Logo

Ukraina urush taqdirini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan tizim ustida ishlayotgani ma’lum bo‘ldi

Qorabog‘ urushi va Ukrainadagi harbiy harakatlar bir haqiqatni yuzaga chiqardi: qiymati millionlab dollar turadigan tanklar o‘nlab barobar arzon dronlar qarshisida ojiz qoldi. Tank o‘z davrining «qiroli» maqomini yo‘qotdimi? Ukraina Qurolli Kuchlari bu tendensiyani o‘zgartirishga urinmoqda.

Ukraina urush taqdirini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan tizim ustida ishlayotgani ma’lum bo‘ldi

44 kunlik Ikkinchi Qorabog‘ urushi va undan keyin Ukrainada boshlangan keng ko‘lamli urush qurolli to‘qnashuvlarda tanklarning va umuman, barcha zirhli texnikalarning roli haqidagi tasavvurlarni tubdan o‘zgartirib yubordi.

Qorabog‘ urushida Ozarboyjon armiyasining «Bayraktar TB2» va boshqa zarbador dronlari Armanistonning zirhli texnikalarini ommaviy ravishda yo‘q qildi. Ba’zida dushman texnikalariga hattoki jangovar pozitsiyaga chiqishga ham imkon berilmadi. Bu holat dunyoning yetakchi davlatlari, jumladan, AQSH va Rossiyani o‘z harbiy doktrinalarini qayta ko‘rib chiqishga majbur qildi.

Jang tajribalarini tahlil qilgan harbiy mutaxassislar tanklar jang maydonidagi asosiy zarbador kuch maqomini yo‘qotmoqda, degan xulosaga kelishdi. Sababi oddiy: qiymati millionlab dollar turadigan zirhli texnikalar o‘zlaridan o‘nlab barobar arzon bo‘lgan dronlar yoki ulardan uchiriladigan raketalar orqali osongina mahv etilmoqda.

Mutaxassislar tanklarni dronlardan himoya qilish yo‘llarini topishga harakat qilishgan. 2021 yilning oxirida Rossiyaning Ukraina chegarasiga yaqin harbiy poligonlaridan birida tepa qismiga oddiy metall konstruksiyalar payvandlangan T-72 va T-90 tanklari ko‘rinish berdi. O‘sha vaqtda Rossiya qo‘shni davlatga bostirib kirishga hozirlik ko‘rayotgan va chegarada qo‘shin to‘playotgan edi.

Bu g‘ayrioddiy tanklarni ko‘rgan harbiy tahlilchilar ular aynan Ukrainaga hujum qilish uchun hozirlanmoqda, degan xulosaga kelishdi. Zero, Ukraina Qurolli Kuchlari Turkiyadan allaqachon «Bayraktar TB2» dronlarini sotib olgan bo‘lib, Rossiya tanklari bunday qurol qarshisida ojiz qolishi kundek ravshan edi.

To‘g‘ri, urush davomida bu turdagi metall konstruksiyalar (armiya jargonida — «mangal») tanklarni dronlardan asrab qola olmadi: ular tank minorasi bilan qo‘shilib portlab ketaverdi. Shunga qaramay, tankning eng zaif nuqtalari — minorasi va yonilg‘i baklarini himoya qilish maqsadida shunday metall «shlem»larni o‘rnatish amaliyoti keng tarqaldi. Boshqa birorta samarali himoya vositasi ko‘rinmayotgan bir paytda, bu «shlem»lar tankning omon qolishi uchun oz bo‘lsa-da umid berardi.

1

Keyinchalik dronlarning turlari yanada ko‘payib, har ikki tomon ulardan ommaviy ravishda foydalana boshladi va tepasiga metall konstruksiya payvand qilingan tanklar jang maydonida tobora kamroq ko‘rinadigan bo‘ldi. Oldinga siljishga uringan har qanday tank dushman dronlarining uzluksiz hujumiga duchor bo‘lardi. To‘g‘ri, ba’zida bitta tankni yo‘q qilish uchun o‘nlab FPV-dronlarini sarflashga to‘g‘ri kelardi. Biroq bunday o‘q-dorilarning umumiy narxi yo‘q qilingan texnika qiymati oldida baribir arzimas edi.

Ukrainadagi to‘rt yildan ortiq davom etayotgan keng ko‘lamli urush har ikki tomondagi tanklar sonini sezilarli darajada kamaytirib yubordi. Masalan, Ukraina Bosh shtabining hisob-kitoblariga ko‘ra, 3-iyun holatiga kelib Rossiya qariyb 37 ming dona zirhli texnikasidan — jumladan, taxminan 12 mingta tank va 24,7 mingta jangovar zirhli mashinasidan ayrilgan.

«Oryx» xalqaro tahliliy loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra esa, Ukrainaning urush davomidagi zirhli texnika yo‘qotishlari qariyb 6 ming donani tashkil qilib, ularning 1,4 mingga yaqini tanklardir.

