush boshlanganidan beri keskin kamayib ketdi. Amerikaning favqulodda holatlar uchun mo‘ljallangan Strategik neft zaxirasi ham tez sur’atlarda ozayib, 1980-yillarning boshlaridan buyon eng past darajaga tushib bormoqda.
«Ahvol yanada yomonlashadi», — deydi «Piper Sandler» strategi Yan Styuart.
Styuartning prognoz qilishicha, iyul va avgust oylarida «Brent» markali neftning o‘rtacha narxi bir barrel uchun 130 dollarni tashkil etadi.
Styuartning taxminicha, hukumatlarni navbatdagi favqulodda neft zaxiralarini bozorga chiqarishga majbur qilish hamda dunyo aholisini energiyani tejamkorlik bilan iste’mol qilishga undash uchun neft narxlari tezroq ko‘tarilishi kerak.
«Odamlarni bunga [tejamkorlikka] ko‘ndirishingiz kerak bo‘ladi. Narxlar ko‘kka sapchiganda esa buni amalga oshirish ancha osonroq kechadi», — deya xulosa qildi u.





