Tramp kuzda Kim Chen In bilan uchrashishni rejalashtirmoqda — OAV
Mazkur uchrashuv noyabr oyida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

AQSH prezidenti Donald Tramp joriy yilning kuzida Xitoyning Shenchjen shahrida Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan uchrashishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Amerika rasmiylariga tayanib, «The Wall Street Journal» ma’lum qildi.
Manbalarga ko‘ra, mazkur uchrashuv noyabr oyida Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (OTOIH) sammiti doirasida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Hozircha sammitga rasmiy tayyorgarlik boshlanmagan.
Oq uy vakillarining bildirishicha, ikki davlat rahbarlarining muzokaralari «buning uchun mos vaqt kelganda» bo‘lib o‘tadi.
Rasmiylarning fikricha, Tramp ushbu uchrashuv orqali Pxenyanning yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralarni qayta tiklashni maqsad qilgan.
Yadroviy muzokaralar va avvalgi aloqalar
Donald Tramp o‘zining birinchi prezidentlik muddati davomida KXDR yetakchisi bilan uch marta shaxsan uchrashgan. Biroq o‘sha vaqtda Shimoliy Koreyaning yadroviy infratuzilmasini demontaj qilish bo‘yicha olib borilgan muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan edi.
Stenford universiteti Xavfsizlik va xalqaro hamkorlik markazining Pxenyan yadroviy dasturi bo‘yicha eksperti Jeffri Lyuisning ta’kidlashicha, o‘tgan davr mobaynida Shimoliy Koreyaning yadroviy arsenali sezilarli darajada o‘sgan.
«Namoyish etilgan yuzlab uchirish qurilmalari hamda har yili ishlab chiqarilayotgan plutoniy va yuqori boyitilgan uran hajmiga qarab aytadigan bo‘lsak, Shimoliy Koreya arsenali hozirda bir necha yuztani tashkil etishi ehtimolga yaqin», — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirdi nashr.
Bundan avvalroq esa AQSH prezidenti KXDR rahbari uning ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazish haqidagi taklifiga ijobiy javob qaytarganini ma’lum qilgandi.
Shuningdek, Tramp ijtimoiy tarmoqlarda Kim Chen In bilan tushgan qo‘shma suratini joylab, u bilan yaxshi munosabatda ekanini urg‘ulagan. Bundan tashqari, «Interfax» nashrining xabar berishicha, davlat rahbari Shimoliy Koreya yetakchisi bilan o‘rnatilgan ana shunday «yaxshi munosabatlar» sababli, Pentagonga AQSH va Janubiy Koreyaning qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari ko‘lamini qisqartirish bo‘yicha ham topshiriq bergan.





