Jahon ta’limidagi inqiroz: talabalar saviyasi siz o‘ylagandan-da pastroq
Universitetlarga kelayotgan birinchi kurs talabalarining bilimi nima uchun pasayib ketdi? Pandemiya, sun’iy intellekt va ta’limdagi tizimli muammolar qanday oqibatlarga olib kelmoqda va O‘zbekiston bu inqirozdan qanday saboq olishi mumkin? Vaqt.uz’ning galdagi materialida ana shular haqida so‘z boradi.
© ShutterstockSo‘nggi haftalarda Amerikaning eng yirik va nufuzli davlat universitetlaridan biri — Kaliforniya universitetining 1800 dan ortiq matematika va aniq fanlar o‘qituvchilari ochiq xat bilan chiqdi. Ularning ta’kidlashicha, birinchi kurs talabalari universitetda o‘qishni eplash uchun zarur bo‘lgan eng oddiy ko‘nikmalarga ham ega emas. Bu nafaqat bitta universitet yoki bitta mamlakatning, balki butun dunyo ta’lim tizimining fojiasi hamdir.
Dahshatli statistikalar: ayrim talabalar o‘n yoshli bolalardan ortiq natija ko‘rsata olmayapti
Oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan talabalarning savodxonligi va matematik qobiliyatlari keskin pasayib bormoqda. «The Economist» o‘tkazgan tadqiqotlarga ko‘ra, bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan talabalarning qariyb 8 foizi atigi 10 yoshli maktab o‘quvchisidan kutiladigan o‘qish va tushunish qobiliyatiga ega, xolos.
Boshqacha aytganda, ular hatto matnni to‘liq o‘qib, mag‘zini chaqishga qiynaladi. O‘n yil oldin har 20 talabadan bittasi boshlang‘ich sinf darajasidagi savodxonlikka ega bo‘lgan bo‘lsa, bugun bu ko‘rsatkich har 7 talabadan bittasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Davlatlar kesimidagi tafovut ham katta: Estoniyada talabalarning 2 foizdan kamrog‘i eng quyi chegarada yoki undan past baho olgan bo‘lsa, Polshada bu ko‘rsatkich savodxonlik bo‘yicha beshdan bir qismni, Chilida esa matematika bo‘yicha deyarli chorak qismni tashkil qildi.
Gumanitar fanlar professorlarining aytishicha, adabiyot va tarix yo‘nalishi talabalari bironta butun kitobni oxirigacha o‘qib tugatish qobiliyatini yo‘qotgandek. Diqqatni jamlash va tahliliy fikrlash qobiliyati inqiroz yoqasida turibdi.
Inqirozning ildizlari qayerda?
Qanday qilib dunyoning eng yaxshi universitetlariga tayyorgarligi o‘ta past avlod kirib bordi? Buning bir nechta tizimli sabablari bor:
Pandemiya va maktablarning yopilishi: talabalarning hozirgi ahvoli uchun birinchi galda pandemiya aybdor. «The Economist» ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab maktablar o‘rtacha 20 hafta yopiq qolgan. Bu davr mobaynida masofaviy ta’lim ko‘plab o‘quvchilarda bilimlarning tizimli o‘zlashtirilishini ta’minlay olmadi. Eng yomoni, yoshlarda doimiy o‘qish, mashq qilish va mehnatga bo‘lgan munosabat buzildi.
Sun’iy intellektning ommalashuvi: ChatGPT kabi vositalar o‘quvchilarni mustaqil fikrlashdan mahrum qilmoqda. O‘quvchilar uy vazifalari va insholarni AI yordamida osonlikcha yozib berishga o‘rgangan. Oqibatda miya ma’lumotlarni tahlil qilish, mantiqiy bog‘liqlikni topish o‘rniga tayyor natijani ko‘chirishga moslashib qolmoqda.
Tizimdagi nazoratning susayishi: Ko‘p davlatlarda, ayniqsa, maktab ta’limida reyting ortidan quvish, stressni kamaytirish bahonasida imtihonlarni soddalashtirish, qat’iy nazoratni yo‘qotish urfga aylandi. Islohotchilar o‘quvchilarni baholash tizimini yumshatdi, buning ortidan maktabni qoniqarsiz baholarga bitirgan, ammo sun’iy ravishda yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan «shishirilgan» avlod paydo bo‘ldi.
O‘zbekiston uchun qanday xulosalar qilish mumkin?
