
O‘zbekiston tashqi qarzi 75 mlrd dollardan oshdi
2025 yil 1-oktabr holatiga, tashqi qarz aholi jon boshiga 1 980 dollardan oshgan.

2025 yil 1-oktabr holatiga O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 75,4 mlrd dollarga yetdi. Shu bilan birga, yalpi tashqi qarz hajmi 82,4 mlrd dollarga chiqib, so‘nggi yillarda tashqi moliyaviy majburiyatlarni jalb qilish sur’ati keskin tezlashganini ko‘rsatmoqda. Bu haqda Markaziy bank rasmiy ma’lumotlarida qayd etilgan.
Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra, joriy operatsiyalar hisobi defitsiti 2025 yil 1-oktabr holatiga 207,3 mln dollarni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning shu davriga nisbatan sezilarli darajada yaxshilandi. Solishtirish uchun, o‘tgan yilning mos davrida joriy operatsiyalar defitsiti 3,1 mlrd dollar bo‘lgan edi. Mutaxassislar bu ijobiy o‘zgarishni eksport hajmining importga nisbatan tezroq o‘sishi va pul o‘tkazmalari ko‘payishi bilan izohlamoqda.
Shu bilan birga, moliyaviy hisob saldosi manfiy bo‘lib qolmoqda. 2025 yilning uchinchi choragida manfiy saldo 642,3 mln dollarni, yil boshidan esa 2,5 mlrd dollardan ortiqni tashkil etdi. Bu kapital harakatidagi bosimlar saqlanib qolayotganini anglatadi.
Tashqi qarz tarkibiga nazar tashlasak, davlat tashqi qarzi 37,4 mlrd dollarga, korporativ tashqi qarz esa 38,0 mlrd dollarga yetgan. Uchinchi chorakning o‘zida umumiy tashqi qarz 3,2 mlrd dollarga, oxirgi 12 oyda esa 15,2 mlrd dollarga ko‘paygan.
Davlat tashqi qarzi bir yilda 4,9 mlrd dollarga oshgan bo‘lsa, asosan davlat banklari va yirik kompaniyalar hisobiga to‘g‘ri keladigan korporativ qarz 10,3 mlrd dollarga ko‘paygan.
Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan tashqi qarz ham o‘sishda davom etmoqda. 2025 yil 1-oktabr holatiga bu ko‘rsatkich 1 980 dollardan oshgan, 2024 yilning shu davrida esa 1 611 dollar bo‘lgan.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yalpi tashqi qarz tarkibida hukumat ulushi 35 foizni, bank sektori 24 foizni, nomoliyaviy sektor esa 30 foizni tashkil etmoqda. Qarzlarning atigi 7,8 foizi qisqa muddatli bo‘lib, qolgan qismi uzoq muddatli majburiyatlardan iborat. Shu bilan birga, qimmatli qog‘ozlar orqali jalb qilingan tashqi qarzlar hajmi yil boshidan beri 57 foizga oshib, 13 mlrd dollarga yetgan.





