Logo

Ofshor zonalar: boylar pullarini qayerga yashiradi?

Bugun 20:388 daqiqa

Dunyo bo‘ylab ofshor hududlarda 21 trilliondan 32 trillion dollargacha boylik saqlanayotgani taxmin qilinadi. Shundan 3,55 trillion dollari esa soliq idoralaridan yashirilgan. Bu butun Fransiya iqtisodiyoti hajmidan ham kattaroq mablag‘ degani. Milliarderlar nega pullarini aynan ofshor zonalarda saqlaydi? Bu tizim qanday ishlaydi va  «Panama Papers» hamda  «Pandora Papers» jurnalistik surishtiruvlari dunyo elitasining qanday sirlarini fosh qilgan? Ushbu savollarga maqolani o‘qib javob topishingiz mumkin.

Ofshor zonalar o‘zi nima?

Ofshor zona qanday hududligini oddiy misol bilan tushuntirish mumkin. Tasavvur qiling, uyda bitta qutichangiz bor va siz shu qutichaga pul yig‘yapsiz. Lekin ota-onangiz har safar «Qancha puling bor, qayerdan olding, qayerga ishlatyapsan?» deb sizni doim tekshirib turadi. Tabiiyki, sizga bu yoqmaydi. Keyin esa bir do‘stingiz sizga «Qutingni bizning uyda saqla. Hech kim qancha puling borligini ham, uni qayerdan topganingni ham surishtirmaydi» deb taklif beradi. Faqat, buning evaziga siz unga ozgina haq to‘laysiz. Nega? Chunki u sizning qutichangizni xavfsiz saqlaydi, pullaringizni surishtirmaydi, quti sizniki ekanini ham hech kimga aytmaydi.

Aslida ofshor zonalar ham xuddi shunday ishlaydi. Ofshor hududlar — soliqlar juda past yoki umuman yo‘q bo‘lgan, kompaniya egalari haqidagi ma’lumotlar juda qattiq himoyalanadigan davlat yoki hududlardir. Masalan, Britaniya Virjin orollari, Kayman, Panama yoki Seyshel orollari kabi. Bunday joylarda kompaniya ochish oson va kompaniyaning asl egasini aniqlash deyarli imkonsiz. Shuning uchun ham dunyoning eng yirik biznesmenlari, investorlari va milliarderlari o‘z pullari hamda aktivlarini aynan shu hududlarda ro‘yxatdan o‘tkazishni tanlaydi, ya’ni pul yig‘adigan qutichalarini o‘z uylaridan tashqari boshqa joyda saqlaydilar. Aslida, ofshor zonalardan foydalanish noqonuniy ham emas. Ammo aynan shu tizim bir vaqtning o‘zida soliqlardan qochish, korrupsiya pullarini yashirish va pul yuvish uchun ham juda qulay imkoniyat yaratadi. Shu sababli ofshor zonalar katta-katta moliyaviy mojarolar bilan birga tilga olinadi.

Bu tizim qanday ishlaydi?

Tasavvur qilaylik, bir milliarder o‘zining qulay ofisidagi kreslosida o‘tirib, milliardlarini qaysi bank orqali boshqarishni tanlayapti. Bu katta xavf va katta mablag‘lar ishtirokidagi moliyaviy «berkinmachoq» o‘yiniga o‘xshaydi. Jarayon odatda xalqaro soliq qonunchiligiga ixtisoslashgan qimmat advokatlar, hisobchilar va moliyaviy maslahatchilar jamoasini yollashdan boshlanadi. Bular oddiy mutaxassislar emas. Ular moliya dunyosining elitasi bo‘ladi va ular o‘z mijozlariga soliq yukini kamaytirishga yordam beradigan har bir qadamni, har bir strategiyani va har bir qonunni biladi. Birinchidan, ular qaysidir ofshor zonada «shell company» (qobiq kompaniya), ya’ni nomi bor, lekin o‘zi yo‘q kompaniya tashkil etadi. Bu shunchaki aktivlarga egalik qilish va bank hisob raqamlarini ochish uchun kerak. Keyin ular bu kompaniyalarning bir nechta qatlamlarini yaratadi, har biri turli davlatlarda joylashgan bo‘ladi. Bu esa pulning aslida qayerga ketayotganini kuzatishni juda qiyinlashtiradi.

