«Rosatom»ning moliyaviy muammolari Markaziy Osiyoning yadroviy energiya ambitsiyalarini xavf ostida qoldirmoqda
Budjet qisqartirishlari Qozog‘iston va O‘zbekistondagi loyihalarni shubha ostiga qo‘ydi.
© Foto: orda.kzQozog‘iston va O‘zbekiston yaqin orada atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha rejalarini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘lishi mumkin. Sababi, har ikki Markaziy Osiyo davlatida atom elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha kelishuvlarga ega bo‘lgan Rossiyaning «Rosatom» davlat yadro korporatsiyasi katta moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
«Rosatom» rahbari Aleksey Lixachyov kompaniya «iqtisodiy sharoitlarning yomonlashgani» sababli joriy yilda investitsiya dasturini qariyb 50 foizga qisqartirayotganini ma’lum qildi. U «Rosatom» keyingi 18 oy ichida operatsion xarajatlarni 10 foizga kamaytirishga harakat qilishini aytdi.
«Biz bir qator loyihalardan darhol voz kechdik yoki ularni amalga oshirish muddatlarini keyingi davrga ko‘chirdik. Bunda asosiy mezon — 2030-yilgacha bo‘lgan davrda samaradorlik, ya’ni har bir investitsiya rubliga ko‘proq foyda va daromad olish imkoniyatidir», — degan u.
Kompaniyaning moliyaviy muammolari ko‘pincha Rossiyaning Ukrainadagi urushi bilan bog‘lanmoqda. Bu mojaro Rossiyaning moliyaviy imkoniyatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Bundan tashqari, xalqaro sanksiyalar ham «Rosatom» faoliyatiga qiyinchilik tug‘dirmoqda.
Lixachyov qaysi loyihalar qisqartirilishi yoki kechiktirilishini aniq aytmagan. Qozog‘iston 2025-yilda «Rosatom» kompaniyasiga mamlakatdagi birinchi atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha shartnoma bergan edi. AES Balxash ko‘li sohillarida qurilishi rejalashtirilgan. Shundan keyin loyiha kechikishlar va turli kelishmovchiliklarga duch keldi. Ko‘plab kuzatuvchilar bu holat «Rosatom»ning moliyalashtirish masalasidagi qiyinchiliklari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan edi.
Lixachyovning so‘nggi bayonoti ushbu loyiha 2030-yillarning o‘rtalariga mo‘ljallangan ishga tushirish muddatiga ulgurishi borasidagi shubhalarni yanada kuchaytirdi. «Rosatom» O‘zbekistonda ham kichik quvvatli atom elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha dastlabki kelishuvga ega. 2026-yil boshida kompaniya vakillari moliyalashtirish bo‘yicha xavotirlarni kamaytirish maqsadida loyihani kengaytirib, atom energetikasi klasterini yaratishni taklif qilgan edi. Lixachyovning yangi bayonoti Toshkentdagi shubhalarni yanada kuchaytirishi mumkin.
Biroq Qozog‘iston va O‘zbekistonning «Rosatom»ga muqobil variantlari ham mavjud. Qozog‘iston allaqachon Xitoy kompaniyasi bilan mamlakatda ikkita atom elektr stansiyasi qurish bo‘yicha kelishuvga ega. Shuningdek, Qozog‘iston va O‘zbekiston AQSH bilan kichik modulli atom reaktorlarini (SMR) rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qilishga qiziqish bildirgan.
Tarixan Rossiya hukumati uchun katta daromad manbalaridan biri bo‘lib kelgan «Rosatom» moliyaviy muammolarga duch kelayotgan yagona yirik Rossiya kompaniyasi emas. Energetika giganti «Gazprom» aksiyalari narxi ham so‘nggi uch oy ichida keskin tushib ketdi. Hozir kompaniyaning bozor qiymati atigi 25 milliard dollar atrofida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Moskva Markaziy Osiyoda «yadroviy zanjir» yaratishda davom etayotgani, O‘zbekiston va Qozog‘istondan so‘ng Qirg‘iziston ham Rossiyaning atom loyihalari orbitasiga kirayotgani haqida yozgan edik.





