Logo

Toshkent metrosiga 28 ta yangi poyezd olib kelinadi

Bugun 18:552 daqiqa

Poytaxt metropolitenida yo‘lovchilar oqimini oshirish va bekatlardagi tirbandlikni kamaytirish maqsadida yangi poyezdlar olib kelinadi, yana 40 ta poyezd besh vagonli tizimga o‘tkaziladi.

Toshkent metrosiga 28 ta yangi poyezd olib kelinadi © Foto: transphoto

Keyingi ikki yilda Toshkent metropoliteniga 28 ta yangi besh vagonli poyezd olib kelinadi, hozir foydalanilayotgan 40 ta to‘rt vagonli poyezd esa besh vagonli tizimga o‘tkaziladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining ilmiy-amaliyot markazida transport-logistika sohasi investorlari va tadbirkorlari bilan o‘tkazgan uchrashuvida ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, hozirda poytaxtdagi yo‘lovchilarning 46 foizi metro xizmatidan foydalanmoqda. Metropolitendan kunlik foydalanish 25 foizga oshgan va yil yakuniga qadar yo‘lovchilar soni kuniga 1,3 mln nafarga yetishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, bekatlarda tirbandlik va poyezdlarga chiqishda navbatlar kuzatilayotgani ta’kidlandi. Yangi poyezdlarni olib kelish va mavjudlarini besh vagonli tizimga o‘tkazish ushbu muammoni kamaytirishga qaratilgan.

Avtobus yo‘nalishlari va tadbirkorlarga imtiyozlar

Uchrashuvda jamoat transportini rivojlantirish va yo‘lovchilarga qulay sharoit yaratish bo‘yicha boshqa vazifalar ham belgilandi. Jumladan, poytaxtni aglomeratsiya hududlari bilan bog‘lovchi, uzunligi 20 kilometrgacha bo‘lgan barcha avtobus yo‘nalishlari to‘liq «brutto» tizimiga o‘tkaziladi.

Shuningdek, kamida 100 ta avtobusga mo‘ljallangan avtobus saroylarini quradigan tadbirkorlarning qurilish xarajatlari soliq bazasidan chegirib beriladi. Mutasaddilarga bir oy muddatda olis hududlarni shaharlar bilan bog‘lovchi yo‘nalishlar uchun tadbirkorlarga manfaatli yangi moliyalashtirish mexanizmini ishlab chiqish topshirildi.

Ma’lum qilinishicha, so‘nggi uch yilda tadbirkorlar tomonidan 3,5 mingdan ziyod zamonaviy avtobus olib kelindi, 330 ta yo‘nalish yangi tizimga o‘tkazildi. Natijada kunlik yo‘lovchilar oqimi Toshkentda ikki barobar, hududlarda esa 2,5 barobar oshgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 1,6 mlrd dollarlik 9 ta yirik logistika markazi qurilihi haqoda xabar berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid