Poytaxtda yangi tadbirkorlik subyektlari soni bo‘yicha eng yaqin hudud — Toshkent viloyatidan ikki baravardan ko‘proq raqamlar qayd etilgan.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–oktabr oylarida O‘zbekistonda 73 ming 581 ta yangi tadbirkorlik subyekti ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Ushbu raqamlar 2025-yilning mos davriga nisbatan 4 ming 101 taga yoki 5,9 foizga ko‘p. Hisob-kitobda dehqon va fermer xo‘jaliklari inobatga olinmagan.
Yangi biznes ochish bo‘yicha hududlar orasida Toshkent katta farq bilan oldinda. Poytaxtda 16 ming 611 ta tadbirkorlik subyekti tashkil etilgan. Bu mamlakat bo‘yicha umumiy ko‘rsatkichning qariyb 22,6 foizini tashkil qiladi.
Toshkent viloyati 7 ming 894 ta yangi tadbirkorlik subyekti bilan ikkinchi o‘rinni egallagan. Uchinchi o‘rinda 6 ming 534 ta ko‘rsatkich bilan Xorazm, to‘rtinchi o‘rinda 5 ming 827 ta bilan Samarqand, beshinchi o‘rinda esa 5 ming 324 ta bilan Farg‘ona joylashgan.
Qashqadaryo 4 ming 646 ta bilan oltinchi, Surxondaryo 4 ming 109 ta bilan yettinchi o‘rinni egallagan. Andijon 3 ming 845 ta bilan sakkizinchi, Jizzax esa 3 ming 837 ta bilan to‘qqizinchi o‘rindan joy olgan. Qizig‘i, bu ikki hududdagi ko‘rsatkichlar o‘rtasida atigi 8 ta farq bor.
Buxoro 3 ming 708 ta bilan o‘ninchi, Namangan 3 ming 678 ta bilan o‘n birinchi, Qoraqalpog‘iston esa 3 ming 335 ta bilan o‘n ikkinchi o‘rinda qayd etilgan.
Navoiy 2 ming 290 ta bilan o‘n uchinchi, Sirdaryo esa 1 ming 943 ta yangi tadbirkorlik subyekti bilan o‘n to‘rtinchi o‘rinni egallagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi savdo korxonalarining hududlar kesimidagi soni e’lon qilingandi.