Logo

Toshkentda chiqindi olib chiqish tarifini kishi boshiga oyiga 10 ming so‘mga oshirish taklif etildi

Yangi tariflar 15 kun davomida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi va shahar Kengashi sessiyasida ko‘rib chiqiladi.

Toshkentda chiqindi olib chiqish tarifini kishi boshiga oyiga 10 ming so‘mga oshirish taklif etildi

Toshkent shahrida 2027 yil uchun aholidan qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqish xizmati tarifini bir kishi uchun bir oyda 10 000 so‘m (QQSsiz) miqdorida belgilash ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent shahri Kengashining 2026 yil 25-noyabrdagi DKQ 03-05/140-26-sonli doimiy komissiya qarorida ma’lum qilindi.

rasm

Mahalliy hokimiyat vakillik organlari portalida («kengash.gov.uz») e’lon qilingan hujjat «Maxsustrans — ishlab chiqarish boshqarmasi» davlat muassasasi tomonidan 2027 yil uchun maishiy chiqindi xizmatlariga to‘lov tariflarini ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan. Qarorning 1-ilovasida chiqindilarni olib chiqib ketish, qayta yuklash stansiyalari, poligonlarni tasarruf etish hamda chiqindilarni ekosanoat zonalariga yetkazib berish xizmatlari uchun tariflar miqdori keltirilgan.

Budjet tashkilotlari, yuridik shaxslar va tadbirkorlar uchun tariflar

Hujjatga ko‘ra, budjet tashkilotlari, yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga maishiy chiqindilarni olib chiqish bo‘yicha quyidagi tariflar (QQSsiz) belgilangan:

— Qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqish: 1 m³ uchun 119 969,79 so‘m;
— Suyuq maishiy chiqindilarni olib chiqish: 1 tonna uchun 251 744,65 so‘m.

Qaror ilovasida budjet tashkilotlari, yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun Bektemir, Yakkasaroy va Yunusobod qayta yuklash stansiyalari hamda «Ohangaron» poligoni orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar tariflari (QQSsiz) ham alohida ko‘rsatilgan:

— Qayta yuklash stansiyalaridan tashish: qattiq maishiy chiqindilarni Bektemir, Yakkasaroy va Yunusobod qayta yuklash stansiyalaridan maxsus yuk mashinalari yordamida «Ohangaron» poligoniga tashish xizmati (CHQYU va UK filiali) — 1 tonna uchun 104 676,50 so‘m;

— Qayta yuklash stansiyalarida qabul qilish: qattiq maishiy chiqindilarni Bektemir, Yakkasaroy va Yunusobod qayta yuklash stansiyalarida qabul qilish xizmati (CHQYU va UQ filiali) — 1 tonna uchun 155 281,27 so‘m. Qayd etilishicha, ushbu tarifga chiqindilarni qayta yuklash stansiyalarida presslash (zichlash) hamda chiqindi poligonida utilizatsiya qilish xarajatlari kiritilgan;

— Poligonda qabul qilish va utilizatsiya qilish: qattiq maishiy chiqindilarni «Ohangaron» poligoniga qabul qilish va utilizatsiya qilish xizmati (CHQYU va UK filiali) — 1 tonna uchun 79 199,28 so‘m;

— Poligonda qabul qilish va ko‘mish: qattiq maishiy chiqindilarni «Ohangaron» poligoniga qabul qilish va ko‘mish xizmati (CHQYU va UQ filiali) — 1 tonna uchun 1 148 146,48 so‘m.

Teglar

Mavzuga oid