Karimovaning pullari va sotuvga chiqqan zavod
Gulnora Karimova ishi bo‘yicha yangi kelishuv, pullar qaytariladimi? Birinchi prezidentning ukasiga aloqador yana bir sobiq zavod savdoga qo‘yildi. Serbiya pasportini olish uchun Qodirov familiyasini o‘zgartirdi. Lukashenko Ukrainadagi urush, Putin bilan munosabatlari va o‘zidan keyingi prezident haqida gapirdi.
Karimova aktivlari qaytariladi
O‘zbekistonning birinchi prezidenti marhum Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova ishi bo‘yicha Shveysariyada musodara qilingan yana 252,5 million dollar mamlakatga qaytariladi. Xo‘sh, bu pullar nimaga sarflanadi?
24-noyabr kuni O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasida noqonuniy o‘zlashtirilgan aktivlarning navbatdagi qismini O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha bitim tuzildi. Unda 252,5 million dollar miqdoridagi mablag‘larni O‘zbekistonga qaytarish ko‘zda tutilgan. Mablag‘lar «Ishonch» jamg‘armasi orqali mamlakat aholisining ijtimoiy farovonligini oshirish va inson kapitalini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekiston, Shveysariya va BMT hamkorligida tashkil etilgan «Ishonch» jamg‘armasi Shveysariyada musodara qilingan aktivlarni O‘zbekiston xalqi manfaatlari yo‘lida qaytarish va ulardan samarali foydalanishni ta’minlashga qaratilgan.
Jamg‘arma mablag‘lari O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Jahon banki ishtirokidagi dasturlar orqali yo‘naltiriladi. Bunda loyihalarni tanlash, amalga oshirish va natijalarini monitoring qilish jarayonlarida shaffoflik, hisobdorlik hamda jamoatchilik ishtirokiga alohida e’tibor qaratilishi aytiladi.
Jamg‘armaning resurslarni taqsimlash bo‘yicha birinchi bosqichi doirasida sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalariga 87 million dollar yo‘naltirilgan. Mazkur mablag‘lar hisobidan onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, perinatal yordamni takomillashtirish, ta’lim sifatini oshirish, o‘qituvchilarning raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda tegishli tizimlarning salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha ishlar amalga oshirilgan.
Qaytariladigan 252,5 million dollar asosan sog‘liqni saqlash va ta’lim sohasiga ishlatiladi. Ushbu yo‘nalishlar doirasida, ayniqsa, qishloq hududlarida va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari cheklangan aholi qatlamlari uchun sharoitlarni yaxshilashga alohida ahamiyat beriladi.
O‘zbekistonda Karimovaga nisbatan 2013-yilda o‘zlashtirish va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash bo‘yicha ikkita jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 2015-yilda birinchi ish bo‘yicha unga besh yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi berilgan, 2017-yilda esa ikkinchi ish bo‘yicha 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Bundan tashqari, 2020-yil martda Toshkent shahar sudi Gulnora Karimovani til biriktirish, tovlamachilik, o‘zlashtirish, talon-toroj qilish, pul yuvish va boshqa jinoyatlarda ayblab, 13 yil-u 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilgan. Birinchi prezidentning qizi dastlab Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 21-sonli koloniyada jazo o‘tagan. 2025-yilning yanvar oyida uning aynan shu viloyatdagi manzil-koloniyaga o‘tkazilgani ma’lum bo‘ldi.
Nazarboyevning ukasiga tegishli zavod sotuvga qo‘yildi
Qozog‘istonning Olmaota viloyatidagi Panfilov qishlog‘ida marhum Bolat Nazarboyevga aloqador bo‘lgan sobiq spirtli ichimliklar zavodi sotuvga qo‘yildi. Zavod oldin bepul davlat tasarrufiga o‘tkazilgandi, endi esa auksion orqali sotilishi rejalashtirilyapti. U joylashgan yer davlatga qaytarilgan aktiv sifatida o‘tkazilgan. Zavod va unga tegishli yordamchi binolardan tashqari, xaridorga xususiy mulk huquqi asosidagi uchta yer uchastkasi ham taklif qilinmoqda.
Bolat Nazarboyev Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning ukasi, yirik tadbirkor va metsenat bo‘lgan. U mamlakatdagi eng boy va ta’sir doirasi keng shaxslardan biri sifatida tanilgan. Akasi hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng uning biznes imkoniyatlari keskin kengayib, u «BN Invest» xoldingi va «Inkar Agro» kabi yirik tuzilmalarga rahbarlik qilgan. Uning nazoratida Olmaota atrofidagi eng yirik «Oltin O‘rda» va «Baris» savdo bozorlari, Xitoy bilan chegara savdosi, «Kazaxmis» korporatsiyasi, bank sektoridagi yirik ulushlar hamda yuz minglab gektar yer maydonlari jamlangan edi.
