O‘zbekistondagi bank depozitlarining qariyb 77 foizi Toshkent shahrida jamlangan

Bugun 19:342 daqiqa

Ayni paytda, poytaxtdan tashqari hududlarda kredit portfeli depozitlarga nisbatan ancha yuqori bo‘lib, jami kreditlar 333,6 trln so‘mni, depozitlar esa 101,6 trln so‘mni tashkil etgan.

O‘zbekistondagi bank depozitlarining qariyb 77 foizi Toshkent shahrida jamlangan © Foto: spot.uz

O‘zbekiston bank tizimida depozitlar hududlar kesimida keskin nomutanosib taqsimlangan. 2026-yil 1-aprel holatiga banklardagi jami depozitlar 433,9 trln so‘mga yetgan bo‘lsa, uning 332,3 trln so‘mi Toshkent shahrida jamlangan.

Bu jami depozitlarning 76,6 foizi degani. Boshqacha aytganda, bank tizimidagi har 100 ming so‘mlik depozitning qariyb 77 ming so‘mi poytaxt hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Qolgan hududlar — Qoraqalpog‘iston Respublikasi va 12 ta viloyat birgalikda 101,6 trln so‘mlik depozitga ega. Ya’ni Toshkent shahridagi depozitlar qolgan barcha hududlar jamidan 3,3 baravar ko‘p.

Eng katta farq yuridik shaxslar depozitida ko‘rinadi. Bank tizimidagi korporativ depozitlar 268 trln so‘mni tashkil qilgan. Shundan 238,4 trln so‘mi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi. Bu yuridik shaxslar depozitlarining 89 foizi poytaxtda jamlanganini anglatadi.

Aholi omonatlarida ham Toshkent yetakchi, lekin farq nisbatan pastroq. Jismoniy shaxslar depozitlari jami 165,9 trln so‘m bo‘lib, shundan 93,9 trln so‘mi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu aholiga tegishli omonatlarning 56,6 foizi demakdir.

Kreditlar bo‘yicha vaziyat qanday? 

Kreditlar bo‘yicha esa manzara boshqacharoq. Bank tizimidagi jami kredit portfeli 623,3 trln so‘mni tashkil etgan. Shundan 289,6 trln so‘mi yoki 46,5 foizi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi.

Ya’ni depozitlarda Toshkentning ulushi 76,6 foiz bo‘lsa, kreditlarda bu ko‘rsatkich 46,5 foiz atrofida. Jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlarda esa Toshkent ulushi 29,9 foiz atrofida. Bu aholiga berilgan kreditlarning katta qismi hududlarga to‘g‘ri kelayotganini ko‘rsatadi.

Toshkent shahrida depozitlar hajmi kredit portfelidan ham yuqori. Poytaxt banklarida 332,3 trln so‘mlik depozit mavjud bo‘lsa, kredit portfeli 289,6 trln so‘mni tashkil qilgan. Ya’ni Toshkentda depozitlar kreditlardan 42,7 trln so‘mga ko‘p.

Hududlarda esa aksincha holat kuzatiladi. Toshkentdan tashqari barcha hududlarda jami kredit portfeli 333,6 trln so‘m bo‘lsa, depozitlar 101,6 trln so‘mni tashkil qilgan. Bu hududlarda kreditlar depozitlardan 232 trln so‘mga ko‘p ekanini ko‘rsatadi.

Toshkentdan keyin depozitlar hajmi bo‘yicha Samarqand viloyati 12,6 trln so‘m, Buxoro viloyati 11,5 trln so‘m va Xorazm viloyati 11,4 trln so‘m bilan yuqori o‘rinlarda turibdi. Eng past ko‘rsatkichlar esa Sirdaryo — 2 trln so‘m, Jizzax — 3,4 trln so‘m va Namangan — 4,3 trln so‘m hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Kreditlarning depozitlarga nisbati bo‘yicha eng katta tafovut Sirdaryo viloyatida kuzatilgan. Viloyatda kredit portfeli 19,5 trln so‘m, depozitlar esa 2 trln so‘mni tashkil qilgan. 

Ya’ni kreditlar depozitlardan 9,6 baravar yuqori. Keyingi o‘rinlarda Jizzax — 5,9 baravar, Namangan — 5,2 baravar, Farg‘ona — 4,4 baravar va Surxondaryo — 4 baravar ko‘rsatkich bilan turibdi.

Teglar

Fozil Qambarov

Fozil QambarovMaqolalar soni: 180

Barchasi

Mavzuga oid