
75 mlrd dollarlik tashqi qarz: odam boshiga qanchadan to‘g‘ri kelyapti?
2025 yil oktabriga kelib O‘zbekistonning tashqi qarzi 75 mlrd dollardan oshdi. Qarz o‘sishining katta qismi banklar va korxonalar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda, bir yil ichida esa har bir fuqaro hissasiga to‘g‘ri keladigan tashqi qarz qariyb 400 dollarga ko‘paydi.

2025 yil 1-oktabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 75,4 mlrd dollarga yetdi. Yil boshidan buyon tashqi qarz hajmi 11 mlrd dollardan ko‘proqqa oshgan.
Shu jumladan, davlat tashqi qarzi 37,4 mlrd dollar, korporativ tashqi qarz esa 38 mlrd dollarni tashkil etdi.
Qarzlar qanchaga oshdi?
Uchinchi chorakda O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 3,2 mlrd dollarga, oxirgi bir yil davomida esa 15,2 mlrd dollarga ko‘paygan.
Davlat tashqi qarzi uchinchi chorakda 0,6 mlrd dollarga, bir yil ichida esa 4,9 mlrd dollarga oshgan. Korporativ tashqi qarzlar esa shu davrda 2,6 mlrd dollarga, oxirgi bir yilda esa 10,3 mlrd dollarga ko‘paygan. Qizig‘i shundaki, tashqi qarz o‘sishining asosiy qismi davlat hissasiga to‘g‘ri kelmayapti. Asosiy o‘sish banklar va korxonalar hisobidan shakllanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yil oktabr oyi holatiga ko‘ra davlat qarzi qariyb 44 mlrd dollarga yetgani haqida xabar qilingan edi.
Hisoblar yaxshilandi, qarz esa o‘sishda davom etmoqda
Joriy operatsiyalar hisobi deyarli «nafas rostlab oldi». 2025 yil 1-oktabr holatiga ko‘ra, joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi 207,3 mln dollarga teng bo‘ldi, uchinchi chorakning o‘zida shakllangan defitsit esa 112,8 mln dollarni tashkil etdi. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning shu davrida mazkur ko‘rsatkich 3 mlrd dollardan oshib ketgan edi.
Eksport importdan tezroq o‘sdi, mehnat muhojirlarining pul o‘tkazmalari ko‘paydi. Ya’ni mamlakatga kirib kelayotgan valuta hajmi chiqib ketayotgan mablag‘lardan ko‘proq bo‘la boshladi. Ammo bu tashqi qarz jalb qilish to‘xtadi, degani emas.
Aholi jon boshiga qarz qanchadan tushadi?
Umumiy tashqi qarz aholi soniga taqsimlanganda, har bir fuqaro hissasiga o‘rtacha 1 980 dollardan qarz to‘g‘ri kelmoqda. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 1 611 dollar bo‘lgan. Demak, bir yil ichida «har bir fuqaro ulushi» qariyb 400 dollarga oshgan.
Avvalroq, iqtisodchi Otabek Bakirov yil yakuniga borib mazkur ko‘rsatkich 2 ming dollarlik chegaradan oshib ketishi mumkinligini aytgan edi.
Kapital oqimi: mablag‘ kiryapti, lekin qarz hisobidan
2025 yilda moliyaviy hisob bo‘yicha 2,5 mlrd dollarlik manfiy saldo shakllandi. Bu mamlakatdan chiqib ketayotgan moliyaviy resurslar kirib kelayotgan mablag‘lardan ko‘proq ekanini anglatadi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonga xorijiy kapital oqimi saqlanib qoldi. Xususan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 2,9 mlrd dollarga, portfel investitsiyalar oqimi esa 3,8 mlrd dollarga teng bo‘ldi.
Biroq portfel investitsiyalarning asosiy qismi aksiyalarga emas, balki davlat va korporativ obligatsiyalar, ya’ni qarz instrumentlariga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa investorlar iqtisodiyotda ulush sotib olishdan ko‘ra, ko‘proq qarz berishni afzal ko‘rayotganini ko‘rsatadi.
