O‘zbekistonda tug‘ilishlar nega kamaymoqda? — iqtisodchilar tahlili
O‘zbekistonda tug‘ilishlar soni kamaymoqda, ammo bu jarayon asosan shaharlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. 2025-yilda shaharlarda farzandlar soni keskin qisqargan bir paytda, qishloqlarda bu ko‘rsatkich deyarli o‘zgarmagan.

So‘nggi ikki yilda O‘zbekistonda tug‘ilishlar sonining kamayishi haqida ko‘p gapirilmoqda. Bungacha mutaxassislarning aksariyati asosiy sabab sifatida avlodlar almashinuvini ko‘rsatar edi. Ya’ni mustaqillikning ilk yillarida tug‘ilishlar soni kam bo‘lgani uchun bugun farzand ko‘rish yoshiga kirib kelayotgan ayollar soni ham nisbatan kamroq. Ammo 2025 yil statistikasi tug‘ilishlar pasayishida yana bir muhim omil borligini ko‘rsatmoqda: ayollar o‘rtacha hisobda avvalgidan kamroq farzand ko‘rmoqda.
Iqtisodchilar Mirkomil Xolboyev va Otabek Bakirovning tahlillari ham aynan shu nuqtaga e’tibor qaratadi.
Ayollar o‘rtacha qancha farzand ko‘rmoqda?
Demografiyada bu ko‘rsatkich “fertillik” deb ataladi. Oddiy qilib aytganda, bu bir ayol hayoti davomida o‘rtacha qancha farzand ko‘rishini anglatadi.
2025 yilda O‘zbekistonda ushbu ko‘rsatkich 3,23 ni tashkil qildi. 2024 yilda esa bu raqam 3,35 bo‘lgan edi. Demak, bir yil ichida har bir ayol hisobiga to‘g‘ri keladigan farzandlar soni 0,12 taga qisqargan.
Eng muhimi, bu ketma-ket ikkinchi yillik pasayish hisoblanadi. Demografik jarayonlarda ikki yillik uzluksiz pasayish muayyan tendensiya shakllanayotganidan dalolat beradi.

Manba: Mirkonomika
Mirkomil Xolboyev ta’kidlashicha, tug‘ilishlar qisqarishini faqat avlodlar almashinuvi bilan tushuntirish endi tobora qiyinlashmoqda. Chunki farzand ko‘rish yoshidagi ayollar soni o‘zgarishi bilan bir qatorda, har bir ayol tug‘ayotgan farzandlar soni ham kamaymoqda.
Faqat bitta viloyatda o‘sish kuzatilgan
2025 yilda mamlakatning deyarli barcha hududlarida bir ayolga to‘g‘ri keladigan farzandlar soni kamaygan.
Faqat Qashqadaryo viloyatida ushbu ko‘rsatkich o‘sgan. Qolgan barcha hududlarda pasayish qayd etilgan.
Yana bir muhim o‘zgarish shundaki, 2024 yilda faqat Qoraqalpog‘istonda bir ayolga to‘g‘ri keladigan farzandlar soni 3 tadan past bo‘lgan. 2025 yilga kelib bu ro‘yxat ancha kengaydi.
Jumladan:
Toshkent shahri — 2,88;
Sirdaryo viloyati — 2,93;
Buxoro viloyati — 2,94;
Toshkent viloyati — 2,95.
Bu hududlarda har bir ayol hisobiga to‘g‘ri keladigan farzandlar soni 3 tadan pastga tushib ketgan.
Eng katta o‘zgarish Toshkentda
Iqtisodchi Otabek Bakirovning e’tibor qaratishicha, fertillikning eng keskin pasayishi Toshkent shahrida kuzatilgan.
Poytaxtda ko‘rsatkich bir yil ichida 3,14 dan 2,88 gacha tushgan. Bu mamlakat bo‘yicha eng katta pasayish hisoblanadi.
Qizig‘i shundaki, 2017–2023 yillar oralig‘ida aynan Toshkentda fertillik eng tez o‘sgan hududlardan biri bo‘lgan. O‘sha davrda ko‘rsatkich 2,23 dan 3,49 gacha ko‘tarilgan edi.
Bakirovning fikricha, bu yerda hali to‘liq o‘rganilmagan omillar mavjud bo‘lishi mumkin. Xususan, ikkinchi va undan keyingi nikohlar, ichki migratsiya yoki boshqa ijtimoiy jarayonlar bunga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.
Shaharlar va qishloqlar ikki xil yo‘ldan ketmoqda
Tahlillardan ko‘rinadiki, tug‘ilishlar bo‘yicha o‘zgarishlar asosan shaharlarda yuz bermoqda.
2025 yilda shaharlarda bir ayolga to‘g‘ri keladigan farzandlar soni 3,23 dan 3,03 gacha tushgan. Bu 0,20 punktlik pasayish degani.
Qishloqlarda esa vaziyat mutlaqo boshqacha. Bu yerda ko‘rsatkich 3,47 dan 3,44 gacha kamaygan. Ya’ni pasayish atigi 0,03 punktni tashkil qilgan.
Bundan tashqari, oltita hududning qishloq joylarida — Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo, Farg‘ona va Xorazmda fertillik o‘sishda davom etgan.
Ayniqsa, Farg‘ona viloyati diqqatga sazovor. Viloyat qishloqlarida bir ayolga to‘g‘ri keladigan farzandlar soni deyarli 4 nafarga yetgan.
Otabek Bakirov qayd etganidek, ayrim hududlar qishloqlarida fertillik 2017 yildan beri uzluksiz o‘sib kelmoqda. Shu bois shaharlarda kuzatilayotgan keskin pasayish qishloqlarda hali namoyon bo‘lgani yo‘q.
Bu nimaga olib kelishi mumkin?
Mirkomil Xolboyevning ta’kidlashicha, tarixda fertillik pasayishi har doim ham tug‘ilishlar sonining kamayishiga olib kelmagan. Masalan, 2004–2005 yillarda bir ayolga to‘g‘ri keladigan farzandlar soni qisqargan bo‘lsa-da, mamlakatda tug‘ilishlar soni kamaymagan.
Shuningdek, 2009–2012 yillarda bu ko‘rsatkich to‘rt yil ketma-ket pasaygan bo‘lsa ham, tug‘ilishlar soni faqat ikki yilda qisqargan.
Biroq bugungi vaziyatning farqi shundaki, fertillik pasayishi avlodlar almashinuvi bilan bir vaqtda sodir bo‘lmoqda. Shu sababli ikki omil bir-birini kuchaytirishi mumkin.
Agar keyingi yillarda ham shaharlarda ayollar tug‘ayotgan farzandlar soni kamayishda davom etsa, O‘zbekistonda tug‘ilishlar bo‘yicha so‘nggi o‘n yillikda kuzatilgan o‘sish trendi to‘xtashi yoki uzoq muddatli pasayishga o‘tishi mumkin.
Mirkomil Xolboyev fikricha, tug‘ilishlar qisqarishini faqat avlodlar almashinuvi bilan izohlash tobora qiyinlashmoqda. So‘nggi ikki yilda ayollar o‘rtacha ko‘rayotgan farzandlar soni ham kamaygani tug‘ilishlar statistikasiga jiddiy ta’sir qila boshlagan bo‘lishi mumkin. Keyingi yillarda bu tendensiya davom etsa, mamlakatda tug‘ilishlar o‘sishi haqidagi avvalgi prognozlar qayta ko‘rib chiqilishi ehtimoldan xoli emas.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda nikohlar va tug‘ilishlar soni qisqarayotgani haqida yozgan edik. Lekin bu holat turmush qurish yoshining o‘sishi bilan emas, aholi tarkibidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Teglar






