Logo

Xitoyda «Milliy birdamlik to‘g‘risida»gi qonun kuchga kirdi: u uyg‘ur va tibetliklar uchun nimani anglatadi?

Bugun 09:006 daqiqa

Qonun Xitoy chegaralaridan tashqarida ham amal qiladi, bu esa Pekinga xorijdagi muxoliflarni ta’qib qilish uchun yangi huquqiy asos yaratadi.

Xitoyda «Milliy birdamlik to‘g‘risida»gi qonun kuchga kirdi: u uyg‘ur va tibetliklar uchun nimani anglatadi?

Xitoyda «Milliy birdamlik to‘g‘risida»gi yangi qonun kuchga kirdi. Huquq faollari va xorijiy rasmiylar ushbu hujjat kamsonli millatlarning majburiy assimilyatsiyasini tezlashtirishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Aholisi soni bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turadigan Xitoyda 55 ta kamsonli millat rasman tan olingan. Ular birgalikda materik Xitoy aholisining 8,9 foizini tashkil etadi.

Shu bilan birga, Pekin 1-iyul kuni kuchga kirgan ushbu qonun mamlakat chegarasidan tashqaridagi shaxslarga ham nisbatan qo‘llanilishi mumkinligini e’lon qildi. Bu esa huquq himoyachilarining xavotirini yanada kuchaytirdi, chunki yangi qonundan xorijdagi muxoliflar va tanqidchilarga qarshi qurol sifatida foydalanilishi mumkin.

Biroq Xitoy hukumati G‘arb ommaviy axborot vositalari qonunning xorijga oid qismini «noto‘g‘ri talqin qilganini» ta’kidlamoqda. Rasmiy Pekinga ko‘ra, mamlakat shunchaki chet eldagi ayirmachilik harakatlariga qarshi kurashish bo‘yicha o‘z huquqidan foydalanmoqchi, xolos.

Xitoyning milliy birdamlik to‘g‘risidagi qonuni o‘zi nima?

Xitoy mazkur qonunni 12-mart kuni mamlakatdagi 56 ta etnik guruh – aholining asosiy qismini tashkil etuvchi xanlar hamda 55 ta kamsonli millat o‘rtasida «yagona» milliy o‘zlikni shakllantirish maqsadida qabul qilgani aytiladi.

Mamlakatdagi eng yirik kamsonli millatlar safiga qariyb 11 millionlik uyg‘urlar va 7 million atrofidagi tibetliklar kiradi. Tibet va asosan uyg‘urlar istiqomat qiladigan Shinjon hududlari etnik ozchilik vakillari aholining ustuvor qismini tashkil etuvchi yagona ikki hudud hisoblanadi.

Mazkur qonun loyihasini qo‘mitaga kiritgan Butunxitoy xalq vakillari kengashi deputati Lu Chinjianning ta’kidlashicha, Xitoy qonun chiqaruvchi organi tomonidan ma’qullangan ushbu hujjat «Xitoy millatiga mansub barcha etnik guruhlar o‘rtasida yagona jamiyat tuyg‘usini yanada mustahkamlash»ga qaratilgan.

Qonunda barcha davlat idoralari va xususiy korxonalar, xususan, mahalliy hukumat organlari hamda Butunxitoy xotin-qizlar federatsiyasi kabi davlatga aloqador tashkilotlar milliy birdamlikni targ‘ib qilishi shartligi belgilab qo‘yilgan.

Ammo tanqidchilarning aytishicha, Pekin avvallari ham xuddi shunday beozor ko‘ringan qonunlar ortiga yashirinib, tibetliklar va uyg‘urlarning o‘z madaniyatini namoyon qilishini cheklab kelgan.

«Har bir etnik guruh vakillari, mamlakatdagi barcha tashkilot va uyushmalar, qurolli kuchlar, har bir partiya, ijtimoiy tashkilot va kompaniya qonun hamda konstitutsiyaga asosan Xitoy millatining yagona ongini shakllantirishi va bu mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi shart», — deyiladi qonun matnida.

