Zyuganov: «Erondan keyingi nishonda Rossiya bo‘lishi mumkin»
Rossiya kommunistik partiyasi yetakchisi AQSHning Yaqin Sharqdagi harakatlari kengroq geosiyosiy strategiya qismi ekanini ta’kidladi.

Rossiya Kommunistik partiyasi raisi Gennadiy Zyuganov «Davlat dumasi» yig‘ilishida AQSHning strategik rejalari haqida gapirdi. Uning fikricha, Erondagi urush Amerikaning keng ko‘lamli strategiyasining bir qismidir va kelajakda Rossiyaga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavf soladi.
«Omon qolish uchun kurashga kelsak, hozir Eron jang qilmoqda. Keyingisi biz bo‘lamiz», — dedi Zyuganov o‘z chiqishida. Deputatning ta’kidlashicha, Donald Trampning strategiyasida birinchi o‘rinda Xitoy, ikkinchi o‘rinda Rossiya va uchinchi o‘rinda Eron turadi. U Fors ko‘rfazidagi voqealarni «Amerika imperializmining niqoblari olib tashlangani» deb atadi va vaziyatni o‘ta tajovuzkor deb baholadi.
AQSH rejalari to‘liq amalga oshmadi
Deputat harbiy operatsiya natijalari haqida ham fikr bildirib, AQSH rejalari to‘liq amalga oshmaganini ta’kidladi. Uning aytishicha, Vashington Eron tezda taslim bo‘ladi va o‘z shartlarini qabul qiladi deb o‘ylagan, ammo voqealar boshqacha rivojlanmoqda.
Shu bilan birga, Zyuganov urushning mintaqaviy oqibatlari jiddiy bo‘lishi mumkinligini qayd etdi. Uning fikricha, janglar infratuzilmalarga, jumladan suvni chuchuklashtirish qurilmalariga zarar yetkazgan va bu esa suv hamda oziq-ovqat ta’minotida muammolarga olib kelishi mumkin.
Zyuganov Fors ko‘rfazi hududida avval iqtisodiy farovonlik hukm surganini eslab, hozirda esa urush va beqarorlik vaziyati yuzaga kelganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mintaqa «farovonlik zonasi»dan «yong‘in va ofat zonasi»ga aylanib bormoqda.





