Telegram narkodo‘kon orqali giyohvandlik vositalarini sotganlar qo‘lga olindi
Toshkentda ikki shaxs «zakladka» orqali giyohvandlik vositalari tarqatgani aniqlandi. Ular narkodo‘konlar orqali oyiga 10 kgga yaqin turli xildagi giyohvandlik vositalarini tarqatib kelishgan.
© Videodan kadr3-avgust kuni Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida 1993 va 1992 yillarda tug‘ilgan ikki shaxs giyohvandlik vositalarini «zakladka» usulida tarqatayotgan vaqtda qo‘lga olindi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxslardan biri avval Jinoyat kodeksining 228-moddasi 1 va 2-qismlari hamda 168-moddasi bilan sudlangan.
Tezkor tadbirlar davomida ularga tegishli «Neksiya 3» avtomashinasini tekshirilganda, 20 gramm gashish yog‘i aniqlanib, daliliy ashyo sifatida olingan
IIV ma’lumotiga ko‘ra, gumondorlar 2025 yildan beri «Telegram» platformasidagi narkodo‘konda omborchi bo‘lib ishlagan. Ular har oy qariyb 10 kilogramm turli giyohvandlik vositalarini tarqatib kelgan.
Shuningdek, gumondorlarning yashagan manzili ko‘zdan kechirilganda, uydan 2 kilogramm gashish yog‘i, marixuana va gashish, shuningdek izolenta hamda narkotiklarni qadoqlash va tarqatishda ishlatilgan boshqa ashyolar aniqlangan.
Qayd etilishicha, tadbirlar davomida 10 700 dozaga teng bo‘lgan jami 2 kg 170 gr giyohvandlik vositalari iste’moldan olib qo‘yilgan.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Holat yuzasidan ushlangan shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 6-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shu bilan birga, IIV fuqarolarni shubhali faoliyat yoki shaxslar haqida ma’lumot bo‘lsa, «Stopnarko_bot» Telegram boti yoki ishonch telefonlari orqali xabar berishga chaqirdi.