Tadbirkorlik bilan bir qatorda u xayriya ishlari bilan ham shug‘ullanib, 2016-yilda «Saliqali urpaq» jamoat fondini tashkil etgan va ushbu fond orqali kam ta’minlangan oilalarga uy-joy qurish, yetim bolalar hamda faxriylarga yordam ko‘rsatish loyihalarini moliyalashtirgan, buning uchun «Parasat» ordeni bilan ham taqdirlangan. Biroq 2022-yilning yanvar oyida Qozog‘istonda yuz bergan norozilik namoyishlari va siyosiy o‘zgarishlardan so‘ng Nazarboyevlar oilasining mamlakatdagi ta’siri pasayib, Bolat Nazarboyev barcha imtiyozlar va daxlsizlik huquqidan mahrum qilingan.
Shundan keyin unga nisbatan zavodlarni noqonuniy egallab olish va qariyb 300 ming gektar yer maydonlarini o‘zlashtirish ayblovlari bilan sud ishlari boshlanib, 2023 yilda sud qarorlari asosida unga tegishli bo‘lgan ko‘plab yirik aktivlar va yerlar davlat hisobiga qaytarilgan.
Qodirov familiyasini o‘zgartirdi
Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning 18 yoshli o‘g‘li Ali Qodirov familiyasini o‘zgartirib, Serbiya fuqaroligini oldi. Qizig‘i, u bu mamlakat pasportni Ali Musayev degan boshqa ism-familiya bilan qo‘lga kiritgan. Endi Qodirovning o‘g‘li Serbiya pasporti orqali Yevropa Ittifoqi davlatlariga vizasiz borishi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Serbiya fuqaroligi Qodirov oilasining boshqa yaqinlariga ham berilgan. Ali Qodirov Serbiya pasportni 2025-yilning iyul oyida, 18 yoshida olgan. Hujjat unga «alohida xizmatlari uchun» Ali Musayev nomi bilan berilgan. Ma’lum bo‘lishicha, bu ism unga begona emas. Qodirovning aynan Ali Musayev nomiga rasmiylashtirilgan Rossiya pasporti ham bor. U bir necha yildan beri xorijga xususiy samolyotlarda shu pasport orqali uchgan.
Ali Qodirov 2025-yilning yanvar oyida rasman familiyasini Musayevga o‘zgartirgan. Oradan besh oy o‘tib esa Serbiya fuqaroligini olgan. Biroq Serbiya pasportini olgan Qodirovning yagona o‘zi emas. Ma’lumotlarga ko‘ra, Serbiya hukumati «Rossiya vertolyotlari» xoldingi rahbari Nikolay Kolesov va uning qarindoshlariga, MMA jangchisi va Vladimir Putinning ishonchli vakili Fyodor Yemelyanenkoga, shuningdek, «Yagona Rossiya» partiyasi a’zosi Muslim Amiraslanovga ham fuqarolik bergan. Shundan so‘ng Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasi Serbiya hukumatiga murojaat qilib, Ali Qodirovni mamlakat fuqaroligidan mahrum etishni talab qilgan.
Rossiya Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlaganidan keyin Serbiya rossiyaliklar uchun ko‘chib boradigan yo‘nalishlardan biriga aylangan. Buning sabablaridan biri Serbiya pasporti orqali Rossiya va Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga vizasiz borish mumkin.
Qizig‘i, 2026-yilning boshida Ramzan Qodirovning jiyani Yoqub Zakriyev ham Serbiya fuqaroligini olgani ma’lum bo‘lgan. U Chechenistonning sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri va milliylashtirilgan «Danon Rossiya» kompaniyasining bosh direktori hisoblanadi. Ammo bu holat OAV e’tiborini tortganidan atigi uch kun o‘tib, Serbiya hukumati Zakriyevga fuqarolik berish haqidagi qarorini bekor qilgan.