Bu shunchalik ulkan raqamki, u hatto Fransiya yoki Germaniya kabi yirik Yevropa davlatlarining butun boshli zirhli tank parkidan ham o‘nlab barobar ko‘pdir.

Shu tariqa, Ukraina urushida tanklar o‘zlarining avvalgi rolini yo‘qotganini tan olishga to‘g‘ri keldi. Hozirda ulardan hujum operatsiyalarida emas, balki ko‘proq mudofaa vazifalarida yoki artilleriya o‘rnini bosuvchi vosita sifatida yopiq pozitsiyalardan turib o‘t ochishda foydalanilmoqda. Bunda tank nishonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarab emas, balki boshpanada turgan holda koordinatalar bo‘yicha zarba beradi. Bu esa dushmanning javob zarbasiga duchor bo‘lish xavfini minimallashtiradi.

2

Biroq so‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Ukraina qo‘mondonligi tanklarni qaytadan jangga kiritish va ulardan samarali foydalanish yo‘llarini allaqachon topgan yoki shunga yaqin turibdi. Bi-bi-sining Ukraina xizmati tomonidan o‘tkazilgan surishtiruvga ko‘ra, Ukraina Qurolli Kuchlari (UQK) qo‘mondonligi yaqin orada «tanklarning zaifligi» tendensiyasini o‘zgartirishga qat’iy qaror qilgan.

Gap shundaki, Ukraina zirhli texnikaga hujum qilayotgan dronlarni (va boshqa tahdidlarni) mustaqil kuzatib borib, ularni masofadan turib yo‘q qiladigan faol himoya majmuasini (FHM – KAZ) yaratmoqda. Bunday tizim frontdagi «kill-zone»ga (o‘lim hududiga) tanklarni qaytarish, logistikani tiklash va hatto anchadan beri unutilgan mexanizatsiyalashgan hujum amaliyotiga qayta urinib ko‘rish imkonini beradi.

«Hozir butun diqqat markazimizda texnikaning faol himoya majmuasi turibdi. Usiz qo‘shinlarning manyovr қоbiлиятиni tiklash mumkin emas», — deydi UQK oliy qo‘mondonligi vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ukrainalik ishlab chiquvchilarda allaqachon istiqbolli loyihalar mavjud bo‘lib, ularni tezroq sinovdan o‘tkazish va amaliyotda qo‘llash darajasiga yetkazish zarur.

Mulozimning ta’kidlashicha, ushbu himoya tizimlari nafaqat og‘ir zirhli texnikalarga, balki so‘nggi oylarda front logistikasida ommaviy qo‘llanilayotgan YeRMlarga (yer usti robotlashtirilgan majmualariga) ham o‘rnatilishi kerak. Sababi, ularning aksariyat qismi dushmanning uchuvchisiz uchish apparatlari tomonidan aynan «kill-zone»da yo‘q qilinmoqda. Shu bois, bu robotlarning omon qolish qobiliyatini oshirish o‘ta dolzarb masalaga aylangan.

3

May oyining boshlarida UQK bosh qo‘mondoni o‘rinbosari, brigadali general Andrey Lebedenko Ukrainaning FHM tizimi urushning borishini tubdan o‘zgartirib yuboruvchi omilga aylanishi mumkinligini ta’kidlagan edi.

«Bugungi kunda qurol-yarog‘ va harbiy texnikani dushmanning zarbador dronlaridan faol himoya qilish eng ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. Biz samarali yechimlarni izlamoqdamiz. Og‘ir texnikalardagi zirhni shunchaki qalinlashtirish bilan cheklanib qolmay, intellektual himoya tizimlarini rivojlantirish yo‘lidan borishimiz kerak», — degan edi u «Drone Autonomy 2026» konferensiyasida.

Bosh qo‘mondon o‘rinbosari dronlarni aniqlash va identifikatsiya qilish qurilmalarini ham, ularni yo‘q qilish vositalarini ham yagona tizimga birlashtirish zarurligini alohida qayd etgan.

«Bizda allaqachon ayrim elementlar — to‘r otuvchi qurilmalar va aqlli turellar (minorali moslamalar) mavjud. Ammo ular yagona tizimga birlashtirilmagan. Aynan mana shunday integratsiyalashgan tizim urushning borishini tubdan o‘zgartirib yuboradigan "geymchenjer"ga aylanishi mumkin», — deydi general Lebedenko.

Faol himoya majmuasi bu — havodagi tahdidlarni aniqlash uchun mo‘ljallangan radiolokatsiya (RLS) yoki optik stansiyalar, ularni kuzatib boruvchi va tutib olish trayektoriyasini hisoblab chiquvchi modullar hamda yaqinlashib kelayotgan nishonni urib tushiruvchi vositalar (turellar yoki uchirish qurilmalari)dan iborat yaxlit tizimdir.

