Xomanaiyning o‘limi ortidan namoyishlar boshlandi

01.03.2026 | 13:552 daqiqa

Kashmirdan 10 minglab odam ko‘chaga chiqqan bo‘lsa, Karachida namoyishchilar AQSH konsulxonasiga hujum qildi.

Xomanaiyning o‘limi ortidan namoyishlar boshlandi

AQSH va Isroil tomonidan amalga oshirilgan yirik hujum natijasida Eron oliy rahbari Ali Xomanaiy halok bo‘lgani haqidagi xabarlardan so‘ng dunyoning turli nuqtalarida namoyishlar boshlandi.

Karachidagi AQSH konsulxonasiga bosqin

Pokistonning Karachi shahrida taxminan 500 nafar namoyishchi AQSH bosh konsulxonasi binoga bostirib kirdi va oynalarni sindirdi. Politsiya rasmiysi Muhammad Javodning aytishicha, huquq-tartibot va harbiylashtirilgan kuchlar olomonni tarqatish uchun tayoqlar va ko‘zdan yosh chiqaruvchi gaz qo‘llagan.

Karachidagi politsiya va shifoxona rasmiylari to‘qnashuvlarda olti kishi halok bo‘lgani, kamida sakkiz kishi ham yaralanganini ma’lum qildi. Pokiston politsiyasi bildirishicha, namoyishchilar keyinchalik tarqatildi va vaziyat nazorat ostida.

Kashmirda namoyish

Hindiston nazoratidagi Kashmirda bugun, 1-mart kuni o‘n minglab odamlar AQSH va Isroil tomonidan Ali Xomanaiyning o‘ldirilishiga qarshi katta namoyishlar o‘tkazdi. Ertalabdanoq, asosan shia-musulmonlar butun mintaqada ko‘chalarga chiqib, «Amerikaga o‘lim» va «Isroilga o‘lim» deb qichqirdi.

Ba’zilar Xomanaiyning portretini ko‘tarib, motam bilan yig‘ladi. Shuningdek, ular Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirib, ularni hech qachon unutmaslikka va’da berishdi.

2

Eron rahbari Kashmirda shialar orasida katta hurmatga ega bo‘lib, uning portreti mintaqaning bir necha ko‘chalarida ko‘zga tashlanarli ravishda joylashtirilgan edi.

Kashmirliklar anchadan beri Falastin va boshqa musulmonlarning ishiga qo‘llab-quvvatlov ko‘rsatib kelgan va ko‘pincha ommaviy hamjihatlik namoyishlarini o‘tkazgan.

1

Mashhur kashmirlik diniy rahbar Mirvaiz Umar Eron rahbarining «vahshiyona o‘ldirilishi» yuzasidan chuqur qayg‘u va g‘azabini bildirdi. U bayonotda ushbu qotillik «musulmon dunyosini larzasiga solganini» ta’kidlab, 2- mart kuni Kashmirda o‘tkaziladigan namoyishlar uchun chaqiriq qildi.

Namoyishchilar Bog‘doddagi «Yashil hudud»ga bostirib kirishga urindi

Habarlarga ko‘ra, Bog‘doddagi AQSH elchixonasi va davlat binolari joylashganqavatlangan «Yoshil hudud»ga yuzlab iroqlik namoyishchilar bostirib kirishga urindi.

3

«AFP» muxbirining aytishicha, ayrim namoyishchilar, Eron tarafdori bo‘lgan guruhlar bayroqlarini ko‘targan holda, huquq-tartibot kuchlariga toshlar otgan. Politsiya esa ko‘zdan yosh chiqaruvchi gaz bilan javob qaytargan. «Associated Press» videolaridan ko‘rinishicha, o‘q otish ovozlari eshitilgan va hududdan qop-qora tutun ko‘tarilgan.

Shuningdek, Janubiy Iroqdagi boshqa viloyatlarda ham namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Bir necha Eronga tarafdor iroqlik guruhlar Islom Respublikasini himoya qilishini ma’lum qildi.

Bugun, 1-mart kuni ertalab Erbil aeroporti yaqinida, Iroqning avtonom Kurdiston mintaqasida AQSH yetakchiligidagi koalitsiya kuchlari joylashgan hududda, katta portlashlar ovozi eshitildi.

Iroq rasmiylari Xomanaiyning vafoti munosabati bilan uch kunlik rasmiy motam e’lon qildi.

Teglar

Mavzuga oid