G‘arb universitetlari professorlari va «The Economist» nashri bong urayotgan talabalar savodxonligining keskin tushib ketish holati faqatgina rivojlangan davlatlar muammosi, deb o‘ylash xato. Ushbu global ta’lim inqirozi — pandemiya oqibatlari, sun’iy intellektga tobelik va baholashdagi nazoratning susayishi — O‘zbekiston ta’lim tizimining shundoq ham nozik bo‘lgan nuqtalarini yuzaga chiqardi.
Buni O‘zbekiston ilk bor ishtirok etgan PISA–2022 xalqaro baholash tadqiqoti natijalari to‘liq tasdiqlaydi. Ushbu reytingda o‘zbekistonlik 15 yoshli o‘quvchilar matematik, tabiiy-ilmiy savodxonlik va matnni o‘qib tushunish bo‘yicha 81 davlat ichida 72–80-o‘rinlarni egalladi. Eng xavotirli tomoni shundaki, o‘quvchilarning qariyb 60–70 foizi xalqaro standartlarga ko‘ra eng minimal bo‘lgan «tayanch daraja»ga ham yetib bormagan. Ya’ni, ularning aksariyati o‘qigan matnining mag‘zini chaqishga, berilgan ma’lumotlarni tahlil qilib, oddiy hayotiy-matematik masalalarni yechishga qodir emas. Bu — «The Economist» yozgan «10 yoshli bolalar darajasida qolib ketgan talabalar» haqidagi xavotirlarning O‘zbekistondagi real isbotidir.
Vaziyatni oliy ta’limdagi so‘nggi yillardagi islohotlar, xususan, qamrovning keskin oshishi (9 foizdan qariyb 40 foizgacha) yanada murakkablashtirmoqda. So‘nggi besh-olti yil ichida O‘zbekistonda universitetlarga qabul kvotalari bir necha barobar oshirildi, biroq sifat ko‘rsatkichlari bu tezlikka moslasha olmadi. Oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun minimal o‘tish ballarining yillab 56,7 ball (maksimal 189 balldan atigi 30 foizi) darajasida ushlab turilishi xuddi G‘arbdagi kabi «imtihonlarni soddalashtirish va sun’iy yumshatishlar»ning mahalliy ko‘rinishidir. Oqibatda, fundamental va tahliliy bazasi o‘ta zaif, maktab dasturini yetarli o‘zlashtirmagan yoshlar qatlami hech qanday qiyinchiliksiz talaba maqomini olmoqda.
Bunga qo‘shimcha ravishda, sun’iy intellekt va tayyor materiallarga qaramlik O‘zbekiston oliy ta’limida ham chuqur ildiz otib ulgurdi. Talabalar o‘rtasida kurs ishlari, insho va mustaqil ishlarni turli Telegram-botlar, ChatGPT yoki plagiat orqali tayyorlash odatiy holga aylangan. Bu holat yoshlarni mustaqil izlanish, axborotni filtrlash va tanqidiy xulosa chiqarish kabi mehnat talab qiladigan jarayonlardan butunlay uzoqlashtirmoqda.
Xo‘sh, bu muammolarning ildizi qayerda va ularni qanday hal qilish mumkin? Biz bu savollar bilan ta’lim eksperti Azamat Akbarovga murojaat qildik.
«Muammo maktabdan emas, oliy ta’limdan boshlanadi»
O‘zbekiston maktablarida real baholash tizimi va o‘zlashtira olmaydigan o‘quvchilarni sinfdan-sinfga qoldirish tendensiyasi nega ishlamaydi?
«Avvalambor, muammo oliy ta’lim tizimidan boshlanadi», — deydi ekspert.
Uning aytishicha, sifatsiz oliy ta’lim oqibatida maktablarga yetarli malakaga ega bo‘lmagan bitiruvchilar ishga kirmoqda. Bu holat yillar davomida davom etib kelayotganini inobatga olsak, fojianing ko‘lami haqida tasavvurga ega bo‘lish mumkin.
Korrupsiya tufayli oliy ta’lim muassasalarida o‘qimagan yoki yetarli bilim olmagan talabalar ham turli nomaqbul yo‘llar bilan o‘qishni tugatadi va mutaxassis sifatida ishga kiradi. Bundan tashqari, o‘qituvchilik kasbi hali ham yuqori daromad keltiradigan yoki yoshlar uchun nufuzli kasb hisoblanmaydi. Shu sabab ham maktablarga eng kuchli kadrlar emas, balki o‘rtacha yoki nisbatan zaifroq kadrlar ishga kiradi.
