O‘zbekiston sukukka oid qonunchilikni joriy etish oldidan Malayziya tajribasini o‘rganmoqda
O‘zbekistonda sukuk joriy etishga tayyorgarlik doirasida delegatsiya Malayziyada islom kapital bozorini tartibga solish, sukuk va «yashil» sukuk chiqarish, soliq mexanizmlari hamda shariat standartlarini qo‘llash tajribasini ko‘rib chiqmoqda.
© Istiqbolli loyihalar milliy agentligi matbuot xizmatiO‘zbekiston delegatsiyasi islom kapital bozorini tartibga solish va rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganish maqsadida Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida tanishuv tashrifida bo‘lib turibdi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi ma’lum qildi.
Malayziya tajribasini o‘rganish «Kapital bozori to‘g‘risida»gi qonun loyihasining sukukka oid normalarini amaliyotga tatbiq etishga tayyorgarlik ko‘rish, tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish hamda O‘zbekistonda islom moliyasi bozorini yanada rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.
Tanishuv tashrifi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi, Islom taraqqiyot banki va Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida tashkil etilgan.
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari INCEIF universiteti, Malayziya Qimmatli qog‘ozlar komissiyasi (SC), Malayziya Soliq boshqarmasi (LHDN), Malayziya fond birjasi (Bursa Malaysia), shuningdek, Islom moliyaviy xizmatlari kengashi (IFSB) vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida islom moliyasi ekotizimini shakllantirish va rivojlantirish, islom kapital bozorini tartibga solishning huquqiy asoslari, moliyaviy instrumentlarning shariat talablariga muvofiqligini ta’minlash mexanizmlari o‘rganildi. Shuningdek, sukuk, jumladan, «yashil» sukukni chiqarish amaliyoti ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvlarda quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratildi:
• islom moliyaviy instrumentlarini soliqqa tortish xususiyatlari va ularga nisbatan qo‘llaniladigan soliq imtiyozlari;
• sukukni fond birjasi listingiga kiritish va ular bilan birja savdolarini tashkil etish tartibi;
• shariat tamoyillariga muvofiq faoliyat yurituvchi investitsiya platformalari;
• islom moliyasi sohasidagi xalqaro standartlarni qo‘llash.
Delegatsiya tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, «Toshkent» respublika fond birjasi hamda Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi vakillari o‘rin olgan. Shuningdek, tashrifda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining (BMTTD) O‘zbekistondagi vakolatxonasi va «Al-Muamalat Consulting» kompaniyasi vakillari ham ishtirok etmoqda.