Milliarder pulni shaxsiy hisob raqamidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazmaydi. Buning o‘rniga, ular o‘zlarining qobiq kompaniyalariga sarmoya kiritishi yoki o‘zlari yashirincha nazorat qiladigan boshqa bir tashkilotga qarz berishi mumkin. Qog‘ozda bu qonuniy biznes operatsiyalari kabi ko‘rinadi, lekin aslida bu bir xil odamning o‘z moliyaviy labirintida pulni aylantirishidir.

Oddiy qilib aytsak, u bir cho‘ntagidagi pulni narigi cho‘ntagiga soladi. Bunga faqat ofshor zonalardagina imkoniyat bor, chunki ularda qattiq bank siri qonunlari ishlaydi. Ba’zi joylarda mijozning hisob raqamlari haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bu xuddi bank xodimlari ham bilmaydigan hisob raqamiga ega bo‘lishga o‘xshaydi. Va maxfiylik himoyasi shu bilan tugamaydi. Bu hisob raqamlarining ko‘pchiligi trastlar yoki fondlar nomiga ochilgan bo‘lib, bu anonimlikni yanada kuchli qiladi. Milliarderning ismi esa hech qanday rasmiy hujjatda bo‘lmasligi, soliq organlari yoki jurnalistlar uchun noqonuniy faoliyatni ochib berishni deyarli imkonsiz qiladi.

Shuncha mash-masha nega kerak?

Sabab juda oddiy — soliqlarni kamaytirish va boylikni himoya qilish. Ko‘plab davlatlarda katta daromadlar, investitsiya foydasi va meros uchun yuqori soliqlar mavjud. Ofshor tizimlar yordamida esa ushbu xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirish mumkin. Chunki davlat aniqlay olmagan mablag‘dan soliq undirish ham qiyinlashadi. Soliqlarni to‘lash milliarderlar uchun muammo bo‘lmasligi mumkin. Biroq gap yuzlab yoki minglab dollar emas, balki milliardlar va hatto trillionlab dollarlar haqida ketmoqda. Bundan tashqari maxfiylik omili ham bor. O‘ylab ko‘ring, sizning boyligingiz milliardlarga teng bo‘lsa, hamma sizning boyligingizdan bir bo‘lak olishni xohlaydi. Hukumatlardan tortib oila a’zolari va biznes sheriklarigacha, shaffoflik esa sizni tirik nishonga aylantirishi mumkin. Shunday paytda esa ofshor hisob raqamlari mahalliy hisob raqamlari taklif qila olmaydigan maxfiylik darajasini ta’minlaydi. Yana bir muhim sabab esa aktivlarni himoya qilish. Agar milliarder sud jarayoni, ajrim yoki boshqa huquqiy muammolarga duch kelsa, uning boyligi turli davlatlarga tarqatib yuborilgan bo‘ladi. Shu sababli barcha aktivlarni musodara qilish yoki nazorat ostiga olish ancha qiyinlashadi. Bu orqali biznes egasi mabodo qamalib ketib, bor boyligi musodara qilinsa ham, ofshor hududlarda to‘plagan boyliklari butun sulolasiga bir umrga yetishi mumkin.

Bu tizimdan boylik egalari foyda ko‘rishini tushunib oldik, lekin ularning boyliklarini himoya qilishdan ofshor hududlarga nima foyda? Tekinga mushuk oftobga chiqmaydi, deganlaridek, qaysidir davlat milliarderlarga mutlaqo tekinga shuncha imkoniyatlarni yaratib bermasa kerak. Albatta, unday emas. Ular to‘lovlar, ro‘yxatdan o‘tish xarajatlari va yuridik xizmatlardan milliardlab daromad oladi, mohiyatan global moliyaning VIP klublariga aylanishadi. Har holda, bugungi kunda taxminan 1 million 400 mingta ofshor kompaniya mavjud. Shuncha kompaniyaning pul yig‘adigan qutichasini saqlagani uchun ofshor zonalar qancha foyda ko‘rishi mumkinligini tasavvur qilyapsizmi? Ofshor zonalardan tashqari, bunday murakkab tuzilmalarni quradigan va boshqaradigan yuridik firmalar, banklar va maslahatchilar ham o‘z ulushini oladi. Shuning uchun Kayman, Bermud orollari va Luksemburg kabi hududlar boylarning pullarini jalb qilish uchun o‘zaro raqobat ham qiladi.

Bundan kim zarar ko‘radi?