Pashinyanning yangi konstitutsiya loyihasi
Pashinyan Armanistonning yangi konstitutsiyasi loyihasini taqdim etdi: unda Qorabog‘ga bo‘lgan da’volardan voz kechish nazarda tutilgan. Muxolifat buni Ozarboyjon talablarining bajarilishi deya baholamoqda. Hukmron partiya esa yangi konstitutsiyani uzoq muddatli tinchlikka erishish kafolati deb hisoblayapti. Biroq hozirgi parlamentda hujjatni referendumga chiqarish uchun yetarli ovoz yo‘q. Mutaxassislar fikricha, bunday vaziyatda muddatidan oldin parlament saylovlari o‘tkazilishi mumkin.
Pashinyan o‘z nutqida «tinchlik» so‘zini 18-marta ishlatdi. Uning ta’kidlashicha, mamlakatning asosiy qonunini yangilash vaqti keldi. Bu orqali Armaniston davlatchiligini yangi bosqichga olib chiqish mumkin. Bosh vazirning fikricha, yangi konstitutsiya Armanistonni haqiqiy demokratik va mustaqil davlatga aylantirishga xizmat qiladi. Buning uchun mamlakat o‘tmishdagi millatchilik g‘oyalari hokimiyatni o‘z qo‘lida saqlab qolish va mamlakat boyliklarini talon-toroj qilishni oqlash uchun ishlatilgan davrdan uzoqlashishi kerak.
Pashinyan 2018-yilda xalq ko‘chalarga chiqib, «Baxmal inqilobi»ni amalga oshirgani va avvalgi hokimiyatni rad etganini eslatdi. Uning fikricha, endi xalq hokimiyati tamoyilini qonun bilan mustahkamlash vaqti kelgan.
Biroq yangi Konstitutsiya loyihasida yana bir muhim masala bor. Unda Armanistonning Ozarboyjon hududida joylashgan, tarixan asosan armanlar yashagan Tog‘li Qorabog‘ga nisbatan hududiy da’volaridan voz kechishi huquqiy jihatdan belgilab qo‘yilmoqda.
Amalda Armaniston bu hudud ustidan nazoratni 2020–2023-yillarda yo‘qotgan. Bu davrda Ozarboyjon urushda g‘alaba qozonib, o‘z hududlari ustidan nazoratni to‘liq tikladi. Shundan so‘ng Qorabog‘da yashagan armanlarning deyarli barchasi Armanistonga ko‘chib ketdi.
Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev esa Armaniston qo‘shni davlat hududiga nisbatan da’volari yo‘qligini nafaqat amalda, balki qonun bilan ham rasman tasdiqlashi kerakligini talab qilib kelmoqda. Aliyev bu borada Armanistonning amaldagi konstitutsiyasining muqaddimasiga e’tibor qaratmoqda. Unda 1990-yilda qabul qilingan Mustaqillik deklaratsiyasiga havola bor. Mazkur deklaratsiyada Armaniston va Tog‘li Qorabog‘ni birlashtirish g‘oyasi aks etgan.
Ozarboyjon tomonining pozitsiyasiga ko‘ra, Armaniston konstitutsiyasida Qorabog‘ga oid bunday havola saqlanib qolar ekan, ikki davlat o‘rtasida tinchlik shartnomasini imzolash mumkin emas.
Pashinyan hukumati taqdim etgan yangi konstitutsiya loyihasi aynan shu muammoni hal qilishga qaratilgan. Hujjat muqaddimasida Armanistonning Qorabog‘ga yoki boshqa hududlarga nisbatan kelgusida hududiy da’volar bildirishi istisno qilingan. Uning o‘rniga mamlakat chegaralari xalqaro miqyosda tan olingan hudud bilan cheklanishi belgilab qo‘yilgan.
Rasmiy Boku Pashinyan taqdim etgan yangi konstitutsiya loyihasi ularni qanoatlantirishini allaqachon aytib bo‘lgan. Pashinyan esa bu jarayon muvaffaqiyatli yakunlanishi uchun o‘zining barcha siyosiy imkoniyatlari va shaxsiy obro‘sini ishga solishini aytdi. Avvalroq bosh vazir tinchlikning uzoq muddatli va ortga qaytmas bo‘lishiga kafolat berish uchun o‘zining butun siyosiy salohiyatini ishga solishga tayyorligini bildirgandi. Shuningdek, u tinchlik shartnomasi imzolanib, parlament tomonidan ratifikatsiya qilinganidan keyin o‘z missiyasini bajarilgan deb hisoblashini aytgan.