Tashkilot va korxonalar ko‘proq qarz olmoqda
Tashqi qarz tarkibiga nazar tashlasak, 37,4 mlrd dollar davlat hissasiga, qolgan 38 mlrd dollar esa banklar va korxonalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 9 oyda davlat qarzi 10 foizdan ko‘proqqa, korporativ qarzlar esa qariyb 27 foizga oshgan. Davlat qarzi oxirgi bir yilda 4,9 mlrd dollarga ko‘paygan bo‘lsa, korporativ qarzlar bir yil ichida 10,3 mlrd dollarga oshgan. Qayd etilishicha, korporativ qarzlarning 40–50 foizi davlat korxonalari tomonidan olingan.
Markaziy bank raisi Temur Ishmetov ham korporativ sohada qarzlar o‘sib borayotganiga e’tibor qaratgan:
«Korporativ sohada qarzlar biroz o‘smoqda. Tashkilotlar investitsion faollikni oshirish uchun tashqi qarz jalb qilyapti. Ayrimlari to‘g‘ridan to‘g‘ri qarz olyapti, ayrimlari esa qimmatli qog‘ozlar va yevroobligatsiyalar chiqarishni boshladi. Bu ham ijobiy ko‘rsatkich. Shu bilan birga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ham oshdi. To‘qqiz oy yakunlariga ko‘ra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi o‘tgan yilga nisbatan 55 foizga o‘sdi», — dedi u.
Yalpi tashqi majburiyatlar qanday o‘zgardi?
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning tahlil qilishicha, 2025-yil 1oktabr holatiga O‘zbekistonning yalpi tashqi majburiyatlari qoldig‘i 82,4 mlrd dollarga yetdi.

Bu ko‘rsatkich oldingi chorakka nisbatan 4,1 foizga yoki 3,2 mlrd dollarga ko‘p. Yil boshiga nisbatan esa 15,9 foizga (11,3 mlrd dollar) oshganini anglatadi.
Qarz o‘sishi qaysi sektorlar hisobiga bo‘ldi?
Yil boshiga nisbatan davlat tashqi qarzi (davlat kafolati ostidagi qarzlarni hisobga olmagan holda) 4 mlrd dollarga oshib, 33,8 mlrd dollarga yetdi. Bank sektorining tashqi qarzi 2,7 mlrd dollarga ko‘payib, 16,7 mlrd dollarni tashkil etdi. Boshqa, ya’ni nomoliyaviy sektorlarning tashqi qarzi esa 3,4 mlrd dollarga oshib, 25,2 mlrd dollarga yetgan.
2025-yilning yanvar–sentabr oylarida jalb qilingan yalpi tashqi qarz tarkibida hukumat ulushi 35 foizni, bank sektori 24 foizni, nomoliyaviy sektor esa 30 foizni tashkil etgan. Bu tashqi qarz jalb qilishda faollik bir nechta sektorlarga taqsimlanganini ko‘rsatadi.
Qisqa va uzoq muddatli qarzlar tarkibi
Yalpi tashqi qarzning 7,8 foizi qisqa muddatli majburiyatlar hissasiga to‘g‘ri keladi, qolgan qismi esa uzoq muddatli qarzlardir. Taqqoslash uchun, yil boshida qisqa muddatli qarzlar ulushi 8,7 foizni tashkil etgan.
Qisqa muddatli qarzlarning asosiy qismi bank sektori (3,5 mlrd dollar) va boshqa sektorlar (2,9 mlrd dollar) hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu holat qisqa muddatli majburiyatlar asosan davlat emas, balki xususiy va bank sektori orqali shakllanayotganini ko‘rsatadi.