Yangi qonunning 15-moddasiga muvofiq, bolalarga bog‘chaga borguniga qadar va undan keyingi majburiy ta’lim davrida, to o‘rta maktabni bitirgunicha Xitoy tilining mandarin lahjasini o‘qitish majburiy etib belgilangan.

Mandarin lahjasi bundan avval ham Ichki Mo‘g‘uliston, Tibet va Shinjon kabi kamsonli millatlar zich yashaydigan barcha hududlarda asosiy ta’lim tili hisoblangan. Ammo yangi qonun, mohiyatan, butun mamlakat bo‘ylab kamsonli millatlarning ona tillari asosiy ta’lim tili bo‘la olmasligini qat’iy belgilab bermoqda.

«Xitoydagi kamsonli millatlar uchun mazkur qonun madaniy va siyosiy muxtoriyat maydonini yanada toraytirib yuboradi», – deydi Avstraliyadagi La Trob universiteti faxriy professori Jeyms Leybold «Al Jazeera» nashriga.

Zamonaviy Xitoy tarixi va jamiyatidagi millat, irq hamda milliy o‘zlik siyosatini tadqiq qiluvchi Leyboldning ta’kidlashicha: «Bu holat tibetliklar, uyg‘urlar, mo‘g‘ullar va xan bo‘lmagan boshqa xalqlarga ularning tili, tarixi hamda milliy o‘zligi faqat Kommunistik partiya ma’qullagan yagona Xitoy millati g‘oyasiga mos kelgandagina himoya qilinishini uqtiradi».

Professorning tushuntirishicha, amalda bu qonun maktablar, ommaviy axborot vositalari, madaniyat, diniy hayot va mahalliy boshqaruv tizimida mandarin lahjasi, partiyaga sadoqat hamda xanlarga asoslangan milliy o‘zlikni birinchi o‘ringa olib chiqish uchun bosimni yanada kuchaytirishi ehtimoldan xoli emas.

«Mazkur qonun bu jarayonni yangidan boshlab bermayapti, balki uni yanada tizimli ko‘rinishga keltiradi, unga qarshi chiqishni qiyinlashtirib, kundalik boshqaruvga yanada chuqurroq singdiradi», – deya qo‘shimcha qiladi olim.

Qonun kamsonli millatlarga ta’siri sababli tanqidlarga uchramoqda

Xitoy uzoq yillardan buyon xalqaro tashkilotlar, huquq faollari va G‘arbdagi geosiyosiy raqiblari tomonidan kamsonli millatlarga nisbatan adolatsiz munosabatda bo‘layotganlikda ayblanib keladi. Pekin esa bunday da’volarni muntazam ravishda inkor etadi.

2018 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xitoy asosan musulmon uyg‘urlar va boshqa turkiy xalqlardan iborat kamida bir million kishini Pekin «qayta tarbiyalash markazlari» deb atovchi lagerlar tarmog‘ida tutib turganini ma’lum qilgan edi.

Pekin bu o‘rinda uyg‘urlar majburiy mehnatga jalb qilingani haqidagi ayblovlarni keskin rad etadi. Rasmiylarning ta’kidlashicha, mazkur muassasalar aholiga mandarin lahjasini o‘rgatuvchi, shuningdek, ekstremizm va terrorizmning oldini olishga xizmat qiluvchi oddiy kasb-hunar markazlaridir.

Tibetliklarning ruhiy rahnamosi Dalay Lama ham 60 yildan ortiq vaqtdan beri Hindistonda surgunda yashamoqda. Garchi uning Xitoy bilan munosabatlari vaqt o‘tishi bilan o‘zgarib turgan bo‘lsa-da, Pekin uni azaldan «ayirmachi» sifatida ko‘rib keladi.

Huquq himoyachilari yangi qabul qilingan qonun kamsonli millatlarning madaniy va ijtimoiy huquqlariga putur yetkazishidan jiddiy xavotirda.

