Logo

Ozarboyjon kompaniyasi Qashqadaryodagi Akba oltin konida qidiruv ishlarini boshlaydi

Bugun 16:062 daqiqa

Kompaniya oltin konlarini baholash, qazib olish texnologiyalarini sinovdan o‘tkazish va yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Ozarboyjon kompaniyasi Qashqadaryodagi Akba oltin konida qidiruv ishlarini boshlaydi © Shutterstock

Qashqadaryo viloyatidagi Akba oltin konida Ozarboyjon kompaniyasi tomonidan kompleks geologik qidiruv ishlari olib boriladi. Bu haqda «AzerGold» aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ozarboyjonning «AzerGold» kompaniyasi O‘zbekistonda o‘zining ilk xorijiy sho‘ba korxonasini mas’uliyati cheklangan jamiyat (MCHJ) shaklida rasman ro‘yxatdan o‘tkazgan. Ushbu yangi tuzilma — «AzerGold Uzbekistann»ning asosiy maqsadi ikki davlat o‘rtasida tog‘-kon sanoati va geologik qidiruv sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish, xususan, Akba oltin konida mineral resurslarni baholash hamda konni sanoat miqyosida o‘zlashtirishning iqtisodiy maqsadga muvofiqligini aniqlashdan iborat.

Hozirgi vaqtda kon hududida ishlarni boshlash uchun zarur ruxsatnomalarni olish jarayoni davom etmoqda. O‘zbekiston hukumatining tegishli qarori bilan ruxsatnoma (litsenziya) olinganidan so‘ng, konda 18 oyga mo‘ljallangan qidiruv ishlari start oladi.

Ushbu davr mobaynida kon haqidagi mavjud geologik ma’lumotlar tahlil qilinadi, qo‘shimcha qidiruv o‘tkazilib, mineral resurslar xalqaro JORC kodeksi talablari asosida baholanadi. Shu bilan birga, metallurgik sinovlar o‘tkazilib, jarayonning atrof-muhitga ta’siri o‘rganiladi hamda qazib olish texnologiyalari ko‘rib chiqiladi.

Qidiruv ishlari yakuniga yetgach, konni o‘zlashtirish uchun yakuniy texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqiladi. Natijalar asosida tayyorlangan investitsiya taklifi O‘zbekistonning tegishli davlat organlariga taqdim etiladi.

Ta’kidlanishicha, ushbu loyiha uchun huquqiy asos 2026-yil 17-iyunda «AzerGold» va O‘zbekiston Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi o‘rtasida Akba oltin konini birgalikda o‘zlashtirish bo‘yicha imzolangan kelishuvga borib taqaladi.

Navoiy va Nurota oralig‘ida ham geologik qidiruv ishlari amalga oshiriladi

Ozarboyjon kompaniyasi faqatgina Qashqadaryo bilan cheklanib qolmay, O‘zbekistondagi boshqa istiqbolli foydali qazilma konlarini ham o‘rganishni maqsad qilgan. Navoiy va Nurota shaharlari oralig‘idagi istiqbolli hududlarda geologik qidiruv ishlarini olib borish uchun maxsus qo‘shma korxona tashkil etiladi. Bu haqda 2026-yil 17-iyul kuni «AzerGold», «O‘zbekgeologorazvedka» AJ hamda Ozarbayjon–O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi o‘rtasida imzolangan uch tomonlama kelishuvda belgilangan.

Ayni paytda mazkur qo‘shma korxonaning ta’sis hujjatlarini kelishish va davlat ruxsatnomalarini olish ishlari olib borilmoqda. Loyiha doirasida dastlabki ikki yil uchun geologik qidiruv va uni moliyalashtirish rejasi ishlab chiqilgan. Qo‘shma korxona to‘liq ishga tushgach, hududlarda bosqichma-bosqich geologik tadqiqotlar o‘tkaziladi.

Agar qidiruvlar natijasida qazib olish iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlaydigan foydali qazilma zaxiralari aniqlansa, tomonlar tegishli investitsiya loyihalarini amalga oshirish va konlarni birgalikda o‘zlashtirishga kirishadi. Bundan tashqari, hozirda ikki davlat hududlaridagi o‘zaro manfaatli boshqa konlarni ham birgalikda qidirish masalalari muhokama qilinmoqda.

Teglar

Mavzuga oid