O‘zbekistonda go‘sht ishlab chiqarishni 400 ming tonnaga oshirish rejalashtirilmoqda
Mamlakat ozuqa yetishtirishni 90 million tonnaga yetkazish va qoramollarning tirik vaznini 550 kilogrammgacha oshirish orqali qo‘shimcha 400 ming tonna go‘sht ishlab chiqarmoqchi.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaO‘zbekistonda chorvachilik uchun ozuqa yetishtirish hajmini 2027 yilda 64,5 million tonnaga, 2030 yilga borib esa 90 million tonnaga yetkazish ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda 25-noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan chorvachilikda ozuqa bazasini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimotda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda ozuqa xarajatlari go‘sht yetishtirish tannarxining 30 foizini tashkil etmoqda.
Mamlakatda 12,5 million bosh qoramol, 23 million bosh qo‘y-echki va 125 million bosh parranda boqilayotgan bo‘lib, yiliga 48 million tonna ozuqa yetishtirilmoqda.
Bir bosh qoramol uchun yiliga 6,5 tonna ozuqa talab etilsa-da, amalda bu ko‘rsatkich 4 tonnadan oshmayapti. Shuningdek, chorvachilik uchun ajratilgan qariyb 480 ming gektar yerning kamida 20 foizidan samarasiz foydalanilmoqda.
Yerlardan foydalanish va ozuqa markazlari
Taqdimotda hududlar kesimida ozuqa balansini shakllantirish, ozuqabop ekin maydonlari va turlari hisobini to‘liq raqamlashtirish, shuningdek, chorvachilik yerlaridan maqsadli foydalanishni kosmik monitoring orqali nazorat qilish taklif etildi.
Mavjud maydonlardan samarali foydalanish, takroriy ekin ekish va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hisobiga ozuqabop ekinlar hosildorligini gektariga 350 sentnerdan 500 sentnerga oshirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 2030 yilgacha 200 ming gektar yerni (shundan 50 ming gektarini kelgusi yilda) qayta foydalanishga kiritib, ozuqabop ekinlar yetishtirish belgilangan.
Yaylovlar mahsuldorligini oshirish doirasida 2030 yilga qadar respublika bo‘yicha 1 million gektar yaylovda dronlar yordamida urug‘ sepish ko‘zda tutilgan.
Qashqadaryo viloyatining sakkizta tumanida esa xorijiy tajriba asosida qurg‘oqchilik va sho‘rlanishga chidamli ekinlar yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, mamlakatdagi qoramollarning 87 foizi boqilayotgan aholi xonadonlarini sifatli ozuqa bilan ta’minlash maqsadida hududlarda 100 dan ortiq ozuqa markazlari va shoxobchalari tashkil etiladi.
Ular ozuqani yirik hajmda xarid qilish, qayta ishlash, zaxiralash va bozorga uzluksiz yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.
Tadbirkorlar uchun subsidiya va yangi imtiyozlar
Taqdimotda soha vakillarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari ham ko‘rib chiqildi. Xususan:
— 500 gektardan ortiq yerni ozuqabop ekinlar uchun o‘zlashtirib, zamonaviy sug‘orish tizimini joriy etgan tadbirkorlarga mahalliy budjet hisobidan 100 ming kub metrgacha sig‘imga ega suv havzalari qurib berish;
— «Pivot» sug‘orish texnologiyasi uchun ajratiladigan subsidiyani har bir gektarga 2,5 million so‘mdan 4 million so‘mgacha oshirish;
— kamida 10 gektar maydonni sug‘orishda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanganda uskunalar xaridi xarajatlarining 50 foizigacha qismini qoplab berish;
— Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida yaylovlarni o‘zlashtirgan tadbirkorlarga ushbu maydonlarning bir qismida chorvachilik komplekslarini qurish imkoniyatini yaratish;
— 2027 yildan Qashqadaryo viloyatida sinov tariqasida aholi xonadonlarida boqilayotgan chorva uchun ozuqa xarid qilish xarajatlarining 10 foizini subsidiyalash tizimini joriy etish taklif etildi.
Bundan tashqari, ozuqa markazlarini tashkil etish va ozuqabop ekinlar yetishtirish uchun imtiyozli kreditlar ajratish, qishloq xo‘jaligi texnikasi xaridida qo‘shimcha yengilliklar berish, xorijiy mutaxassislarni jalb etish va mahalliy kadrlar malakasini oshirish xarajatlarining bir qismini qoplash rejalashtirilgan.
Urug‘chilik va naslchilikni rivojlantirish
Bugungi kunda ozuqabop ekinlar urug‘iga bo‘lgan ehtiyojning 95 foizi import hisobidan qoplanmoqda. Shu bois Qashqadaryoda Misr olimlari bilan hamkorlikda ilmiy-tadqiqot va urug‘chilik markazlarini tashkil etib, mahalliy iqlimga mos navlarni yaratish va urug‘ importini bosqichma-bosqich qisqartirish rejalashtirilgan.
Chorva naslini yaxshilash maqsadida sun’iy urug‘lantirish va yuqori genetik qiymatga ega embrionlarni ko‘chirib o‘tkazish texnologiyalarini keng qo‘llash, yirik xo‘jaliklar bilan aholi xonadonlari o‘rtasida kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish taklif etildi.
Ushbu chora-tadbirlar hisobiga qoramollarni so‘yishga topshirishdagi tirik vaznini 250–350 kilogrammdan 450–550 kilogrammga yetkazish hamda qo‘shimcha 400 ming tonna go‘sht yetishtirish imkoniyati yaratilishi qayd etildi.
Prezident mutasaddilarga takliflarni puxta ishlab chiqish, moliyalashtirish mexanizmlarini aniq belgilash hamda ichki bozorda go‘sht va sut mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.