Real baholash tizimi ishlamasligining yana bir sababi shundaki, bo‘lajak o‘qituvchilar to‘rt yil davomida asosan nazariy bilim oladi, zamonaviy baholash strategiyalari bo‘yicha amaliy tajribasi esa yetarli emas. Xususan, mezonlarga asoslangan baholash va formativ baholash tamoyillarini amalda qo‘llash ko‘nikmasi sust yoki umuman rivojlanmagan. Malaka oshirish institutlarining o‘zi ham malakasini oshirishi kerak.
Xalqaro tajribada o‘quvchi boshqa o‘quvchilar bilan emas, balki oldindan belgilangan o‘quv maqsadlari va aniq baholash mezonlari asosida baholanadi. O‘qituvchi Bloom taksonomiyasining yuqori darajadagi ko‘nikmalarini (tahlil, baholash va yaratish) rivojlantiradigan topshiriqlar tayyorlashi, aniq rubrikalar ishlab chiqishi va muntazam konstruktiv fikr-mulohaza (feedback) berishi kerak. Bunday baholash o‘quvchining haqiqiy bilim va kompetensiyalarini aniqlashga xizmat qiladi, biroq buni sifatli tashkil etish ko‘proq vaqt, mehnat va metodik tayyorgarlikni talab qiladi. Shu sababli ayrim o‘qituvchilar an’anaviy, sodda va tezkor baholash usullarini afzal ko‘radi.
O‘quvchini sinfdan-sinfga qoldirish masalasiga kelsak, bu ko‘pincha maktab rahbariyati tomonidan maktab faoliyatining salbiy ko‘rsatkichi sifatida qabul qilinadi va maktab obro‘siga putur yetkazadi, degan qarash mavjud. Sovet davrida o‘zlashtirmagan yoki sust o‘quvchilar haqiqatda sinfdan-sinfga qoldirilgan bo‘lsa, hozir ko‘pincha hisobotlarda barcha ko‘rsatkichlar ijobiy bo‘lishi kerakligi sababli o‘quvchilar sun’iy ravishda keyingi sinfga o‘tkaziladi. Sinfdan-sinfga qolishi kerak bo‘lgan o‘quvchilar uchun ko‘pincha xususiy maktablar «chiqish yo‘li» bo‘lib qolmoqda.
Bundan tashqari, ota-onalarning bosimi ham sezilarli omillardan biridir. Ko‘p hollarda sinf rahbari yoki fan o‘qituvchisi ota-onalar bilan yuzaga keladigan nizolarni hal qilish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi yoki malakasi yetmaydi. Oqibatda baholashning asosiy maqsadi — o‘quvchining haqiqiy bilim darajasini aniqlash va uni rivojlantirish — ikkinchi darajaga tushib qoladi.
Shu bois real baholash tizimi samarali ishlashi uchun faqat baholash mezonlarini o‘zgartirish yetarli emas. Oliy ta’lim sifatini oshirish, korrupsiyani bartaraf etish, o‘qituvchilarning kasbiy tayyorgarligini kuchaytirish, zamonaviy baholash metodlari bo‘yicha muntazam malaka oshirishni yo‘lga qo‘yish hamda maktablarni faqat yuqori o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari emas, balki o‘quvchilarning real ta’lim natijalari asosida baholash zarur.
«ChatGPT’ni taqiqlash emas, jarayonni baholash kerak»
«ChatGPT yoki boshqa sun’iy intellekt vositalaridan foydalanishni to‘liq taqiqlash deyarli imkonsiz», — deb tushuntiradi ekspert.
Shuning uchun muammo taqiqlashda emas, balki baholash tizimini o‘zgartirishda. Agar baholash faqat yakuniy matn yoki kurs ishiga asoslangan bo‘lsa, albatta sun’iy intellekt undan foydalanishni osonlashtiradi. Ammo baholash jarayonga, tanqidiy fikrlashga va mustaqil tahlilga yo‘naltirilsa, ChatGPT faqat yordamchi vosita bo‘lib qoladi.
