Logo

«Wildberries»ni Qozog‘iston qutqarib qola oladimi?

Bugun 09:006 daqiqa

Kompaniya Qozog‘istondagi «barcha bo‘sh maydonlarni sotib olishga» ham tayyor ekani aytilmoqda.

«Wildberries»ni Qozog‘iston qutqarib qola oladimi?

Ukrainaning Rossiyadagi asosiy marketpleysga qarshi boshlagan hujumlari «Wildberries» kompaniyasining kamida 17 foiz quvvatini yo‘qotishiga olib keldi — jami 19 ta ombor zarbaga uchradi. So‘nggi nishon Sankt-Peterburg yaqinidagi Krasniy Borda joylashgan obyekt bo‘ldi: 4-avgustga o‘tar kechasi berilgan zarba oqibatida yirik yong‘in kelib chiqqan, ammo qurbonlar va jarohatlanganlar yo‘q.

Bundan avvalroq Vladimir oblastining Xryastovo qishlog‘i yaqinida joylashgan «Wildberries» ombori ham dron hujumiga uchragan edi. Yong‘in 100 ming kvadrat metr maydonni — taxminan 14 ta futbol maydoniga teng hududni qamrab oldi. Oblast gubernatori Aleksandr Avdeyevning ma’lum qilishicha, yong‘inni o‘chirishga 67 ta texnika jalb qilingan. Oqibatda uch kishi jabrlangan.

RBK nashrining yozishicha, bu hujumlar butun Rossiya logistika bozorida kutilganidek vahima uyg‘otdi. Sotuvchilar ommaviy chegirmalar e’lon qilmoqda yoki shoshilinch ravishda tovarlarni o‘zlarida saqlashga o‘tmoqda. Bu holat yetkazib berish narxining oshishiga olib keladi, ammo navbatdagi dron hujumi vaqtida tovarlarning yonib ketmasligini kafolatlaydi.

1

«Kommersant» gazetasi manbalarining ta’kidlashicha, vaziyat shu darajaga yetganki, mulkdorlar o‘z omborlarini «Wildberries»ga ijaraga berishdan bosh tortmoqda. Sababi — amaldagi sug‘urta shartnomalari harbiy harakatlar, xususan, dron zarbalaridan ko‘rilgan zararni umuman qoplamaydi. Shu bois, keyinchalik tovon puli bilan bog‘liq muammolarga o‘ralashib yurgandan ko‘ra, marketpleys bilan umuman hamkorlik qilmagan ma’qul, degan xulosaga kelinmoqda.

Shunday bir sharoitda Rossiya OAVlari «Wildberries» egasi bo‘lgan RWB guruhi Qozog‘istondan taxminan 100 ming kvadrat metrlik omborxonalar qidirayotgani haqida xabar berdi. Aytilishicha, kompaniya Rossiyadagi obyektlaridan o‘z quvvatlarining katta qismini ko‘chirish maqsadida Qozog‘istondagi «barcha bo‘sh maydonlarni sotib olishga» ham tayyor.

Xo‘sh, Qozog‘iston Rossiyaning eng yirik marketpleysi uchun chindan ham zaxira makoniga aylana oladimi yoki «Wildberries» boshqa yo‘l qidirishga majbur bo‘ladimi?

Omborlarni ko‘chirish qanchalik haqiqat?

Qozog‘iston savdo vaziri Arman Shakkaliyevning 4-avgust kuni tasdiqlashicha, Rossiya kompaniyasi allaqachon respublika hududida 260 ming kvadrat metrlik omborlar qurmoqda va ularni 2027 yilning birinchi choragidayoq ishga tushirishni rejalashtirgan.

Ushbu majmualarning 160 ming kvadrat metri Olmaotada, yana 100 mingi esa Ostonada qad rostlaydi. Bundan tashqari, kompaniya Qozog‘istonda taxminan 46 ming kvadrat metr maydonni ijaraga olishga ham ulgurgan. Vazirning aniqlik kiritishicha, kompaniya bu loyihalar ustida anchadan beri ishlab kelmoqda va mazkur kengayish jarayoni Rossiyadagi omborlarga berilayotgan hozirgi zarbalar bilan bog‘liq emas.