Lukashenko Putin bilan munosabatlari haqida gapirdi
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Fransiyaning «Le Point» jurnaliga intervyu berdi. Suhbatda u Ukrainadagi urushni to‘xtatish imkoniyatlari, Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi munosabatlar, Donald Trampning siyosati, Vladimir Putin bilan aloqalari hamda o‘zidan keyin kim prezident bo‘lishi mumkinligi haqida fikr bildirdi. Lukashenkoning aytishicha, Rossiya ham, Ukraina ham urush davomida xatolarga yo‘l qo‘ygan. Endi esa ikki tomon ham jangovar harakatlarni to‘xtatishi kerak.
Uning ta’kidlashicha, urushdan nafaqat Rossiya va Ukraina, balki Belarus hamda Yevropaning boshqa mamlakatlari ham charchagan. Shu bilan birga, u frontdagi vaziyat o‘zgarishi va NATO davlatlari ham bevosita urushga aralashib qolishi mumkinligini istisno qilmadi.
Lukashenko Moskva pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlab, vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish emas, balki uzoq muddatli tinchlik kelishuvini tuzish kerakligini aytdi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, avvalroq Rossiya, Ukraina va AQSH front chizig‘i bo‘ylab demilitarizatsiya qilingan hudud tashkil etish va jangovar harakatlarni to‘xtatish taklifiga rozi bo‘lgan. Biroq Belarus yetakchisining aytishicha, Putinning qarorgohiga dronlar bilan hujum qilinganidan keyin bu rejani amalga oshirish imkoni bo‘lmagan.
«Putin bu yerda ukrainaliklarga, demakki, G‘arbga ishonib bo‘lmasligini tushundi. Buni aniq bilaman. Menimcha, Zelenskiy Yevropa davlatlari rozilik bermaganida Putinning qarorgohiga hujum qilishga jur’at etmagan bo‘lardi», — dedi Lukashenko.
Uning fikricha, agar ushbu hodisa sodir bo‘lmaganida, urush allaqachon to‘xtatilishi va tomonlar chegaralar masalasini muhokama qilishga o‘tishi mumkin edi. Lukashenko Ukraina prezidenti Zelenskiyga Putin bilan muzokara o‘tkazish uchun birgalikda Moskvaga borishni taklif qildi. U Ukraina rahbarining xavfsizligini kafolatlashga tayyorligini bildirdi.
«Men Zelenskiy bilan birga o‘tirib, Moskvaga uchib borishim mumkin. Ikkovimiz. Men uning xavfsizligiga kafil bo‘lib», — dedi Lukashenko.
Uning fikricha, bunday uchrashuv orqali urushni to‘xtatish va mintaqaning kelajagi bo‘yicha kelishuvga erishish Yevropa davlatlari ishtirokidagi muzokaralarga qaraganda tezroq amalga oshishi mumkin. Belarus rahbari Zelenskiyga munosabati haqida ham gapirdi.
U Ukrainadagi voqealar uchun faqat Zelenskiyni aybdor deb hisoblamasligini aytdi. Biroq Ukraina prezidentida siyosiy tajriba va mustaqil qaror qabul qilish qobiliyati yetarli emasligini ta’kidladi.
Lukashenko AQSH prezidenti Donald Tramp uchinchi jahon urushining oldini olganiga ishonishini bildirdi. Uning fikricha, agar AQSHda Jo Bayden ma’muriyatining siyosati davom etganida, NATO davlatlari allaqachon urushga aralashib qolgan bo‘lishi mumkin edi. Belarus prezidentining aytishicha, AQSHning keyingi harakatlari muzokaralarning kechikishida qaysi tomonni aybdor deb hisoblashiga bog‘liq bo‘ladi.
«Agar amerikaliklar muzokaralar jarayonini Rossiya to‘xtatayotganini ko‘rsa, Bayden davrida bo‘lgani kabi Ukrainaga yana qurol-yarog‘ va pul beradi, NATO kuchlarini ham faollashtiradi. Agar Amerika Zelenskiy Yevropani kezib, muzokaralarga to‘sqinlik qilayotganini ko‘rsa, unda Ukrainaga na qurol, na pul beradi», — dedi u.
Lukashenkoning ta’kidlashicha, AQSH dastlab Ukrainadagi mojaroni hal qilish qanchalik murakkab ekanini to‘g‘ri baholamagan va muammoni tezda hal qilish mumkin deb o‘ylagan. Intervyu davomida Lukashenko Putin bilan bir-biriga ta’sir o‘tkazishini tan oldi. Biroq Rossiya prezidentining unga ta’siri ko‘proq ekanini ham yashirmadi.
