Logo

Daromad va xarajat deklaratsiyasi nega oddiy fuqarodan boshlandi?

Kecha 19:102 daqiqa

Navoiy va Chirchiqda aholining daromad va xarajatlarini deklaratsiyalash bo‘yicha tajriba-sinov boshlanmoqda. Davlat buni yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash vositasi deb izohlaydi. Biroq ma’lumotlar daxlsizligi, norasmiy daromad va jamg‘armalarning hisobga olinishi, shuningdek, amaldorlar deklaratsiyasi yillar davomida kechikayotgani savollar tug‘dirmoqda. Vaqt.uz’ning «Tomonlar» loyihasida Soliq qo‘mitasi vakili Sanjar Xayritdinov va iqtisodchi  Barnogul Sanoqulova bilan shu mavzuni muhokama qildik.

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-oktabrdagi 574-sonli qarori bilan Navoiy va Chirchiq shaharlarida, shuningdek, soliq organlari xodimlari uchun jami yillik daromad deklaratsiyasini topshirish tajriba-sinov tariqasida joriy etildi. Deklaratsiyada fuqarolarning daromadlari hamda ko‘chmas mulk, transport, qimmatbaho buyumlar va kreditlarga qilingan xarajatlari aks etadi. Tajriba natijalari va uni butun mamlakatda joriy etish bo‘yicha takliflar 2028-yil 1-maygacha Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

Xarajatlar vazirlik va idoralar ma’lumotlari, «Soliq» ilovasidagi cheklar va elektron hisobvaraq-fakturalar asosida shakllantiriladi. Ammo kundalik iste’mol, naqd puldagi hisob-kitoblar, to‘y-marosimlar va oilaning boshqa a’zolari hisobidan qilingan xaridlar tizimdan tashqarida qolishi mumkin. Shu sababli fuqaroning xarajatlari rasmiy daromadidan ko‘p chiqsa, bu holat qanday baholanishi hali ochiq savol. Yillar davomida yig‘ilgan naqd pul, sovg‘a yoki meros hisobidan qilingan xaridlarni hujjat bilan tasdiqlash esa ko‘pchilik uchun qiyin.

Qarorda deklaratsiya asosida qo‘shimcha soliq hisoblanmasligi va huquqiy ta’sir choralari qo‘llanmasligi belgilangan. Bu aholini xotirjam qilishi mumkin. Lekin unda fuqaroni deklaratsiyani ixtiyoriy va to‘g‘ri topshirishga nima undaydi, degan savol tug‘iladi.

Intervyuda ma’lumotlarning maxfiyligi ham muhokama qilindi: bazaga kimlar kira oladi, ma’lumot sizib chiqsa kim javob beradi. Yana bir muhim jihat: kafolatlar qonunda emas, vaqtinchalik reglamentda yozilgan, shu sababli ular kelajakda o‘zgartirilishi mumkin.

Tizimning iqtisodiy samarasi ham e’tibor talab qiladi. Bozor sotuvchilari, ustalar va taksichilar kabi norasmiy bandlar rasmiy iqtisodiyotga o‘tishi ham, aksincha, naqd pulga yanada ko‘proq o‘tib ketishi ham mumkin. Natija ko‘p jihatdan fuqaro deklaratsiyadan qanday manfaat ko‘rishiga bog‘liq.

Suhbatning asosiy mavzularidan biri davlat xizmatchilarining daromadlarini deklaratsiyalash bo‘ldi. Bu masala 2017-yildan beri kun tartibida turibdi, bir necha bor muddatlar belgilandi, biroq tegishli qonun hanuzgacha qabul qilinmagan. Oddiy fuqarolar uchun deklaratsiya tajribasi esa bir yilga yetmay qaror bilan belgilandi.

Bu farq korrupsiyaga qarshi kurash va davlat boshqaruvi shaffofligi nuqtai nazaridan savol tug‘diradi. Fuqarolar deklaratsiyasi uchun texnik tizim yaratilgan ekan, uni davlat xizmatchilariga ham qo‘llashga nima to‘sqinlik qilmoqda?

Vaqt.uz’ning «Tomonlar» loyihasida shu va boshqa savollarga javob izladik.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 241

Barchasi

Mavzuga oid