O‘zbekistonda poyabzallarni markirovkalash rejalashtirilmoqda
Soliq qo‘mitasi poyabzal mahsulotlari va transformatorlarni 2027 yildan tajriba tariqasida, 2028 yildan esa majburiy raqamli markirovkalash to‘g‘risidagi qaror loyihasini muhokamaga qo‘ydi.
© pxhere.comO‘zbekistonda ichki bozorda realizatsiya qilinadigan ayrim turdagi poyabzal mahsulotlari hamda transformatorlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish taklif etilmoqda. Bu haqda Soliq qo‘mitasi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida ma’lum qilindi.
Hujjat loyihasi 25-noyabrdan 10-dekabrgacha muhokamada bo‘ladi. Qaror prezidentning charm-poyabzal sanoatini qo‘llab-quvvatlashga doir 2026 yil 2-iyuldagi PQ-250-son hamda elektrotexnika sanoatini rivojlantirishga oid 2026 yil 12-sentabrdagi PQ-325-son qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Loyihaga ko‘ra, ayrim turdagi poyabzal mahsulotlari (kodlari: 6401, 6402, 6403, 6404, 6405) va transformatorlarni (kodi: 8504) identifikatsiya vositalari orqali raqamli markirovkalash ikki bosqichda joriy etiladi:
• 2027 yil 1-yanvardan boshlab — tajriba tariqasida;
• 2028 yil 1-yanvardan boshlab — majburiy tartibda.
Markirovkalanmagan qoldiqlarni sotish muddatlari
2028 yil 1-yanvarga qadar ishlab chiqarilgan yoki O‘zbekiston hududiga import qilingan raqamli markirovkalanmagan poyabzal mahsulotlari va transformatorlar qoldiqlarini sotish uchun quyidagi muddatlar belgilanmoqda:
• ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan — 2028 yil 1-aprelga qadar;
• ulgurji savdo subyektlari tomonidan — 2028 yil 1-iyulga qadar;
• chakana savdo subyektlari tomonidan — 2028 yil 1-oktabrga qadar.
Soliq qo‘mitasiga «O‘zcharmsanoat» va «O‘zeltexsanoat» uyushmalari hamda manfaatdor idoralar bilan birgalikda qaror talablari yuzasidan tushuntirish ishlarini tashkil etish, Tashqi ishlar vazirligiga esa tajriba loyihasi boshlangani haqida xorijiy davlatlarni xabardor qilish vazifasi yuklatilishi ko‘zda tutilgan.
Elektr akkumulatorlar bo‘yicha yangi cheklovlar
Qaror loyihasida 2026 yil 1-yanvardan majburiy raqamli markirovkalash boshlangan elektr akkumulatorlar (to‘g‘riburchak, kvadrat yoki boshqa shakldagilar) va ular uchun separatorlar aylanmasiga oid tartiblar ham belgilangan.
Unga muvofiq, 2027 yil 1-yanvardan ushbu mahsulotlarni O‘zbekiston hududida majburiy raqamli markirovkasiz ishlab chiqarish taqiqlanadi. Shuningdek, ularni import qilishda agregatsiyalangan import kodi bo‘yicha ma’lumotlarni bojxona yuk deklaratsiyasida ko‘rsatmasdan «erkin muomalaga chiqarish (import)» bojxona rejimiga rasmiylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shu bilan birga, 2027 yil 1-yanvardan boshlab olti oy davomida ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va ulgurji savdo tashkilotlariga markirovkalanmagan qoldiqlarni sotishga, ulgurji va chakana savdo tashkilotlariga esa ushbu qoldiqlarni ixtiyoriy ravishda bepul markirovkalashga ruxsat beriladi.
Olti oylik muddat tugagach, elektr akkumulatorlar va separatorlarni keyingi aylanma ishtirokchilariga taqsimlash faqat elektron hisobvaraq-fakturalarga markirovka kodlarini kiritish hamda «Asl belgisi» tizimiga ma’lumot yuborish orqali amalga oshiriladi. Ularni mamlakat hududida raqamli markirovkasiz sotish to‘liq taqiqlanadi.
Qaror ijrosini nazorat qilish bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Pulatov zimmasiga yuklatilishi rejalashtirilmoqda.





