O‘zbekiston 2027-yilda sun’iy intellekt loyihalari uchun hisoblash uskunalariga yana 70 mln dollar sarflashni rejalashtirmoqda. Bu haqda raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov 24-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida ma’lum qildi.
Shermatovning aytishicha, O‘zbekiston AQSH bilan siyosiy aloqalari tufayli Nvidia’ning eng yangi chiplarini xarid qilish imkoniga ega. Uskunalar qimmat bo‘lgani uchun hisoblash quvvatlari ularga bo‘lgan talabga qarab bosqichma-bosqich oshiriladi.
«Birinchi klasterni 24 mln dollarga oldik. Yana qo‘shimcha 6 mln dollarlik uskuna olyapmiz. Keyingi yil, nasib qilsa, yana 70 mln dollarga reja qilyapmiz», — dedi Shermatov.
Nvidia texnologiyalari asosida ishlaydigan birinchi superkompyuter iyul oyida «Raqamli hukumat» ma’lumotlar markazida ishga tushirilgan. Avgust oyida esa amaldagi hisoblash klasterini kengaytirish uchun qo‘shimcha 70 mln dollar yo‘naltirish taklifi prezidentga taqdim etilgan.
Vazirning aytishicha, hozirgi hisoblash quvvati amaldagi loyihalarga yetadi. Klaster yuklamasi 90 foizga yetganda u kengaytiriladi. Hozir mamlakatda sun’iy intellektdan foydalanishga doir 100 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda. Ular davlat xizmatlari, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va jamoat xavfsizligi kabi sohalarni qamrab oladi. O‘z SI laboratoriyasi bo‘lmagan startaplar, ilmiy-tadqiqot institutlari va oliygohlar markaziy klasterdan bepul foydalanishi mumkin.
Majlisda xorijlik investorlar ishtirokida qurilayotgan ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari haqida ham so‘z bordi. Saudiya Arabistonining «DataVolt» kompaniyasi Toshkentdagi IT Park’da qurayotgan data-markazning birinchi bosqichini 2027-yil yanvarda ishga tushirishni rejalashtirgan. Birinchi bosqich quvvati 12 MVt bo‘ladi. Shermatov butun loyiha qiymatini kamida 3 mlrd dollarga baholadi. Markazni qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Vazir Qoraqalpog‘istonda ham bunday markazlarni qurish bo‘yicha xorijiy kompaniyalar bilan muzokaralar olib borilayotganini aytdi. Hududda qiymati 100 mln dollardan ortiq raqamli infratuzilma loyihalarini amalga oshiradigan investorlar uchun imtiyozlar, jumladan, elektr energiyasining har kilovatt-soati uchun 5 sentlik tarif mo‘ljallangan. Shermatovning aytishicha, ayrim kompaniyalar markaz qurilganidan keyin uning xizmatlarini davlat sotib olishini taklif qilgan. Vazir bunday majburiyatni olishga ehtiyoj yo‘qligini bildirdi.
Deputat Oybek Ota Muratovning aytishicha, deputatlarga taqdim etilgan ma’lumotlarda xorijiy investorlar bilan umumiy quvvati 800 MVtgacha bo‘lgan markazlar qurish rejalari keltirilgan. U bu markazlar katta hajmda elektr va suv iste’mol qilishini aytib, investorlarga qanday talablar qo‘yilishini so‘radi. Shermatov sovitish tizimida suvni qayta aylantirib ishlatish va shu orqali suv sarfini kamaytirish bo‘yicha talablar qo‘yilishini aytdi.
«Hammasi kelib, istagancha yoqilg‘i yoqib, ekologiyani buzib, bizga data-markaz qilib berishi kerak emas», — dedi vazir.
Shermatov IT Park rezidentlari orasida sun’iy intellekt sohasida ishlayotgan kompaniyalar soni 240 taga yetganini ham ma’lum qildi. Ular 2026-yil boshidan 895 mlrd so‘mlik xizmat ko‘rsatgan. Sakkizta davlatga eksport qilingan xizmatlar qiymati 75 mln dollarni tashkil etgan. IT Park rezidentlarining jami xizmatlar eksporti 2025-yilda ilk bor 1 mlrd dollardan oshgan. 2030-yilga borib IT Park rezidentlarining yillik xizmatlar eksportini kamida 5 mlrd dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Startaplarni qo‘llab-quvvatlash uchun «President Tech Award» tanlovining mukofot jamg‘armasi 1 mln dollardan 5 mln dollarga oshirilgan. Xorijiy startaplarni ham O‘zbekistonga jalb qilishga qaratilgan «Land of Startups» loyihasiga esa yiliga 5 mln dollar yo‘naltirish rejalashtirilmoqda.
Vazir sun’iy intellekt IT sohasida mutaxassislarga qo‘yiladigan talablarni ham o‘zgartirayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sun’iy intellekt yordamida amaliy muammoni hal qila oladigan va loyihani yakunigacha olib boradigan mutaxassislarga talab ortmoqda.
Shuningdek, muloqot davomida sun’iy intellektdan foydalanish qoidalari ham muhokama qilindi. Deputat Ziyodbek Yunusov shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va sun’iy intellekt asosida qabul qilingan qarorlar uchun javobgarlik masalasini ko‘tardi. Shermatov sun’iy intellektga asoslangan yechimlarni yaratish va ulardan foydalanish bo‘yicha etika qoidalari vazirlik buyrug‘i bilan tasdiqlanganini, kelgusida ular alohida qonun hujjatida mustahkamlanishini aytdi.