2

«Wildberries» kompaniyasining o‘zi quvvatlarini xorijga ko‘chirish rejalarini hali rasman tasdiqlagani yo‘q. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi esa 4-avgust kuni Moskva va Ostona marketpleyslarni integratsiya qilish bo‘yicha ish olib borayotganini ma’lum qildi. Vazirlik bu jarayon Ukraina dronlarining zarbalaridan ancha oldin boshlanganini ta’kidlamoqda.

Qozog‘iston Internet assotsiatsiyasi prezidenti Shavkat Sobirovning fikricha, omborxonalar tarmog‘ini respublikaga to‘liq ko‘chirish ehtimoli hozircha haqiqatdan yiroqdek ko‘rinmoqda.

«Agar Qozog‘istonda shunday obyekt paydo bo‘lsa ham, u faqatgina tranzit va yuk ortish-tushirish punkti vazifasini bajarishi mumkin, lekin hech qachon Rossiyadagi omborlarning o‘rnini bosa olmaydi», — deydi ekspert «TRT» nashriga bergan intervyusida.

Ostona va Olmaotada qurilishi e’lon qilingan 260 ming kvadrat metrlik omborlar Rossiyadagi zarar ko‘rgan maydonlarning hatto 20 foizini ham qoplay olmaydi. «Forbes» nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, avgust oyi boshida «Wildberries»ning rasman e’lon qilingan 5,2 million kvadrat metrlik infratuzilmasidan 1,1 million kvadrat metrdan ortig‘i zarar ko‘rgan.

Qozog‘istonlik siyosatshunos Marat Shibutov bunday ko‘chirishning imkoni bor, biroq buni tezkorlik bilan amalga oshirib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi.

«Bizda omborlar taqchilligi mavjud, shuning uchun kelib, darhol katta obyektni ijaraga olishning iloji yo‘q. Uni, katta ehtimol bilan, noldan qurishga to‘g‘ri keladi. Bu esa serxarajat va ko‘p vaqt talab qiladigan jarayondir», — deydi ekspert.

Qozog‘istonda bo‘sh tijorat ko‘chmas mulki juda kam, deya ta’kidlaydi Shibutov. 2025 yil oxiriga kelib, mamlakatda 1,9 million kvadrat metrga yaqin sifatli logistika maydonlari mavjud bo‘lgan va ularning atigi 5,8 foizi bo‘sh turgan. 100 ming kvadrat metrlik tayyor blokni topishning esa deyarli iloji yo‘q. Zamonaviy logistika obyektlarining aksariyati Olmaota, Ostona, Chimkent va Qarag‘anda atrofida joylashgan bo‘lib, bevosita Rossiya chegarasi yaqinida bunga mos keladigan infratuzilma umuman yo‘q.

Tovarlar qimmatlashishi mumkin

Shavkat Sobirovning fikricha, Qozog‘iston marketpleyslar uchun yirik transport tuguniga aylanishi dargumon.

«Rossiya hududining miqyosi va yuk tashish hajmlarini tasavvur qilib ko‘ring. Qozog‘istonda shunchalik katta xab qurish uchun aql bovar qilmas darajada ulkan omborxonalar majmuasi kerak bo‘ladi. Men bunga hech qanday zarurat ko‘rmayapman», — deya ta’kidlaydi ekspert.

Buning ustiga, rossiyalik xaridorlarga xizmat ko‘rsatish uchun Qozog‘iston geografik jihatdan noqulay joylashgan. Tovarlarni respublika omborlariga ko‘chirish Moskva, Sankt-Peterburg va Rossiyaning Yevropa qismidagi boshqa yirik bozorlargacha bo‘lgan masofani keskin uzaytiradi.

Novosibirsk boshqaruv va huquq universitetining moliyaviy bozor va moliya institutlari kafedrasi dotsenti Eduard Kolojvarining hisob-kitoblariga ko‘ra, buning oqibatida tovarlar kamida 20 foizga qimmatlashadi. Ortiqcha xarajatlarni esa yo kompaniyaning o‘zi ko‘tarishiga, yoki sotuvchi va xaridorlarning zimmasiga yuklashga to‘g‘ri keladi.

3

Shu bois, Qozog‘iston Rossiyadagi tarmoqning o‘rnini to‘liq bosa olmaydi, balki uning sug‘urtalovchi halqasiga aylanishi mumkin. Bu orqali kompaniya tovarlarning bir qismini qo‘shni davlatda saqlashi, Markaziy Osiyoga xizmat ko‘rsatishi va ayrim tovar oqimlarini qayta taqsimlashi mumkin bo‘ladi. Bunday variant odatiy logistikadan ko‘ra qimmatroqqa tushsa-da, butunlay ko‘chib o‘tishdan ko‘ra realroq ko‘rinadi.

