Logo

Tibbiyot xodimlariga qancha qo‘shimcha ustama berilishi aytildi

Bugun 14:472 daqiqa

Birlamchi bo‘g‘in va tumanlardagi xodimlarning malaka oshirish xarajatlarini davlat to‘lab beradi. Sohada tahsil olayotgan talabalarga 3 mln so‘m stipendiya to‘lanadi.

Tibbiyot xodimlariga qancha qo‘shimcha ustama berilishi aytildi © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonda endi tibbiyot xodimlariga 1,5 million so‘mdan 7 million so‘mgacha bo‘lgan ustama to‘lanadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 27-oktabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohida sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan uchrashuvda aytdi.

Unga ko‘ra, bakalavriatni bitirgan hamshira va tibbiyot og‘asiga 1,5 million so‘m, magistraturani tugatganlarga 2,5 million so‘m qo‘shimcha ustama to‘lanadi. Oilaviy shifokorlik bo‘yicha tor soha mutaxassisiga ustama 5,5 million so‘m bo‘ladi. Davlat ro‘yxatidan o‘tgan shifokor va farmatsevtlarning ish haqiga 7 million so‘mdan, hamshiralarga 3,5 million so‘mdan ustama to‘lanadi.

Davlat rahbari qancha zamonaviy klinikalar qurilmasin, eng so‘nggi uskunalar olib berilmasin, malakali xodimlarsiz natija bo‘lmasligini aytdi. Aytilishicha, bugungi kunda 11 ta davlat oliygohida yiliga 15 ming shifokor tayyorlanmoqda. Biroq bitiruvchilarning hammasi ham ishga kirgan birinchi kundan bemor bilan ishlashga tayyor emas.

«Boshqa sohada yosh xodim xato qilishi mumkin, ammo bo‘lg‘usi shifokorning bunga haqqi yo‘q. Chunki tibbiyot xodimining har bir harakati ortida inson hayoti turibdi», — dedi davlat rahbari.

Shu bois, prezident kadrlar tayyorlash klinik amaliyot bilan bog‘lanishini urg‘uladi. Kelasi yildan talabalar haftada uch kun bemor bilan ishlashni o‘rganadi, bitiruvchilar esa oxirgi o‘quv yilida to‘liq tibbiyot muassasasida amaliyot o‘taydi.


Stipendiya qancha bo‘ladi?

Prezident 2027-yildan oliygohlarda tor soha mutaxassisligi bo‘yicha o‘qish — rezidentura bepul bo‘lishini ma’lum qildi. Talabalarga 3 million so‘m stipendiya to‘lanadi.

Yo‘nalishga qarab rezidentura ikki yildan besh yilgacha davom etadi. Oilaviy shifokorlik bo‘yicha o‘qish ikki yil, jarrohlik bo‘yicha esa besh yil bo‘ladi.

Oliygohlarga klinikalar bog‘lanib, «universitet klinikasi» tizimi joriy etilgan. Endi tibbiyotdagi ilmiy tadqiqotlarning 80 foizi oliygohlar klinikasida bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Tadqiqotlarda tashxis aniqligini oshirish, davolash samarasini yaxshilash va asoratlarni kamaytirishga e’tibor qaratiladi.


Shifokorning puli o‘zida qoladi

Kun sayin tibbiyotga yangi texnologiyalar, zamonaviy diagnostika va davolash usullari kirib kelayotgani aytilib, tibbiyot xodimlari doim o‘z ustida ishlashi, yangiliklardan ortda qolmasligi kerakligi ta’kidlandi. Shu bois, prezident xodimlar malakasini oshirishga xususiy sektor faol jalb etilishini aytdi. Bunda tibbiyot xodimlari qayerda malaka oshirishni o‘zlari mustaqil tanlaydi.

Birlamchi bo‘g‘in va tumanlardagi xodimlarning malaka oshirish xarajatlari to‘liq qoplanadi. Mazkur xarajatlarni davlat o‘z zimmasiga oladi. Natijada tumanlarda ishlaydigan 130 ming tibbiyot xodimining har yili 100 milliard so‘m mablag‘i o‘zida qoladi.

Teglar

Mavzuga oid