
Soliq qarzi yuqori bo‘lgan qurilish korxonalari ma’lum qilindi
2026 yil 1-yanvar holatiga soliq qarzi 100 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan qurilish korxonalari 1 243 taga yetdi, ularning jami qarzi 1,3 trln so‘mni tashkil qilmoqda.

2026 yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, qurilish sohasida soliq qarzi 100 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan korxonalar soni 1 243 tani tashkil etdi. Ushbu korxonalarning jami soliq qarzi 1 trln 350 mlrd so‘mga yetdi, deb xabar bermoqda Soliq qo‘mitasi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, soliq qarzdorligining 522,5 mlrd so‘mi, ya’ni 38,7 foizi soliq qarzi eng yirik bo‘lgan 10 ta korxona hisobiga to‘g‘ri keladi.
Hududlar kesimida eng yirik soliq qarzi Toshkent shahrida qayd etilgan. Poytaxtda 250 ta qurilish korxonasi 492,2 mlrd so‘m soliq qarzi bilan ro‘yxatga olingan. Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati 125,9 mlrd so‘m, Andijon viloyati 124,6 mlrd so‘m va Buxoro viloyati 83,1 mlrd so‘m ko‘rsatkich bilan joy olgan.
Shuningdek, Navoiy viloyatida soliq qarzi 81 mlrd so‘mni, Samarqand viloyatida 64,1 mlrd so‘mni tashkil etgan. Farg‘ona viloyatida 46,6 mlrd so‘m, Xorazm viloyatida 38,8 mlrd so‘m, Sirdaryo viloyatida 38,1 mlrd so‘m soliq qarzi qayd etilgan. Namangan (31,2 mlrd so‘m), Surxondaryo (29,9 mlrd so‘m), Jizzax (27,9 mlrd so‘m) va Qashqadaryo (24,9 mlrd so‘m) viloyatlari esa oxirgi o‘rinlarni egallagan.
Qurilish sohasida soliq qarzi eng yuqori bo‘lgan korxonalar ro‘yxatida «Tash Building» MCHJ 107 mlrd so‘m qarz bilan birinchi o‘rinni egalladi. Undan keyin «Ko'prikqurilish» AJ (81,9 mlrd so‘m) va «Azia Invest Favorit» MCHJ (73,7 mlrd so‘m) turibdi.
Ro‘yxatning keyingi o‘rinlarida «Avtosanoat-injiniring» MCHJ (63,4 mlrd so‘m), «Ta'mirlash qurish servis» MCHJ (50,4 mlrd so‘m) va «Yorqin sadaf fasli» MCHJ (40,8 mlrd so‘m) joy olgan. Shuningdek, «DM AJ BK NATEK», «Agro Asia Trade Servis», « Grand Road Tashkent» va «Obod-dastur-qurilish» korxonalari ham eng yirik qarzdorlar qatoriga kirgan.





