Prezident dori ishlab chiqaruvchilarga bir qator imtiyozlar berdi

Yangi farmonga muvafiq, 2026 yil 1-iyundan boshlab soliqdan kichik qarzdorligi mavjud korxonalarga ham, istisno tariqasida, davlat xaridlarida ishtirok etishga ruxsat beriladi.

Prezident dori ishlab chiqaruvchilarga bir qator imtiyozlar berdi

O‘zbekiston Prezidentining «Farmatsevtika tarmog‘ida ishlab chiqarishni rag‘batlantirish va ilmiy tadqiqot jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni e’lon qilindi. Hujjatga muvofiq, 2026 yil yakuniga qadar mahalliy farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini 8,5 trillion so‘mga yetkazish strategik maqsad etib belgilandi.

Shu bilan birga, quyidagilar ham 2026 yilda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib belgilandi:

• ishlab chiqarish hajmini 8,5 trillion so‘mga yetkazish;

• qiymati 1 milliard AQSH dollari bo‘lgan istiqbolli investitsiya loyihalarini shakllantirish;

• 800 million AQSH dollarlik yangi investitsiya loyihalarini boshlash;

• mahsulot va xizmatlar eksportini 300 million AQSH dollariga yetkazish;

• 350 turdagi yangi mahsulotlarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish;

• “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hududini kengaytirish orqali mintaqadagi biotexnologiya va farmatsevtika ilmiy tadqiqot va ishlab chiqarish xabi – “BioPharma City”ga aylantirish.

Tarmoq korxonalarini qo‘llab-quvvatlash choralari

Shuningdek, farmatsevtika tarmog‘ida raqobatbardosh va sifatli farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish va investitsiyalarni rag‘batlantirish maqsadida original dori vositalarining patent muddati tugagandan so‘ng 1 yil ichida ushbu dori vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan ishlab chiqaruvchilarga “texnologiyalar transferi” xarajatlarining 50 foizi, biroq 50 ming AQSH dollaridan ko‘p bo‘lmagan qismi yoki mahsulotni yaratishdagi ilmiy tadqiqot xarajatlarining 50 foizi, biroq 100 ming AQSH dollaridan ko‘p bo‘lmagan qismi Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

2027 yil 1-yanvardan boshlab “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti – GMP” milliy sertifikatiga ega bo‘lgan korxonalarga ularning ishlab chiqarish liniyalarida ushbu sertifikat amal qilish muddati davrida belgilangan tartib va qoidalar asosida biologik faol qo‘shimchalarni ishlab chiqarishga ruxsat beriladi.

2026 yil 1-iyundan boshlab quyidagilar Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi:

• dori vositalarini ishlab chiqaruvchilarga EU GMP, US FDA GMP rasmiy sertifikatlarini joriy qilishda, shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining prekvalifikatsiyasini olishda xorijiy konsalting xizmatlari hamda EU GMP, US FDA GMP sertifikatlari uchun xarajatlarning 50 foizi, lekin 50 ming AQSH dollaridan ko‘p bo‘lmagan qismi;

• ilmiy-tadqiqot institutlari va ta’lim muassasalari tomonidan yaratilgan O‘zbekistonda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmagan dori vositalari va tibbiy jihozlarni ishlab chiqaruvchilarga ushbu dori vositalarini sanoat miqyosida ishlab chiqarib, realizatsiya qilgandan so‘ng ro‘yxatdan o‘tkazish, klinik sinov va bioekvivalentlik tadqiqotlari xarajatlarining 80 foizi, lekin 8 ming AQSH dollaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;

• mazkur Farmonning 1-ilovasiga muvofiq yuqori texnologiyali dori vositalarini ishlab chiqarishga qaratilgan yangi investitsiya loyihalarini 3 yil muddatda foydalanishga topshirib, sanoat miqyosida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlik subyektlariga 2 yil muddatga loyiha doirasida jalb qilingan kreditlar bo‘yicha kredit foiz xarajatlari Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan quyidagi tartibda kompensatsiya qilib beriladi:

• foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining ikki baravaridan ortiq bo‘lmagan milliy valutadagi kreditlarning asosiy stavkadan 4 foiz punkt yuqori qismi, lekin 10 foiz punktdan oshmagan miqdorda;

• xorijiy valutadagi kreditlar foiz stavkasining 6 foizdan yuqori qismi, biroq 4 foiz punktdan oshmagan miqdorda.

Nimalar o‘zgaradi?

Farmonga muvofiq, 2026 yil 1-iyundan boshlab farmatsevtika va boshqa ishlab chiqaruvchi korxonalarga, istisno tariqasida, Soliq qo‘mitasi axborot dasturi orqali operatorlarga taqdim etiladigan ma’lumotga ko‘ra soliqlar va yig‘imlarni to‘lash bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdoridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda qarzdorlik mavjud bo‘lganda, qarzdorlik summasi ushbu miqdordan yuqori bo‘lgan holatlarda esa qarzdorlik shakllangan kundan boshlab o‘n kun muddatda davlat xaridlarida ishtirok etishga ruxsat beriladi.

2026 yil 1-sentabrga qadar mahalliylashtirish darajasidan qat’i nazar, belgilangan tartibda mahalliy ishlab chiqarilgan tovar to‘g‘risidagi sertifikatga ega bo‘lgan farmatsevtika va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi korxonalarga elektron kooperatsiya portali, ishlab chiqaruvchilar ekotizimi, mahalliy auksion savdolari va “milliy do‘kon”da ushbu mahsulotlarni realizatsiya qilishga ruxsat beriladi.

Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi ikki oy muddatda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunga mazkur Farmonning 4-bandidan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

Imtiyozlar

Hujjatga ko‘ra, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish, dorivor o‘simliklarni madaniy holda yetishtirish yoki ularni qayta ishlashga yo‘naltirilgan investitsiya loyihalarini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari 2040 yilga qadar investitsiya loyihalari boshlangan sanadan e’tiboran 3 yil muddatga investitsiya loyihalari amalga oshiriladigan yer uchastkalari bo‘yicha yer solig‘i, investitsiya loyihalari foydalanishga qabul qilingan kundan boshlab 3 yil muddatga investitsiya loyihalari doirasida foyda solig‘i hamda qurilgan ko‘chmas mulk obyektlari bo‘yicha mol-mulk solig‘idan ozod etiladi.

Faoliyatini doimiy muassasa orqali amalga oshirmayotgan norezidentlarning O‘zbekiston Respublikasi hududida dori vositalari va tibbiy jihozlarni ishlab chiqarishda qo‘llanadigan texnologiyalar transferi va brend nomi uchun royalti ko‘rinishida olinadigan daromadlari bo‘yicha, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, foyda solig‘i stavkasi 2030 yil 1-yanvarga qadar 5 foiz miqdorida qo‘llanadi.

Mazkur soliq imtiyozlari ishlab chiqarilgan farmatsevtika mahsulotlarini realizatsiya qilishdan yoki dorivor o‘simliklarni madaniy holda yetishtirish yoxud ularni qayta ishlashdan olingan daromadlar ulushi soliq to‘lovchining jami daromadi umumiy hajmida kamida 60 foizni tashkil etganda qo‘llaniladi.

Bunda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan soliq organlariga investitsiya loyihasini amalga oshirish boshlangan sana va uni foydalanishga topshirish sanasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim etib boriladi.

Teglar

Mavzuga oid