«Biz u bilan siyosat bilan shug‘ullanamiz. Bir-birimizga ta’sir qilamizmi? Ha. Men unga ma’lum darajada, lekin kamroq ta’sir qilaman. U esa menga ko‘proq ta’sir qiladi. Men unga ko‘proq bog‘liqman. Ha, bir-birimizga ta’sir o‘tkazamiz», — dedi Belarus prezidenti.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Putin bilan yaqin munosabatlari tufayli Rossiya rahbariga istalgan vaqtda qo‘ng‘iroq qilishi yoki shaxsan uchrashishi mumkin.
«Men unga siz ham, uning qo‘l ostida ishlaydiganlar ham ayta olmaydigan gaplarni aytishim mumkin. Bu muhim», — deya qo‘shimcha qildi Lukashenko.
O‘zini diktator deb hisoblaydimi?
Lukashenko o‘z siyosiy faoliyatida avtoritar boshqaruv elementlari borligini tan oldi. Biroq uni diktator deb atashlariga qo‘shilmasligini bildirdi.
«Siyosatimda avtoritarizm belgilari borligi — bu haqiqat. Bizda hokimiyat tizimi shunday. Sizlarda, Fransiyada ham hokimiyat tizimi qattiq. Bizda esa konstitutsiya bo‘yicha yanada qattiqroq», — dedi u.
Belarus rahbari davlat rahbariga keng vakolatlar berilishi mamlakat mustaqillikka erishganidan keyin siyosiy tizimni shakllantirish zarurati bilan bog‘liqligini aytdi. U Yevropa davlatlarining 2020-yildagi prezidentlik saylovlari haqidagi baholariga ham munosabat bildirdi. Lukashenko saylovlar adolatsiz o‘tkazilgani haqidagi ayblovlarni rad etdi.
«Avval umuman halol o‘tmagan deyishardi. Endi esa “unchalik ham halol emas” deyishyapti. Bunga ham xursandman», — dedi u.
Intervyuda Belarus rahbari o‘zidan keyin prezidentlik lavozimini egallashi mumkin bo‘lgan nomzod haqida ham gapirdi. Lukashenko o‘g‘illaridan birortasini prezidentlikka tayyorlamayotganini aytdi. Jumladan, kichik o‘g‘li Nikolayning kelajakda davlat rahbari bo‘lishi mumkinligi haqidagi savolga javob berdi.
«Xudo saqlasin. Hozir armiyada xizmat qilayotgan kichik o‘g‘lim 22 yoshda. Qanday qilib u prezident bo‘lsin? Konstitutsiya bo‘yicha u prezident bo‘la olmaydi», — dedi Lukashenko.
U prezidentlik lavozimidan ketganida kelajakdagi rahbar nomzodi bo‘yicha shaxsiy xohishlari bo‘lishi mumkinligini aytdi. Ammo Lukashenko yangi prezidentni xalq saylashi kerakligini urg‘ulab, hozircha prezidentlik lavozimini tark etishni rejalashtirmayotganini bildirdi.
«Men ertaga prezidentlik lavozimidan ketmoqchi emasman. Yo‘q, ertaga ketish niyatim yo‘q. Yana ham Xudo bilguvchi», — deya suhbatga yakun yasadi Belarus rahbari.
«Quloq solmayapti»
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning aytishicha, Kiyev Trampning Rossiya neftini qayta ishlash zavodlariga hujumlarni to‘xtatish haqidagi chaqiriqqa quloq solmayapti. Hujumlar hech narsa bo‘lmagandek davom etmoqda.
«Biz Kiyev rejimi neftini qayta ishlash korxonalarimizga hujumlarni to‘xtatmayotganini ko‘rib turibmiz. Qizig‘i shundaki, AQSH prezidenti hujumlarni amalga oshirmaslik, ulardan tiyilish haqida ochiq murojaat qilgan va bevosita iltimos qilgan bo‘lsa-da, Ukraina rahbariyati uning maslahatiga quloq solmayapti. Shu munosabat bilan ta’kidlamoqchimanki, Rossiya tomonidan javob zarbalari berilishi muqarrar. Buni hamma bilishi kerak», — dedi Putin.
Putin, shuningdek, Ukraina iyun oyi boshida boshlagan va rasmiy bayonotlarga ko‘ra, 40 kunga mo‘ljallangan hujumlar Rossiyaga jiddiy zarar yetkaza olmasligini bildirdi.
«Shunga qaramay, bugun neftni qayta ishlash zavodlari xavfsizligini oshirish va ularda ishlaydigan xodimlarni himoya qilish uchun yana qanday choralar ko‘rish kerakligini muhokama qilishni taklif qilaman», — dedi Putin.