Logo

Urbanizatsiya qo‘mitasi «City Palace» o‘rnida 41 qavatli mehmonxona qurish taklifiga munosabat bildirdi

Bugun 18:072 daqiqa

Yangi loyiha uchun hududdagi elektr, suv hamda yo‘l tarmoqlari qo‘shimcha yuklamani ko‘tarishga tayyor emas. Bosh rejaga ko‘ra, bu hududda yetti qavatgacha bino qurish mumkin.

Urbanizatsiya qo‘mitasi «City Palace» o‘rnida 41 qavatli mehmonxona qurish taklifiga munosabat bildirdi © Foto: hotels.com

23-noyabr kuni bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayevning tadbirkorlar bilan uchrashuvida «City Palace» mehmonxonasi o‘rnida 540 xonali, 41 qavatli majmua qurish taklifi muhokama qilingandi.

Urbanizatsiya qo‘mitasi taklif yuzasidan munosabat bildirib, avvalo hududdagi elektr, suv va yo‘l tarmoqlari yangi majmua sabab ortadigan yuklamani ko‘tarishga tayyor emasligini aytdi.

Qo‘mita hududga investitsiya kiritish va yangi mehmonxona qurishga qarshi emasligini bildirgan. Taklif etilgan bino esa bosh rejada belgilangan chegaradan qariyb olti baravar baland. Loyiha amalga oshsa, mehmonxonadagi xonalar soni 4,5 baravar ko‘payadi.

Elektr, suv va yo‘l tarmoqlariga tushadigan yuklama

Qo‘mitaga ko‘ra, elektr ta’minoti tizimida zaxira quvvati qolmagan. Chunki podstansiyalarda zaxira quvvat bo‘lishi uchun yuklama 50 foizdan oshmasligi kerak. Hududdagi podstansiyalar esa hozir 70 foiz yuklama bilan ishlayapti. Hisob-kitoblarga ko‘ra, yangi majmua bu yuklamani yana 10–15 foizga oshiradi.

Ichimlik suvini yetkazish ham muammoli. Chunki mavjud suv tarmog‘ining zaxirasi majmua ehtiyojining 65 foizini qoplay oladi. Qolgan 35 foizini ta’minlash uchun qo‘shimcha quvvat yaratish kerak bo‘ladi.

Shuningdek, tig‘iz soatlarda Navoiy va Amir Temur ko‘chalaridagi transport oqimi me’yordan oshib, 60 foizdan yuqori bo‘ladi. Yangi mehmonxona esa bu ko‘chalardagi transport oqimini yana 5–6 foizga oshiradi.

Qo‘mita 41 qavatli bino uchun zilzilabardoshlik, yong‘in xavfsizligi, odamlarni evakuatsiya qilish va shamol yuklamasi bo‘yicha ham alohida hisob-kitoblar talab qilinishini ta’kidladi.

«Zaxirasi qolmagan tarmoqqa yana yuk qo‘shilsa, uning og‘irligi shu yerda yashaydigan va ishlaydigan odamlarga tushadi, poytaxtda esa infratuzilmasi muammoli yana bir hudud paydo bo‘ladi», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, loyiha Toshkentning bosh rejasiga va atrofdagi binolar balandligiga moslashtirilishi lozim. Loyiha hujjatlarida elektr, suv, kanalizatsiya va transport tarmoqlari uchun qo‘shimcha quvvat qanday ta’minlanishi, zarur infratuzilma obyektlarini kim va qachon qurishi aniq ko‘rsatilishi kerak. Shundan keyin loyiha belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

Eslatib o‘tamiz, Jahon banki xususiy biznes, ijtimoiy himoya, energetika, qishloq xo‘jaligi va savdodagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 800 mln dollar ajratmoqchi.

Teglar

Mavzuga oid