Bundan ham muhim muammo shundaki, ta’lim tizimida texnologiyaning dars jarayonidagi o‘rni va ulushi bo‘yicha aniq strategiya hali shakllanmagan. Bugungi kunda ko‘plab o‘qituvchilarning o‘zi raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt vositalaridan samarali foydalanish ko‘nikmalariga ega emas. Buning ortidan texnologiyani yaxshi o‘zlashtirgan o‘quvchi bilan an’anaviy usullarda dars berayotgan o‘qituvchilar o‘rtasida sezilarli tafovut yuzaga kelmoqda. Shunday ekan, sun’iy intellektni taqiqlash emas, balki o‘qituvchilarni yangi texnologiyalar bilan ishlashga tayyorlash va ularni ta’lim jarayoniga maqsadli integratsiya qilish muhimroq vazifa hisoblanadi.
Buning uchun baholash mezonlari criterion-referenced assessment (mezonlarga asoslangan baholash) tamoyillari asosida qayta ishlab chiqilishi kerak. Baholashning asosiy qismi yakuniy natijaga emas, balki butun jarayonga qaratilishi maqsadga muvofiq. Masalan, talabaning mavzu tanlashi, adabiyotlar tahlili, dastlabki reja, bir necha qoralama variantlari, o‘qituvchi bergan fikr-mulohazalar (feedback) asosida kiritilgan o‘zgarishlar va yakuniy himoyasi alohida baholanishi mumkin.
Shuningdek, formativ baholash ulushi oshirilishi lozim. Talabalar semestr davomida kichik yozma topshiriqlar, sinfdagi muhokamalar, og‘zaki savol-javoblar, keys tahlillari va loyiha ishlari orqali muntazam baholanib borilishi kerak. Bunday yondashuv sun’iy intellektdan noto‘g‘ri foydalanish xavfini kamaytiradi.
Insho va kurs ishlarining o‘zi ham o‘zgarishi kerak. Faqat ma’lumotni yig‘ish yoki nazariyani bayon qilish o‘rniga, mahalliy muammolarni tahlil qilish, shaxsiy kuzatuvlar, amaliy tadqiqotlar, intervyular yoki real tashkilotlar misolida yechim taklif qilish kabi vazifalar berilishi maqsadga muvofiq. Bunday topshiriqlarni sun’iy intellekt to‘liq bajarib bera olmaydi, chunki ular talabaning o‘z tajribasi va tahliliga tayanadi.
Bundan tashqari, talabalardan sun’iy intellektdan qanday foydalanganini ochiq ko‘rsatish talab qilinishi mumkin. Masalan, qaysi qismlarda ChatGPT’dan foydalangani, qanday promptlar bergani va olingan javobni qanday tahrir qilgani qisqacha ilova qilinsa, akademik halollik kuchayadi. Bunda baholanadigan narsa ChatGPT’dan foydalanishning o‘zi emas, balki uning natijalarini tanqidiy baholash, tekshirish va mustaqil ravishda takomillashtirish qobiliyati bo‘ladi.
Asosiy maqsad ChatGPT’ni taqiqlash emas, balki uni kalkulator yoki qidiruv tizimi kabi mas’uliyat bilan foydalaniladigan ta’lim vositasiga aylantirishdir. Chunki mehnat bozorida bitiruvchilardan sun’iy intellektdan foydalanmaslik emas, balki undan samarali, tanqidiy va etik tarzda foydalanish kutiladi. Shuning uchun baholash tizimi ham aynan shu kompetensiyalarni o‘lchashi kerak.
Xulosa
Jahon miqyosida yuz berayotgan ta’lim sifatidagi inqiroz O‘zbekiston uchun shunchaki xavotirli tendensiya emas, balki iqtisodiyot va kelajak taraqqiyoti uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdiddir. Ekspert fikrlari ham shuni tasdiqlaydi: muammoning ildizi nafaqat maktab, balki butun ta’lim zanjiri — oliy ta’lim sifati, o‘qituvchilar tayyorgarligi va baholash madaniyatida yotibdi.
Endi O‘zbekiston oldida oliy ta’limda miqdoriy ko‘rsatkichlardan (qamrovni oshirishdan) voz kechib, diqqatni sifatga qaratish, maktablarda tahliliy fikrlashni o‘rgatuvchi zamonaviy metodikalarni joriy etish, baholash tizimini jarayonga yo‘naltirgan holda qayta qurish hamda universitetlarda akademik halollikni (plagiatga qarshi kurashni) qat’iy nazoratga olish kabi kechiktirib bo‘lmaydigan radikal vazifalar turibdi. Aks holda, oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomga ega, biroq eng oddiy mantiqiy va professional ko‘nikmalardan mosuvo bo‘lgan «shishirilgan» avlod mehnat bozorida jiddiy inqirozni keltirib chiqarishi muqarrar.
Teglar