Biroq bu tizimlar zirhli texnika uchun asosiy xavf tankka qarshi granatalar va boshqariladigan raketalar bo‘lgan bir davrda ishlab chiqilgan edi. Xo‘sh, ulkan tanklarni mitti dronlardan qanday himoya qilish mumkin? Bu hanuzgacha o‘z yechimini topmagan muammo bo‘lib qolmoqda. Hozirda nafaqat Ukraina, balki Rossiya, AQSH, Germaniya va Isroil kabi qator davlatlarning harbiy mutaxassislari ham ushbu masala ustida bosh qotirmoqda.

4

Ukrainaning faol himoya majmualari (FHM) haqidagi ma’lumotlar juda oz. Zirhli tank texnikasi bo‘yicha mutaxassis Nikolay Salamaxa ta’kidlashicha, bir necha yil oldin mahalliy mutaxassislar «Zaslon» deb nomlangan FHMni yaratishgan, ammo u oxir-oqibat qabul qilinmay qolib ketgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, tizimda aniqlik, mexanika va tezkorlik bilan bog‘liq muammolar bo‘lgan, shuningdek, u G‘arbdan keltiriladigan butlovchi qismlarga qaram бўлgaн.

«Ukrainada bunday tizimlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmagan va yaqin vaqt ichida buning imkoni topilishiga ham ko‘zim yetmaydi. Shu sababli, tez orada o‘sha «Zaslon»ni yoki hech bo‘lmaganda uning analogini ishlab chiqarish mumkinligi haqida gapirishga hali erta», — deb hisoblaydi ekspert.

2026 yilning martida harbiy sohaga ixtisoslashgan «Defense Express» nashri dronlarni aniqlovchi mahalliy «I-SEE» tizimi kelajakda Ukraina zirhli texnikalarining faol himoya majmuasi uchun asos sifatida ko‘rib chiqilayotganini xabar qildi. Ushbu ma’lumotni OAVga tizim ishlab chiquvchilarining o‘zlari taqdim etgan.

«I-SEE» — bu uchuvchisiz uchish apparatlarini vizual aniqlashda sun’iy intellekt va sun’iy ko‘rish texnologiyalariga asoslangan tizimdir. U dronlarni shunchaki qayd etibgina qolmay, balki nishonga olingan obyektni avtomatik ravishda kuzatib borishni va uni maxsus vositalar yordamida yo‘q qilishni ham ta’minlaydi.

5

Ukrainaning «Zmey» nomli yer usti robotlashtirilgan majmualarini ishlab chiqaruvchi «Rovertech» kompaniyasi vakillari ham o‘zlarining faol himoya majmuasini yaratish ustida ish olib borayotganini ma’lum qilishgan. Ularning g‘oyasiga ko‘ra, sun’iy intellektga asoslangan sensorlar texnika atrofidagi dronlarni aniqlab, ularga qarata to‘r otuvchi qurilmalarni ishga tushiradi. Bunda eng muhim talablar shuki: mazkur FHM ham arzon bo‘lishi, ham nishonni aniq tanib olib, yolg‘on signallarga chalg‘imasligi va yuqori aniqlikni ta’minlashi zarur.

Agar ishlab chiquvchilar barcha muammolarni hal qilib, ushbu tizimni murakkab jang sharoitida harakatlanayotgan texnikalarga muvaffaqiyatli o‘rnata olsa, Ukraina sezilarli ustunlikka erishishi mumkin.

Bu o‘rinda gap faqatgina frontdagi logistika va askarlar almashinuvi (rotatsiya) xavfsizligi haqida emas, balki tanklarga urushdagi o‘ziga xos rolini qaytarib berish imkoniyati haqida ham bormoqda.

«Hujumga o‘tayotgan piyodalarni yaqin masofadan o‘t ochib qo‘llab-quvvatlash uchun tankdan boshqa vosita yo‘q. Hujum vaqtida har bir piyodalar bo‘linmasini ixtiyorida 20–30 ta droni bo‘lgan operatorlar guruhi qo‘llab-quvvatlay olmaydi. Shunchaki armiyada buncha ko‘p dron boshqaruvchilarining o‘zi yo‘q. Tank yoki piyodalarning jangovar mashinasida esa bu vazifani uddalash uchun yetarlicha o‘q-dori bo‘ladi», — deydi harbiy ekspert Nikolay Salamaxa.

«Yana bir masala shundaki, hozircha hech kim tanklardan xuddi 10–12 yil oldingidek keng miqyosda foydalanish imkonini beradigan harakat taktikasi va himoya tizimini topa olgani yo‘q», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Ekspertning fikricha, bu muammo albatta o‘z yechimini topadi, ammo buning uchun kamida yana bir necha yil vaqt kerak bo‘ladi.

 

Teglar

Mavzuga oid