«Xitoy hukumati zimmasida kamsonli millatlar va ularning madaniyatini himoya qilish kabi inson huquqlariga oid majburiyatlar bor. Biroq bu qonun mazkur majburiyatlarning tamoman aksidir. Qonun xilma-xillikni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga, uyg‘urlar, tibetliklar va mo‘g‘ullar kabi xalqlarni xan madaniyati ustunlik qiladigan, davlat tomonidan sun’iy belgilangan yagona milliy o‘zlikni qabul qilishga majburlamoqda», – deydi «Xalqaro amnistiya» tashkilotining mintaqaviy direktori o‘rinbosari Sara Bruks.

Qonun Xitoy chegaralaridan tashqarida ham amal qiladimi?

Hujjatda qayd etilishicha, Xitoy Xalq Respublikasi chegarasidan tashqarida bo‘lgan shaxslar va guruhlar ham «milliy birdamlik va taraqqiyotga putur yetkazgani yoki ayirmachilikni qo‘zg‘atgani» uchun qonuniy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Bu holat o‘zini o‘zi boshqaruvchi Tayvanda jiddiy xavotir uyg‘otdi. Ularning fikricha, mazkur qoida orqali Pekin Tayvandagi ayirmachi deb hisoblangan shaxslarni ta’qib qilish uchun o‘ziga yana bir huquqiy asos yaratib olmoqda.

Tayvan Tashqi ishlar vazirligi o‘z bayonotida: «Kelajakda so‘zlari yoki xatti-harakatlari Xitoyga ma’qul kelmagan har qanday davlat fuqarosi mazkur qonun nishoniga aylanishi yoki shu asosda ta’qib qilinishi mumkin», – deb ta’kidladi. Ma’lumki, Pekin Tayvanni Xitoyning ajralmas qismi deb hisoblaydi va orolni kuch bilan bo‘lsa-da, qo‘shib olish ehtimolini inkor qilmaydi.

O‘zini quvg‘indagi Tibet hukumati deb biluvchi Markaziy Tibet ma’muriyati ham yangi qonunni keskin qoraladi.

«Xitoy ushbu qonunni ijtimoiy totuvlik va milliy birdamlikni mustahkamlash mexanizmi sifatida taqdim etayotgan bo‘lsa-da, u amalda majburiy assimilyatsiya siyosatini qonuniylashtiradi», — deyiladi ma’muriyat bayonotida.

Xitoy bunga qanday munosabat bildirdi?

Xitoy qonunga nisbatan bildirilgan barcha tanqidlarni inkor etdi. Hukumatning ta’kidlashicha, ichki siyosatda mazkur hujjat millatlararo tinchlik va totuvlikni mustahkamlashga, shuningdek, chekka hududlardagi jamoalarni jamiyat hayotiga yaxshiroq integratsiya qilishga qaratilgan.

Xalqaro maydonda esa Xitoy shunchaki boshqa barcha davlatlar kabi o‘z xavfsizlik manfaatlarini himoya qilayotganini bildirmoqda.

Pekinda mazkur qonun yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘zga chiqqan Xitoy adliya vaziri o‘rinbosari Xu Veyli nomi oshkor qilinmagan ayrim G‘arb ommaviy axborot vositalarini qonunning Xitoydan tashqariga ham tatbiq etilishiga oid qismini «noto‘g‘ri talqin qilib, buzib ko‘rsatishda» aybladi.

«Bu qoida Xitoyning milliy shart-sharoitlaridan kelib chiqqan bo‘lib, huquqiy tamoyillar va xalqaro amaliyotga mos keladi. Bu qonuniy, zarur hamda amalda qo‘llash mumkin bo‘lgan huquqiy me’yordir. Dunyodagi barcha davlatlar ichki qonunchilik orqali ayirmachilik va buzg‘unchilik harakatlarining oldini olish, shuningdek, ijtimoiy birdamlik hamda normal tartibni saqlash huquqiga ega», – dedi u.

Vazir o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, qonunning xorijga oid qoidasi noqonuniy xatti-harakatlarga qarshi qaratilgan bo‘lib, «milliy masalalarga doir xorijdan uyushtiriladigan turli qonunbuzarliklardan himoyalanish» maqsadida huquqiy usullardan foydalanishni ko‘zda tutadi.

Teglar

Mavzuga oid