Logo

O‘zbekiston davlat qarzi foizlariga qancha pul sarflayapti?

Bugun 20:003 daqiqa

O‘zbekiston 2025-yilda davlat qarzining foizlariga 18,1 trln so‘m sarfladi. Bu 2024-yildagidan qariyb 25 foiz ko‘p. 2026-yil budjetnomasida bu xarajat 24,6 trln so‘mga yetishi prognoz qilingan. Bu summaga qarzning asosiy qismini qaytarish kirmaydi.

O‘zbekiston davlat qarzi foizlariga qancha pul sarflayapti? © Ijtimoiy tarmoqlar

Financial Times yozishicha, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga (OECD) a’zo 38 mamlakat 2025 yilda qarz foizlariga 2 trln dollardan ortiq mablag‘ sarflagan. AQSH, Buyuk Britaniya va Fransiyada bu to‘lovlar mudofaa xarajatlaridan ham oshgan.

Hukumatlar olgan qarzini ko‘pincha yangi qarz hisobiga qaytaradi. OECD hisob-kitobiga ko‘ra, 2025 yilda tashkilotga a’zo davlatlarning qarz olish ehtiyoji 17 trln dollarni tashkil etgan. Shundan qariyb 13,5 trln dollari, ya’ni 80 foizga yaqini avvalgi qarzlarni qayta moliyalashtirishga to‘g‘ri kelgan.

Eski qarzni shu tariqa yangilash odatiy amaliyot. Ammo ilgari past foizda olingan qarzning muddati hozir tugayotgan bo‘lsa, uning o‘rniga qimmatroq qarz olishga to‘g‘ri kelishi mumkin. 2022 yildan keyin stavkalarning ko‘tarilgani shu xarajatni oshiryapti. Qarz miqdori o‘zgarmagan taqdirda ham unga to‘lanadigan foiz ko‘payishi mumkin.

O‘zbekistonda ham qarz foizlariga ketadigan pul sezilarli ko‘paygan. 2023 yilda bu xarajat 8,2 trln so‘m, 2024 yilda 14,5 trln so‘m bo‘lgan. 2025 yil yakunida esa 18,1 trln so‘mga yetgan. Demak, ikki yilda sarflangan mablag‘ 2,2 barobar oshgan. Faqat oxirgi yilning o‘zida foizlar uchun qo‘shimcha 3,6 trln so‘m to‘langan.

1

Bu raqamni budjet tushumlari bilan solishtirsak, xarajatning ko‘lami aniqroq ko‘rinadi. Hisob palatasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda davlat budjetiga 359,8 trln so‘m kelib tushgan. Demak, budjetga kirgan har 100 so‘mning qariyb 5 so‘mi qarz foizlariga sarflangan.

2026–2028 yillarga mo‘ljallangan budjetnomada joriy yil uchun foiz to‘lovlari 24,6 trln so‘m bo‘lishi prognoz qilingan. Bu 2025 yildagi amaldagi xarajatdan 6,5 trln so‘m yoki qariyb 36 foiz ko‘p.

Shu hujjatda 2026 yil budjet daromadlari 368,9 trln so‘m deb olingan. Rejadagi ikkala ko‘rsatkichni solishtirsak, har 100 so‘m tushumga qariyb 6,7 so‘m foiz to‘lovi to‘g‘ri keladi.

2

Yakuniy xarajat qarz olish shartlari va valuta kursiga ham bog‘liq. Masalan, 2025 yilda foizlar uchun 21,1 trln so‘m rejalashtirilgan, amalda esa 18,1 trln so‘m sarflangan. Shu sabab 2026 yil uchun ko‘rsatilgan summaning qancha qismi haqiqatda to‘lanishi yil yakunida ma’lum bo‘ladi.

Jahon bozoridagi foizlar O‘zbekistonga qanday ta’sir qilishini qarz tarkibidan ham ko‘rish mumkin. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hisobotiga ko‘ra, 2026 yil ikkinchi choragi yakunida davlat qarzi 48,3 mlrd dollarni tashkil etgan.

Shundan 40,7 mlrd dollari tashqi qarz. Tashqi qarzning 18,7 mlrd dollari, ya’ni deyarli yarmi o‘zgaruvchan foiz stavkasida olingan.

Bunday kreditning foizi shartnomada belgilangan bozor ko‘rsatkichiga bog‘lanadi. O‘sha ko‘rsatkich oshsa, foiz to‘lovi ham ko‘payadi; pasaysa, to‘lov kamayadi. Demak, avval olingan qarzning bir qismi bo‘yicha ham kelgusi xarajat o‘zgarishi mumkin.

Qat’iy foizda olingan qarzlarda amaldagi stavka saqlanadi. Lekin ularni qaytarish uchun yana qarz olish zarur bo‘lsa, yangi kreditning shartlari boshqacha bo‘lishi mumkin. Bugungi stavkalarning ta’siri ayrim qarzlarda tez, boshqalarida esa yillar o‘tib sezilishi shundan.

Valuta kursi ham to‘lovga ta’sir qiladi. Dollarda belgilangan foiz summasi o‘zgarmasa ham, dollar qimmatlashganda uni to‘lash uchun ko‘proq so‘m kerak bo‘ladi. Shu bois qarzning budjetga qancha tushishini uning umumiy miqdori bilan birga foizi, muddati va valutasi belgilaydi.

Qarz hisobiga qurilgan yo‘l, elektr tarmog‘i yoki suv inshooti iqtisodiyotga uzoq yillar xizmat qilishi mumkin. Bunday loyihalar ishlab chiqarishni kengaytirib, budjet tushumlarini ko‘paytirsa, to‘lovlarni qoplash osonlashadi.

O‘zbekiston uchun foiz to‘lovlari bilan budjet daromadining qanday o‘sishi muhim. Foiz xarajati tushumlardan tezroq oshaversa, yangi maktab, shifoxona va boshqa ehtiyojlar uchun daromadning kichikroq qismi qoladi.

Yetishmagan mablag‘ni yana qarz olish hisobiga qoplash esa keyingi yillar budjetiga qo‘shimcha yuklama olib keladi.

Teglar

Mavzuga oid