
AI.com domeni 70 mln dollarga sotildi
Crypto.com rahbari Kris Marshalek AI.com domenini 70 mln dollarga sotib oldi va sun’iy intellektga uzoq muddatli strategik dov tikdi.

Kriptovalyuta platformasi «Crypto.com» asoschilaridan biri va bosh ijroiya direktori Kris Marshalek AI.com domenini 70 mln dollarga sotib oldi. Bu kelishuv ochiq manbalarda e’lon qilingan eng qimmat domen sotuvi sifatida qayd etildi. Bitim to‘liq kriptovalyuta orqali amalga oshirilgani ta’kidlanmoqda.
Kelishuvni «GetYourDomain.com» brokeri Larri Fisher tasdiqlagan. Domen sotuvchisi nomi oshkor etilmagan. Marshalekning o‘zi «X» ijtimoiy tarmog‘ida domenni o‘tgan yil aprel oyida xarid qilganini bildirgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AI.com atrofida allaqachon jamoa shakllangan va mahsulot ustida tizimli ish olib borilgan. Ilk ommaviy taqdimot «Super Bowl» vaqtida rejalashtirilgan.
Yangi SI strategiya
AI.com orqali murakkab korporativ platforma emas, balki ommaviy iste’molchiga mo‘ljallangan shaxsiy sun’iy intellekt agenti ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Loyiha texnik bilimga ega bo‘lmagan foydalanuvchilar uchun sodda interfeysni maqsad qilgan.
Rejalashtirilayotgan funksiyalar orasida xabar almashish, ilovalar bilan ishlash, moliyaviy operatsiyalar va aksiyalar savdosi bor. Marshalek buni keyingi 20 yildagi asosiy texnologik to‘lqinga investitsiya sifatida baholamoqda.
Tadbirkorning aytishicha, domenni qayta sotib olish bo‘yicha juda yirik takliflar tushayotgan bo‘lsa-da, u brendni o‘zida saqlab qolish niyatida.
Marketing va masshtab
AI.com loyihasining ommaviy chiqishi «Super Bowl» reklamalari orqali amalga oshiriladi. Bu dunyodagi eng qimmat reklama maydonchalaridan biri hisoblanadi. Marshalek bungacha ham agressiv marketing strategiyasi bilan tanilgan — u avvalroq 700 mln dollar evaziga Los-Anjelesdagi sport arenasi nomini «Crypto.com» deb atash huquqini sotib olgan.
Hozirda «Crypto.com» biznesi yiliga taxminan 1,5 mlrd dollar daromad keltirmoqda. Marshalek AI.com kabi universal va esda qolarli domen yangi SI mahsulotining bozorda yo‘qolib ketmasligiga xizmat qiladi, deb hisoblaydi.





