Logo

Kliring tizimi nima va u qanday ishlaydi?

Bugun 18:052 daqiqa

Markaziy bank tasdiqlagan markazlashgan kliring va markaziy kontragent tizimi bitimlar xavfsizligini oshirishi kutilmoqda. VAQT.UZ mazkur qarorning mazmun-mohiyati va bozorga qanday ta’sir ko‘rsatishi yuzasidan regulyatordan izoh oldi.

Kliring tizimi nima va u qanday ishlaydi?

2026 yil 26-may kuni Markaziy bank boshqaruvi qarori bilan «Markazlashgan kliring va markaziy kontragent faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.

Markaziy bank matbuot xizmatining VAQT.UZ’ga ma’lum qilishicha, loyihani tayyorlash jarayonida Germaniyaning Eurex Clearing, Yaponiyaning JASDEC, Rossiyaning Milliy kliring markazi va Qozog‘istonning KACC kliring tashkilotlari tajribasi o‘rganilgan.

Ushbu modellarda bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda ham Kliring tashkiloti har bir bitim bo‘yicha hisob-kitoblarning ishonchli bajarilishini ta’minlovchi markaziy kontragent vazifasini bajaradi.

Oddiy qilib aytganda, tizim kim qancha qimmatli qog‘oz yoki valuta sotgani, kimning qanday majburiyati borligi va yakunda qaysi ishtirokchi qancha mablag‘ to‘lashi kerakligini hisoblab chiqadi.

Asosiy elementlaridan biri markaziy kontragent bo‘lib, u har bir xaridor uchun sotuvchi, har bir sotuvchi uchun esa xaridor vazifasini bajaradi.

Bu orqali birja ishtirokchilari bitimning qarshi tomoni o‘z majburiyatini bajarmasligi xavfidan himoya qilinadi. Ya’ni ishtirokchilar bir-birini tanimasa ham, bitimning bajarilishiga markaziy kontragent kafolat beradi.

Risklar qanday boshqariladi?

Nizomda savdo ishtirokchilaridan biri bankrot bo‘lsa yoki pulini to‘lay olmaganda, butun bozor jabr ko‘rmasligi uchun himoya mexanizmlari belgilangan.

Jumladan, kliring ishtirokchilari savdolarda qatnashishdan avval marja badali kiritishi shart. Bu mablag‘ ishtirokchining o‘z majburiyatlarini bajarishi uchun kafolat vazifasini o‘taydi.

Markaziy bank marja badallari miqdori haqidagi savolga javob berar ekan, marja badallari uchun yagona yoki oldindan belgilangan stavka mavjud emasligini ma’lum qildi.

Badallarining miqdori moliyaviy instrumentning bozor xususiyatlari, likvidligi, narx o‘zgaruvchanligi hamda ishtirokchining ochiq pozitsiyalari hajmiga qarab Kliring tashkiloti tomonidan tasdiqlanadigan kliring qoidalarida belgilanadi. Risk darajasi yuqori bo‘lgan operatsiyalar uchun marja miqdori ham yuqoriroq bo‘ladi.

Shuningdek, kliring tashkiloti zaxira va kafolat jamg‘armalarini shakllantiradi. Agar ishtirokchilardan biri bitim bo‘yicha to‘lovni amalga oshira olmasa, ushbu jamg‘armalar hisobidan hisob-kitoblar yakunlanadi

Tizim qanday ishlaydi?

Nizomga muvofiq, kliring jarayoni to‘liq elektron platforma orqali amalga oshiriladi.

Tizim ishtirokchilar uchun maxsus hisobvaraqlar ochadi, savdo kuni davomida tuzilgan barcha bitimlar haqidagi ma’lumotlarni qabul qiladi va qayta ishlaydi. Shundan so‘ng ishtirokchilarning talab va majburiyatlari hisoblanib, yakuniy pul o‘tkazmalari amalga oshiriladi.

Markaziy bankka ko‘ra, mazkur mexanizm moliya bozorida «zanjirli reaksiya» xavfini kamaytirishga xizmat qiladi. Ya’ni bir ishtirokchining to‘lovga qobiliyatsizligi butun bozor barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishining oldi olinadi.

Yuqoridagi tartiblarni nazarda tutuvchi mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan sanadan 3 oy o‘tib, ya’ni 27-avgustdan e’tiboran kuchga kiradi.

Maftuna Yaxshilikova tayyorladi

 

Teglar

Mavzuga oid