Kasallik tarqatuvchi jonivor ovi: 50 yillik Ebola jumbog‘i hali ham yechilmadi
Olimlar bir necha o‘n yildan buyon Ebola virusining tarqalishiga qaysi jonivor sababchi ekanini aniqlash ustida bosh qotirmoqda, ammo hanuzgacha aniq javob yo‘q.
© The New York TimesEbola ilk bor zoonoz (hayvonlardan odamga yuqadigan) kasallik sifatida qayd etilgan 1976 yildan buyon olimlar virusning kelib chiqish manbasini topish maqsadida minglab turli jonivorlarni, xususan, ko‘rshapalak, kalamush, ilon va hatto hasharotlarni ham o‘rganishdi. Biroq har gal izlanishlar boshi berk ko‘chaga kirib qolaverdi.
Kongo Demokratik Respublikasi va Uganda sog‘liqni saqlash idoralari navbatdagi epidemiyani jilovlashga urinayotgan bir paytda, virusologlar yana o‘sha jumboqli manba — virusni o‘zida tashib, so‘ngra uni odamlar va boshqa jonivorlarga yuqtiruvchi hayvon haqidagi savol ustida bosh qotirmoqda.
Texas universitetining Tibbiyot bo‘limi qoshidagi Biologik mudofaa va yangi yuqumli kasalliklar markazi direktori o‘rinbosari, professor Aleksandr Bukreyevning ta’kidlashicha, bu muammoni tushunishning eng yaxshi yo‘li — shunga o‘xshash boshqa bir virusning manbasi qanday aniqlanganiga e’tibor qaratishdir.
Marburg virusi ham xuddi Ebola kabi filoviruslar oilasiga mansub. Ushbu halokatli patogen 2007–2008 yillarda Ugandadagi Kitaka oltin konida yashovchi Misr mevaxo‘r ko‘rshapalaklarida aniqlangan edi.
O‘shandan buyon Marburg virusining o‘tkinchi tabiati, ya’ni u ko‘rshapalaklar organizmida uzoq vaqt saqlanib qolmasligi isbotlandi. O‘shanda tadqiqotchilarning omadi chopgan edi: ular kasallik tarqalib ketganidan ko‘p o‘tmay ko‘rshapalaklardan namunalar olishga ulgurib, Marburg manbasini aniqlay olishdi.
«Infeksiya tez o‘tib ketadi. Ya’ni, Misr mevaxo‘r ko‘rshapalagi virusni yuqtirib oladi, ma’lum vaqt o‘z tanasida saqlaydi va keyin undan butunlay xalos bo‘ladi. Kasallik ko‘rshapalaklar to‘dasi ichida tarqaladi, ammo hech qaysi jonivorning organizmida uzoq vaqt saqlanib qolmaydi», — deydi Bukreyev «TRT» nashriga bergan intervyusida.
Xuddi Marburg singari, Ebola ham tabiatning eng qorong‘i burchaklarida mana shunday yashirinib kelmoqda.
Izsiz yo‘qolish
Barcha yuqumli kasalliklarning qariyb 60 foizi yovvoyi hayvonlardan kelib chiqadi. Biroq bu zoonoz kasalliklar, xususan, ularning tarqalishiga aynan qanday ekologik va atrof-muhit omillari turtki bo‘lishi haqida haligacha ko‘p narsa noma’lum bo‘lib qolmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Kongo Demokratik Respublikasi va unga qo‘shni bo‘lgan Ugandada Ebola virusining «Bundibugio» shtammi tarqalishi oqibatida 63 kishi halok bo‘lgan.
Kasallik manbasini aniqlash epidemiologlar uchun o‘ta muhimdir. Chunki bu o‘sha jonivorning qayerda yashashini hamda kasallikni tarqatishi mumkin bo‘lgan boshqa hayvonlar yoki odamlar bilan qanday muloqotga kirishishini bilishga yordam beradi.
«Agar mevali ko‘rshapalaklarning to‘rt turi eng muhim yovvoyi rezervuarlar ekanligini aniq bilganimda, ularning yashash joylari, hayot tarzi va kundalik odatlarini inobatga olgan holda o‘ta aniq xaritalar tuza olardim», — deydi Oklaxoma shtati universitetining biologiya fakulteti dotsenti Patrik R. Stivens.
«Shuningdek, agar ushbu turlardan birortasi o‘z yashash hududini kengaytirsa, virus tarqalishi mumkin bo‘lgan yangi joylarni ham bashorat qilgan bo‘lardim. Bu esa Ebola virusining kutilmagan xurujlarini oldindan ko‘ra bilish uchun aynan qaysi yovvoyi sut emizuvchilarni kuzatishimiz kerakligini aniqlashda ham qo‘l keladi», — deydi u.