Bu tizimdan, oxir-oqibat, rivojlanayotgan mamlakatlar va hatto ba’zi boy davlatlar zarar ko‘radi. Xalqaro valuta jamg‘armasi (IMF) ma’lumotiga ko‘ra, soliq boshpanalari tufayli dunyo hukumatlari har yili 600 milliard dollargacha soliq tushumidan mahrum bo‘ladi. Bu pullar bilan maktablar, shifoxonalar, infratuzilma yoki qashshoqlikni bartaraf etish dasturlarini moliyalashtirish mumkin edi. Lekin shuncha pul maxfiy moliyaviy tizimlarda yotibdi. Xo‘sh, bundan bizga nima? O‘sha davlat xizmatlariga, ya’ni maktablar, shifoxonalarga eng ko‘p tayanadiganlar kimlar? Siz-u bizga o‘xshagan odamlar. Va biz yo‘qolgan soliq dollarlaridan eng ko‘p zarar ko‘ramiz. Chunki aynan ishchi sinf og‘irroq soliq yukini o‘z zimmasiga oladi, o‘ta boylar esa o‘z pullari uchun global yashirinish joylaridan foydalanib, pullariga pul qo‘shishadi. Masalan, birgina AQSH hukumati har yili infratuzilma, huquqni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash yoki ta’lim uchun ishlatishi mumkin bo‘lgan taxminan 100 milliard dollardan ortiq soliq tushumidan mahrum bo‘lmoqda. Ya’ni shuncha pul topish imkonsiz bo‘lgan qaysidir ofshor zonadagi anonim kompaniyalar ichiga yashiriladi. Shunday qilib, davlat xizmatlarini yaxshilash uchun pul yetarli bo‘lishi mumkin, faqat u pullar shunchaki qandaydir orollardagi qaysidir hisob raqamlarida yotibdi.

«Pandora Papers»

Ofshor zonalar shunchalik maxfiy bo‘lsa, bu ma’lumotlar haqida butun dunyo qayerdan bildi? Dunyoga parda ortida nimalar borligini ochib bergan jurnalistik surishtiruvlar bilan tanishing: «Offshore Leaks», «Panama Papers», «Paradise Papers» va hajmi jihatidan eng katta surishtiruv — «Pandora Papers».

1

Biz hozir «Pandora Papers»ga to‘xtalamiz. Bu hujjatlar sababli 35 nafar amaldagi va sobiq davlat rahbarlari, 90 mamlakat va hududdagi 330 dan ortiq siyosatchi hamda davlat amaldorlari, shuningdek qidiruvdagi jinoyatchilar, firibgarlar va qotillarning moliyaviy sirlariga oid ma’lumotlar oshkor bo‘ldi. Bu hujjatlar ustida 150 ta nashrdan jami 600 dan ortiq jurnalist deyarli ikki yil ishlagan va 6,4 million hujjat, 3 millionga yaqin rasm, 1 milliondan ortiq elektron xat, 500 mingga yaqin jadvallarni aniqlagan. Ma’lumotlarni jurnalistlar dunyoning turli hududlarida faoliyat yurituvchi 14 ta ofshor kompaniyadan olgan. Ushbu firmalar mijozlari uchun nomi bor, lekin o‘zi yo‘q kompaniyalar va boshqa yashirin moliyaviy tuzilmalarni tashkil etish bilan shug‘ullangan. Tabiiyki, bunday xizmatlardan moliyaviy faoliyatini jamoatchilik nazoratidan yashirishni istagan shaxslar foydalanadi.

Maxfiy hujjatlar Iordaniya qiroli, Ukraina, Keniya va Ekvador prezidentlari, Chexiya bosh vaziri hamda Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Blerning ofshor operatsiyalarini fosh etdi. Hujjatlarda hatto Rossiya prezidenti Vladimir Putinga juda yaqin shaxslar, Rossiya, AQSH, Turkiya hamda boshqa davlatlardan bo‘lgan 130 dan ortiq milliarderga oid ma’lumotlar ham mavjud. Lekin eng katta sensatsiya bu mashhur ismlar emas, balki ofshor tizimiga barham berishga qodir bo‘lgan ko‘plab siyosiy va iqtisodiy elita vakillarining o‘zi ham ushbu tizimdan manfaatdorligi edi. Ular aktivlarini yashirin kompaniyalar va trastlar orqali saqlaydi, shu bilan birga ularning hukumatlari jinoyatchilarni boyitayotgan va butun davlatlarni qashshoqlashtirayotgan noqonuniy moliyaviy oqimlarni to‘xtatish uchun deyarli hech narsa qilmaydi.