Qozog‘iston bundan nima yutadi?

Marat Shibutov bu jarayonning respublika uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri manfaatli ekanini ta’kidlagan: yangi omborlar qo‘shimcha soliq tushumlari, yangi ish o‘rinlari deganidir. Shuningdek, bu yo‘llar, transport va tijorat ko‘chmas mulkiga yirik investitsiyalar olib keladi. O‘z navbatida, mahalliy sotuvchilar ham «Wildberries» infratuzilmasiga tezroq kirish va qo‘shni davlatlar bozorlariga chiqish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bo‘ladi.

Siyosatshunos Talgat Kaliyev ham «TRT» nashri bilan suhbatda bunday ko‘chishni manfaatli qadam deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur jarayon mamlakatning tranzit salohiyatini mustahkamlaydi, budjetga tushadigan soliqlarni ko‘paytiradi va logistika sohasi rivojini jadallashtiradi.

Kaliyev bunda mahalliy platformalar uchun hech qanday jiddiy xavf ko‘rmagan.

«Bizda «Wildberries» darajasidagi yirik milliy marketpleyslar yo‘q. Qozog‘istonliklar baribir aynan shu xizmatdan va AliExpress'dan buyurtma berishadi», — deydi ekspert.

4

«Wildberries» butunlay yopilib ketishi mumkinmi?

«Forbes» nashrining yozishicha, ishdan chiqqan har bir ombor marketpleysning boshqa obyektlariga tushadigan yukni oshiradi va butun yetkazib berish zanjirini sekinlashtiradi. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, yonib ketgan tovar zaxiralari kompaniyaga 215–280 milliard rubl (taxminan 3,5 milliard dollar) zarar keltirgan.

Biroq ekspertlar hozircha kompaniya to‘liq inqirozga yuz tutadi, deb hisoblamayapti. 2025 yilda marketpleysning sof foydasi 175 milliard rublga (2,1 milliard dollar) yetgan bo‘lib, bu Rossiya yalpi ichki mahsulotining (YAIM) 2 foizidan ko‘prog‘ini tashkil etadi. Rossiyadagi barcha onlayn buyurtmalarning teng yarmidan ko‘pi aynan shu platforma orqali amalga oshiriladi.

«Reuters» agentligining yozishicha, Rossiya hukumati VTB va «Sberbank» orqali kompaniyaga moliyaviy yordam ko‘rsatishni rejalashtirmoqda. Xususan, may oyida davlatga qarashli VTB banki mazkur guruhning bank sohasidagi sho‘’basi — «WB Bank»ning 5 foiz ulushini sotib oldi (kelajakda bu ulushni yanada oshirish imkoniyati bilan). Nashrning qayd etishicha, davlatning yirik sarmoyasi allaqachon kompaniya tuzilmasiga kirib borgan va endi hukumat uning qulashiga yo‘l qo‘ymaslikdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri manfaatdor.

5

Ammo kompaniyaning jon saqlab qolishi uning faoliyati avvalgidek davom etadi, degani emas. «Wildberries»ning butun iqtisodiyoti yigirmaga yaqin ulkan logistika markazlariga, shuningdek, tovarlarni sotuvchining o‘zi emas, balki marketpleys saqlaydigan va yetkazib beradigan modelga asoslangan edi. Aynan shu tizim, ya’ni mamlakatning istalgan hududiga tovarni tezkor yetkazib berish kompaniyani Rossiya va Xitoydagi boshqa raqobatchilaridan ajratib turuvchi asosiy ustunlik bo‘lgan.

Hozircha Qozog‘iston «Wildberries» uchun yangi «uy» emas, balki ombor quvvatlarining bir qismini ko‘chirish mumkin bo‘lgan zaxira makoni bo‘lib ko‘rinmoqda. Biroq, agar Ukraina marketpleys obyektlariga zarba berishda davom etaversa, kompaniya hech bo‘lmaganda biznesning ma’lum qismini saqlab qolish uchun tovarlarni shoshilinch ravishda qo‘shni respublikaga o‘tkazishga majbur bo‘ladi. Buning uchun hatto o‘zining joriy biznes-modelidan voz kechishga to‘g‘ri kelsa ham.

Teglar

Mavzuga oid