Moskva Yerevanga bosim o‘tkazmoqda, Vashington va Pekin esa ilk bor bir yoqadan bosh chiqardi...

Bugun 09:005 daqiqa

Janubiy Kavkazdagi siyosiy jarayonlar global kuchlarning e’tiboriga tushmoqda. Armanistondagi saylovlar mintaqa kelajagini belgilab berishi mumkin.

Moskva Yerevanga bosim o‘tkazmoqda, Vashington va Pekin esa ilk bor bir yoqadan bosh chiqardi...

Amerikaning «Forbes» jurnalida Janubiy Kavkaz mintaqasiga bevosita daxldor va ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otadigan maqola chop etildi. Energetika va geoiqtisodiyot bo‘yicha ekspert, maqola muallifi Uesli Aleksandr Xillning yozishicha, Janubiy Kavkaz odatda biror urush chiqmaguncha yoki neft-gaz quvurlariga xavf tug‘ilmaguncha jahon ommaviy axborot vositalari e’tiboridan chetda qoladi. Biroq aslida bu hudud ko‘zga tashlanmay, Yevrosiyodagi eng muhim strategik raqobat maydonlaridan biriga aylanib ulgurgan.

Muallif bu fikrini so‘nggi ikki muhim voqea bilan asoslaydi. Ulardan birinchisi shu yilning fevral oyida AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vensning Yerevanga tashrifi bo‘lib, unda Vens va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan tinchlik maqsadlarida yadro energetikasini birgalikda rivojlantirish to‘g‘risidagi bitimni imzolagan edi. Ikkinchisi esa Davlat kotibi Marko Rubioning yaqinda Yerevanga qilgan tashrifi va u yerda AQSH hamda Armaniston o‘rtasida strategik, xususan, energetika sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvga imzo chekilganidir.

Қайд etilishicha, Rossiya, Eron, Turkiya va Kaspiy dengizi oralig‘ida joylashgan Janubiy Kavkaz energetika tranziti, «Sharq – G‘arb» va «Shimol – Janub» savdo yo‘laklari, shuningdek, G‘arbning Markaziy Osiyoga chiqishini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shundan kelib chiqib, maqolada muhim bir xulosa ilgari suriladi: Armanistondagi bo‘lajak saylovlarning ta’sir doirasi Yerevan chegaralaridan ancha kengdir. Bu ovoz berish jarayoni Janubiy Kavkazning diplomatik normallashuv, mintaqaviy integratsiya va iqtisodiy hamkorlikni diversifikatsiya qilish yo‘lidan borishini yoxud Moskvaga mintaqada uzoq vaqt hukmronlik qilish imkonini bergan beqarorlik va tobelik davriga qaytishini belgilab beradi.

Xill Kavkazdagi yirik o‘yinchilarning manfaatlari qanday to‘qnashayotganini tahlil qilar ekan, Rossiya mintaqani o‘zining «janubdagi zaif nuqtasi» deb bilishini ta’kidlaydi. XVIII asrdan boshlab Chor Rossiyasi, keyinchalik esa SSSR Kavkazga Eron va Turkiyaga qarshi asosiy tayanch nuqtasi sifatida qarab kelgan. Xitoy esa mintaqaga infratuzilma va logistika nuqtai nazaridan yondashadi, chunki Pekinga Rossiya va Eronga qaram bo‘lmagan hamda xavfli dengiz yo‘llariga muqobil ravishda Yevropaga olib chiquvchi xavfsiz quruqlik yo‘lagi kerak.

Vashington va Pekinning o‘xshash manfaatlari

Bu o‘rinda muallif o‘zining eng kutilmagan xulosalaridan birini keltirib, siyosat ba’zan g‘alati ittifoqchilarni yaratishini aytadi. Vashingtonning «O‘rta yo‘lak» kabi loyihalarni va mintaqaviy bog‘liqlik tashabbuslarini, xususan, Armaniston orqali o‘tuvchi «Trampning tinchlik va farovonlik yo‘li» (TRIPP) loyihasini qo‘llab-quvvatlashi aslida Pekinning maqsadlariga to‘la mos tushadi. Garchi davlatlarning bunga undaydigan sabablari turlicha bo‘lsa-da, Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi munosabatlarning tiklanishidan, mintaqadagi barqarorlik va ishonchli tranzit tarmoqlaridan AQSH va Xitoy birdek manfaatdor. Rossiya va Eron esa, aksincha, vaziyatning chigallashishidan foyda ko‘radi.

