Logo

«Maxam-Chirchiq»ning zarari bir yilda olti baravar oshdi

Bugun 19:553 daqiqa

Yirik kimyo korxonasi 2025 yilni 107,6 mlrd so‘m zarar bilan yakunladi va aksiyadorlarga dividend ajratmadi. Kompaniya aksiyadorlari orasida kelishmovchilik ham bor.

«Maxam-Chirchiq»ning zarari bir yilda olti baravar oshdi

«Maxam-Chirchiq» AJ 2025 yil yakunida 107,6 mlrd so‘m sof zarar ko‘rdi. Bu haqda kompaniya aksiyadorlarining 20-avgust kuni o‘tkazilgan yillik umumiy yig‘ilishi bayonnomasida ma’lum qilingan.

Taqqoslash uchun, 2024 yilda korxonaning sof zarari 17,7 mlrd so‘mni tashkil etgan edi. Shunday qilib, «Maxam-Chirchiq»ning yillik zarari qariyb 90 mlrd so‘mga yoki olti baravar oshgan.

Zarar mavjudligi sabab 2025 yil yakunlari bo‘yicha kompaniya aksiyadorlariga dividend to‘lamaslikka qaror qilingan. Korxonaning 51 foiz aksiyasi davlatga qarashli «O‘zkimyosanoat» AJga, qolgan 49 foizi Ispaniyaning MaxamCorp International kompaniyasiga tegishli.

Openinfo portalida e’lon qilingan rasmiy xabarning o‘zi kuzatuv kengashi va taftish komissiyasi tarkibidagi o‘zgarishlarga bag‘ishlangan. Biroq unga ilova qilingan yig‘ilish bayonnomasida kompaniyaning moliyaviy holatiga oid muhimroq ma’lumotlar ham keltirilgan.

Jumladan, kuzatuv kengashi tarkibidan «O‘zkimyosanoat» raisining birinchi o‘rinbosari Jahongir Mustafayev chiqarilib, uning o‘rniga Ulug‘bek Yarbekov saylangan. Taftish komissiyasida esa G‘ayrat Abdullayev va Sardor Davronov o‘rnini Mirsohib Mirjanov hamda Alina Kalinina egallagan.

Kompaniya 2026 yilda foydaga qaytdi

2025 yildagi katta zarar kompaniya ayni paytda ham zarar bilan ishlayotganini anglatmaydi.

«Maxam-Chirchiq»ning so‘nggi moliyaviy hisobotiga ko‘ra, 2026 yilning birinchi yarmida korxona 63 mlrd so‘m sof foyda olgan. O‘tgan yilning shu davrida esa kompaniya 62,8 mlrd so‘m zarar ko‘rgan edi.

Yanvar–iyun oylarida kompaniya tushumi 22,8 foizga oshib, 1,95 trln so‘mga yetgan. Yalpi foyda 232,6 mlrd so‘mdan 374,8 mlrd so‘mga ko‘paygan.

Moliyaviy xarajatlar ham sezilarli kamaygan. Xususan, foiz xarajatlari 2025 yilning birinchi yarmidagi 58,9 mlrd so‘mdan 20,9 mlrd so‘mga tushgan.

2025 yildagi zarar faqat mahsulot sotuvining pasayishi bilan bog‘liq bo‘lmaganga o‘xshaydi. O‘sha yilning birinchi yarmida kompaniya tushumi 52,8 foiz o‘sganiga qaramay, sof natija zarar bilan yakunlangan. Shu davrda foiz xarajatlari bir yil oldingiga nisbatan 3,6 baravar oshgan.

Bu xarajatlar va qarzga xizmat ko‘rsatish kompaniyaning moliyaviy natijasiga bosim qilgan bo‘lishi mumkin.

Aksiyadorlar ichida bo‘linish

Yig‘ilishda kompaniyaning 2025 yilgi hisoboti va buxgalteriya balansi aksiyadorlar tomonidan bir ovozdan tasdiqlangan. Biroq taftish komissiyasi xulosasiga ovoz berishda aksiyadorlar fikri bo‘lingan.

Xulosani tasdiqlash uchun 2 549 610 ta ovoz yoki jami ovozlarning 51 foizi berilgan. Qolgan 2 449 626 ta ovoz — 49 foiz — qarshi bo‘lgan.

Ushbu raqamlar «O‘zkimyosanoat» va MaxamCorp International aksiyalari soniga aynan teng. Shundan kelib chiqilsa, davlat aksiyadori xulosani yoqlagan, ispaniyalik hamkor esa unga qarshi ovoz bergan bo‘lishi ehtimoli yuqori.

Bu kompaniya aksiyadorlari o‘rtasidagi birinchi kelishmovchilik emas. 2024 yil yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda MaxamCorp vakili korporativ boshqaruv, axborot olish va ichki nazorat bilan bog‘liq e’tirozlarini bildirgan. «O‘zkimyosanoat» vakillari esa ushbu da’volarni rad etgan.

Bundan tashqari, MaxamCorp International bilan «O‘zkimyosanoat» va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi o‘rtasida xalqaro arbitraj nizosi mavjud. Ishga jalb qilingan ekspert ma’lumotiga ko‘ra, arbitraj doirasidagi tinglovlar kamida 2026 yil aprelida ham davom etgan.

«Maxam-Chirchiq» qanday kompaniya?

«Maxam-Chirchiq» O‘zbekistondagi yirik kimyo korxonalaridan biri hisoblanadi. Zavod 1940 yilda ishga tushirilgan bo‘lib, Markaziy Osiyodagi birinchi azotli o‘g‘it ishlab chiqaruvchi korxona sanaladi. 

Korxona Chirchiq shahrining sanoat markazi sifatida shakllanishida ham muhim rol o‘ynagan.

2007 yilda Ispaniyaning MaxamCorp kompaniyasi zavodning 49 foiz aksiyasini sotib olgan. Shundan so‘ng «Elektrkimyosanoat» nomi «Maxam-Chirchiq» deya o‘zgartirilgan.

«O‘zkimyosanoat» ma’lumotiga ko‘ra, korxonada 6 326 kishi ishlaydi. U ammiakli selitra, karbamid, ammoniy sulfat, ammiak, azot kislotasi va boshqa kimyoviy mahsulotlarni ishlab chiqaradi.

Mahsulotlarning asosiy mahalliy iste’molchilari qishloq xo‘jaligi va kimyo sanoati korxonalaridir. Kompaniya mahsulotlari Qozog‘iston, Tojikiston, Afg‘oniston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Xitoy va Turkiyaga ham eksport qilinadi.

Raqobat qo‘mitasining 2025 yil 1-avgust holatidagi ro‘yxatida «Navoiyazot» va «Maxam-Chirchiq»dan iborat kompaniyalar guruhi karbamid hamda ammiakli selitra bozorida ustun mavqega ega subyekt sifatida ko‘rsatilgan.

Shu sababli kompaniyaning moliyaviy holati faqat uning ikki aksiyadoriga daxldor masala emas. Korxona faoliyatidagi muammolar mineral o‘g‘itlar taklifi va narxlari, qishloq xo‘jaligi xarajatlari, minglab ish o‘rinlari hamda davlat aktivlari qiymatiga ham ta’sir qilishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid

«Maxam-Chirchiq»ning zarari bir yilda olti baravar oshdi | Vaqt.uz