Hujjatlarda nomlari keltirilgan mashhurlar

Hujjatlarda fosh etilgan yashirin boyliklarning ayrimlari bilan sizni tanishtiramiz: Fransiyaning Rivera sohilida joylashgan, kinoteatr va ikkita suzish havzasiga ega bo‘lgan 22 million dollarlik hashamatli saroy. Uni Chexiya sobiq bosh vaziri Andrey Babish ofshor kompaniyalar orqali sotib olgan. Ammo aynan uning o‘zi doim ofshor hududlardagi noqonuniy kompaniyalar va soliqdan qochuvchilarni tanqid qilib kelgan.

2

Andrey Babish Chexiya bosh vaziri (2017–2021), 2025-yilda yana qayta saylangan.

Iordaniya qiroli Abdulloh II mamlakatda fuqarolar ishsizlik va korrupsiyaga qarshi namoyishlarga chiqqan davrda Kaliforniyaning Malibu hududidan 68 million dollarga uchta sohil bo‘yi hashamatli villa sotib olgan. Ushbu mulklar ham ofshor kompaniyalar orqali xarid qilinganini «Pandora Papers» ochiqlagan. Bu jurnalistik surishtiruvda bunday misollar ro‘yxati juda uzun.

3

Iordaniya qiroli Abdulloh II.

Yana shunday mashhur ismlardan biri — qo‘shiqchi Shakira. Hujjatlar Shakiraning Luksemburg va Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalar bilan ham aloqasi borligini ko‘rsatgan. Shakiraning Britaniya Virjin orollarida ro‘yxatdan o‘tgan yana uchta «shell company»si (qobiq kompaniya) aniqlangan.

4

Qo‘shiqchi Shakira

Shakiraning vakillari esa qo‘shiqchi daromadining asosiy qismi Ispaniyadan tashqarida shakllanishi, Ispaniya soliq organlari uning barcha kompaniyalari haqida xabardor ekani, Britaniya Virjin orollaridagi kompaniyalarning esa na daromadi, na faoliyati mavjudligini bildirgan.

«Pandora Papers»  XXI asrda pul va hokimiyat qanday ishlashini ko‘rsatuvchi noyob manbaga aylandi. Surishtiruv moliyaviy maxfiylikka asoslangan tizim AQSH va boshqa boy davlatlar tomonidan qanday qo‘llab-quvvatlanayotgani, natijada esa qonun ustuvorligi dunyoning ko‘plab mamlakatlarida qanday buzilayotganini ochib berdi. Shu bilan birga, ushbu ma’lumotlar hukumatlar va xalqaro tashkilotlar nega ofshor tizimidagi suiiste’mollarga qarshi kurashda sezilarli natijaga erisha olmayotganiga ham izoh berdi.

Bugun ofshor hududlardagi noqonuniy faoliyatlar butunlay yo‘q qilingan emas. Ammo aynan shu haqiqatlarni ochib bergani uchun jahon jurnalistikasida ko‘plab yo‘qotishlar bo‘ldi. Shulardan biri — maltalik jurnalist Dafne Karuana Galitsiya edi.

5

U Maltada o‘ttiz yildan ortiq vaqt davomida jurnalist, muharrir va bloger sifatida faoliyat yuritgan. O‘z blogi orqali eng yuqori doiralardagi amaldorlarning korrupsiyasi va «Panama Papers» hujjatlaridagi sirlarni fosh qilishda ishtirok etgan. Ammo bu jasorat unga juda qimmatga tushdi. Jurnalistik faoliyati davomida Dafne tinmay tahdidlar va ta’qiblar ostida yashadi. Hatto uning uyiga ikki marta o‘t qo‘yishgan. Siyosatchilar uni to‘xtatish uchun yuzlab tuhmat da’volari ochib, bank hisoblarini muzlatib qo‘ygan. Ammo u baribir to‘xtamagan edi. Va nihoyat, 2017-yil 16-oktabr kuni Dafne o‘z uyi yaqinida mashinasiga o‘tirgan paytda, o‘rindiq ostiga o‘rnatilgan bomba portlatib yuborildi. U o‘z hayoti evaziga biz mavjudligini ham bilmaydigan boshqa bir dunyo borligini ko‘rsatib ketdi.

 

Teglar

Mavzuga oid