Rossiyaning ta’sir o‘tkazishga urinishlari

Ekspert Moskvaning bu boradagi mantig‘ini quyidagicha izohlaydi: o‘nlab yillar mobaynida Rossiyaning mintaqadagi ta’sir doirasi asosan hal etilmagan mojarolar, harbiy tobelik va o‘zaro adovatdagi davlatlar o‘rtasida yagona hakam vazifasini o‘tashiga asoslanib kelgan. Muzlatib qo‘yilgan nizolar Moskva uchun o‘ziga xos boshqaruv dastagi bo‘lib xizmat qilgan hamda Rossiya tinchlikparvar kuchlarining mintaqada bo‘lishini oqlashga asos yaratgan. Agar Boku va Yerevan o‘rtasidagi munosabatlar yaxshilansa, ayniqsa, bu iqtisodiy integratsiya va G‘arb bilan yaqinlashuv orqali yuz bersa, bu Rossiyaning mintaqadagi ta’siriga jiddiy tahdid soladi.

Shu sababli ham muallif bo‘lajak saylovlarni Rossiyaning siyosiy aralashuv va yashirin operatsiyalar bo‘yicha tobora tajovuzkorlashib borayotgan kampaniyasining markazi sifatida baholaydi. Ukrainadagi urushga botib qolgan Rossiyaning hozirda Janubiy Kavkazdagi mavqeini harbiy yo‘l bilan tezkor mustahkamlash uchun yetarli resurslari yo‘q. Ammo saylovlarda o‘zi uchun qulay natijaga erishish orqali u mintaqadagi ta’sirini tiklashi, AQSH va Yevropaning energetika tashabbuslariga zarba berishi va Xitoyning Rossiyaga bosim o‘tkazish imkoniyatlarini cheklab qo‘yishi mumkin.

Bu fikrni tasdiqlash uchun Xill yaqinda e’lon qilingan «OCCRP» va «The Insider» сuриштирuвларини келтиради. Ushbu manbalar ovoz berish jarayoni oldidan Armanistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ta’sir operatsiyalarini fosh qilgan. Ma’lum bo‘lishicha, bu tashabbuslardan biri Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lgan armanistonlik saylovchilarga qaratilgan bo‘lib, ular saylov natijalariga hal qiluvchi ta’sir o‘tkaza oladigan qatlam sifatida baholangan. Sizib chiqqan boshqa hujjatlarda esa Pashinyanga nisbatan dushmanlik kayfiyatini shakllantirish hamda Moskva bilan yaqin ittifoqchilik tarafdorlarini qo‘llab-quvvatlash rejalari aks etgan. Umuman olganda, ushbu kampaniya o‘z ichiga razvedka faoliyati, yashirin moliyalashtirish va diniy hamda millatchilik tuyg‘ularidan Armaniston hukumatiga qarshi qurol sifatida foydaланишга bo‘lgan urinishlarini qamrab oladi.

Shuningdek, muallif Xalqaro jinoyat sudining sobiq prokurori Luis Moreno Okampo va uning o‘g‘li Tomas ishtirokidagi videoyozuvga alohida to‘xtalib o‘tdi. Ular Armanistonning Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashishiga to‘sqinlik qilish va Pashinyan hukumatini zaiflashtirish maqsadida o‘zlarining Yevropadagi aloqalari va Xalqaro jinoyat sudidagi nufuzlaridan foydalanishgan. Tarmoqlarda tarqalayotgan videomateriallarga ko‘ra, Okampo bu yo‘lda asli armanistonlik bo‘lgan rus tadbirkorlarining mablag‘larini ishga solgan hamda AQSHdagi arman lobbisi bilan hamkorlik qilgan.

Energetika xavfsizligi va saylovlarning global ahamiyati

Xillning fikricha, hozirgi vaziyatning o‘ziga xosligi shundaki, AQSH va Xitoyning manfaatlari «har ikki tomon ochiq tan olganidan ko‘ra ancha kuchliroq kesishmoqda». Garchi bu ikki davlat strategik raqobatchi bo‘lsa-da, ular Kavkazdagi vaziyatning barqaror qolishidan manfaatdor. Agar Rossiya tomonidan beqarorlik keltirib chiqarilsa, bundan ularning har ikkisi ham yutqazadi.

Shu sababli, deya xulosa qiladi muallif, Armanistondagi saylovlar natijasidan nafaqat Vashington, Pekin va Yevropa, balki «BP», «SOCAR», «TotalEnergies», «Eni», «ExxonMobil» va «Chevron» kabi yirik energetika gigantlari ham bevosita manfaatdor. Agar Rossiyaning vaziyatni izdan chiqarishga qaratilgan harakatlari muvaffaqiyatli yakunlansa, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi inqiroz tufayli zarar ko‘rayotgan jahon energetika bozori yana bir og‘ir zarbani qabul qiladi. Aksincha, bu urinishlar barbod bo‘lsa, Yevropa, Xitoy va AQSHning energetika sohasidagi manfaatlari yanada ishonchliroq himoyalangan bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid