Toshkentdagi pivo festivali tashkilotchilari jazolandi
Prezident Administratsiyasi rahbari Ruslanbek Davletov rahbarlik qiladigan xizmatning bosh inspektorini egallab turgan lavozimidan ozod qildi. Davletov ham jazolandi.

Joriy yilning 5-7-iyun kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan pivo festivali tashkilotchilariga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanildi. Bu haqda «Ezgulik» inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi Ruslanbek Davletovga Mehnat Kodeksining 312-moddasiga ko‘ra, hayfsan intizomiy chorasi qo‘llanilgan. Moddiy rag‘batlantirish ko‘rsatkichlari bekor qilingan.
Ruslanbek Davletov rahbarlik qiladigan xizmatning bosh inspektori Suhrob Yusupov Prezident Administratsiyasi rahbarining farmoyishi bilan lavozimidan ozod qilingan. Farmoyish ijrosi Administratsiya Kompleans xizmati boshlig‘i Erkin Yuldashev va Ishlar boshqarmasi boshlig‘i Zelimxon Haydarov zimmasiga yuklatilgan.
Ma’lumot uchun, mazkur festival Toshkent shahrida joylashgan Taras Shevchenko ko‘chasida o‘tkazilgan. Poytaxt hokimligi o‘z rasmiy sahifasida festivalni salqin ichimliklar festivali deya e’lon qilgan.
«Reklama to‘g‘risida»gi qonunning 39-moddasiga muvofiq, pivoni, tabiiy va ko‘piklanadigan vinolarni reklama qilishda rag‘batlantiruvchi aksiyalar yoki shunga o‘xshash boshqa tadbirlar o‘tkazishga, madaniy-ko‘ngilochar, ommaviy va sport tadbirlariga homiylik qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.