1963 yilda Boliviyaning qishloq hududlarida gemorragik isitmani keltirib chiqaruvchi Machupo virusi epidemiyasi avj olgan edi. O‘shanda ekologlar mahalliy sichqon turlaridan biri virusning tabiiy manbasi ekanini aniqlashgan.
«Virus tashuvchi jonivorlarni tutib yo‘q qilish virusga uzil-kesil barham berdi», — deb yozadi Devid Kuammen zoonoz kasalliklarga bag‘ishlangan «Spillover» nomli mashhur kitobida.
Virusni izlash harakatlari hamon natija bermayapti
So‘nggi ellik yil ichida Kongo Demokratik Respublikasi, Gabon, Liberiya, Serra-Leone, Sudan, Uganda va boshqa mamlakatlarda avj olgan ko‘plab epidemiyalar minglab insonlarning hayotiga zomin bo‘ldi.
Biroq Ebola virusining odamlarga yuqishiga sababchi bo‘lgan tabiiy manbani (jonivorlarni) qidirish bo‘yicha haligacha yetarlicha ish qilinmadi.
O‘tmishdagi Ebola epidemiyalari qaysi hududlarda sodir bo‘lgani va kasallanish holatlarini kuzatish orqali olimlar virusning asl manbasi yovvoyi tabiatda yashiringaniga amin bo‘lishdi. Shuningdek, ular bu qaysidir sut emizuvchi jonivor ekaniga ishonishadi.
Stivensning ta’kidlashicha, Afrikadagi 900 ga yaqin ma’lum sut emizuvchi turning faqat 350 tasidangina namuna olingan. Ularning yanada kamroq qismi laboratoriya sharoitida tirik virus bilan zararlantirib ko‘rilgan. Vaholanki, aynan shunday tajribalargina tadqiqotchilarga virus hayvon tanasining qaysi qismida yashirinishini va kasallik yuqqanidan qancha vaqt o‘tgach uni aniqlash mumkinligini ko‘rsatib beradi.
«Buning ustiga, virus o‘zi yuqadigan turlar orasida ham juda kam uchraydi. Masalan, biz uni qayd etgan aksariyat turlarda qancha namuna olinganidan (ba’zan bu raqam yuzlab bo‘lishi mumkin) qat’i nazar, faqat ikki yoki uchta jonivorning testi ijobiy chiqqan», —deydi Stivens.
Avvalgi epidemiyalarning aksariyati — masalan, Serra-Leone, Liberiya va Gvineyada 11 mingdan ortiq insonning o‘limiga sabab bo‘lgan 2014 yilgi halokatli virus tarqalishi ham aynan yovvoyi hayvonlarga borib taqaladi.
2014 yilgi epidemiyada virusologlar birinchi bo‘lib kasallangan bemor — Gvineyada ko‘rshapalaklar bilan muloqotda bo‘lgan ikki yoshli bolakay ekanini aniqlashdi. Boshqa epidemiyalar esa o‘lik shimpanzelar va boshqa primatlar go‘shtini iste’mol qilish bilan bog‘liq edi.
Ebola virusini qidirish jarayoni yovvoyi hayvonlarning juda kichik bir qismi bilan cheklanganini hisobga olganda ham, shu paytgacha Kongo Demokratik Respublikasi changalzorlari va boshqa joylardan ehtiyotkorlik bilan yig‘ilib, Amerikaning Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC) kabi nufuzli muassasalarning yuqori texnologiyali laboratoriyalariga jo‘natilgan yuzlab namunalarda tirik virusning hech qanday izi topilmagani aql bovar qilmas holatdir.
«Balki bu holat epidemiya tugaganidan so‘ng virus qoldiqlari hayvonning biron-bir to‘qimasida chuqur yashirinib qolishi bilan bog‘liqdir», — deya taxmin qiladi Stivens.
Hayvonlarning immun tizimi ham, xuddi odamlarniki kabi, patogenlarga qarshi kurashadi va ularni tanadan chiqarib tashlaydi. Ammo infeksiyaning juda kichik bir qismi baribir tanada qolib, to‘qimalarda yashirinishi va virusologlar nazaridan chetda qolishi mumkin.
Ta’kidlanishicha, hayvonlar oziq-ovqat tanqisligi kabi biron-bir kuchli stressni boshdan kechirganida, bu holat virusning qayta yuzaga chiqishiga (uyg‘onishiga) turtki bo‘ladi.
Hatto olimlar o‘z qidiruvlarini faqatgina ko‘rshapalaklar bilan cheklagan taqdirda ham, ularning turli xil turlaridan minglab namunalar to‘plash juda murakkab va katta mablag‘ talab qiladigan jarayon hisoblanadi.