Qarz jalb qilish sur’ati tezlashdi
Tahlilga ko‘ra, 2025 yilda tashqi qarz jalb qilish sur’ati sezilarli darajada tezlashgan. Taqqoslash uchun, 2024 yilning dastlabki 9 oyida yalpi tashqi qarz 11,2 foizga (6,9 mlrd dollar) oshgan edi. Joriy yilda esa qarz jalb qilish sur’ati 64 foizga tezlashib, umumiy o‘sish 15,9 foizni tashkil etdi.
Bu jarayonda bank sektorida qarz jalb qilish hajmining 1,6 mlrd dollarga, boshqa sektorlar bo‘yicha esa 1,4 mlrd dollarga oshgani asosiy omil bo‘lgan. Shuningdek, davlat qarzini jalb qilish sur’ati ham 780 mln dollarga tezlashgan.
Qimmatli qog‘ozlar ulushi oshmoqda
Yalpi tashqi qarz tarkibida qimmatli qog‘ozlar ulushi yil boshiga nisbatan 4 foiz bandga oshib, 16 foizga (13 mlrd dollar) yetdi. Yil boshidan buyon qimmatli qog‘ozlar orqali jalb qilingan qarzlar hajmi 57 foizga oshgan.
Xususan, hukumat tomonidan 2,1 mlrd dollar, banklar tomonidan 622 mln dollar, boshqa sektorlar tomonidan esa 1,9 mlrd dollar miqdorida qimmatli qog‘ozlar chiqarish orqali tashqi qarz jalb qilingan.
75,4 mlrd va 82,4 mlrd dollar o‘rtasidagi farq nimada?
Markaziy bankning to‘lov balansi bo‘yicha sharhida yalpi tashqi qarz 75,4 milliard dollar sifatida ko‘rsatilgan. Biroq ushbu tahlilda 82,4 milliard dollarlik ko‘rsatkich keltirilmoqda. Farq shundaki, bu yerda faqat rasmiy qarzlar emas, balki kengroq ma’nodagi tashqi majburiyatlar ham hisobga olingan.
Xususan, norezidentlarning O‘zbekiston banklaridagi valuta va depozitlari, tashqi savdo shartnomalari doirasidagi kreditorlik qarzlari ham ushbu hisobga kiritilgan. Masalan, norezidentlarning banklardagi depozitlari qoldig‘i 3,5 milliard dollarni tashkil etadi. Depozitlarni to‘liq qarz sifatida baholash to‘g‘ri bo‘lmasa-da, kengroq yondashuvda ular ham mamlakatning tashqi moliyaviy majburiyatlari tarkibiga kiradi.
Shu sababli, mazkur tahlilda keltirilgan 82,4 milliard dollarlik ko‘rsatkichni rasmiy yalpi tashqi qarz emas, balki keng ma’nodagi yalpi tashqi majburiyatlar qoldig‘i sifatida talqin qilish to‘g‘riroq bo‘ladi. Bu yondashuv mamlakatning chet el oldidagi real moliyaviy majburiyatlarini to‘liqroq aks ettiradi.
Qisqacha aytganda, iqtisodiyotga pul kiryapti, lekin u asosan qarz hisobidan. Tashqi qarz hajmi oshishda davom etmoqda va bu o‘sishda asosiy yuk davlat emas, balki banklar hamda korxonalar hissasiga to‘g‘ri kelyapti. Eksport va valuta tushumlari ko‘paygan bo‘lsa-da, tashqi qarz jalb qilish to‘xtagani yo‘q.
Natijada, har bir fuqaro hissasiga to‘g‘ri kelayotgan qarz ham ortib bormoqda. Iqtisodiyot bir oz yengil tortgandek, ammo hali ham qarzga tayangan holda harakat qilyapti. Asosiy masala esa — olinayotgan qarzlar ertaga o‘zini oqlaydimi yoki yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vaqt.uz o‘sib borayotgan davlat qarzi hamda tashqi qarz qaysi manbalardan va kimlar tomonidan jalb qilinganini batafsil o‘rgangan edi.
Teglar






