Logo

351 mln dollarga sotilgan MobiUz, Toshkentdagi kichik «blekaut» va avtobuslardagi yangi to‘lov tartibi — 4-iyun dayjesti

Kecha 22:404 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

351 mln dollarga sotilgan MobiUz, Toshkentdagi kichik «blekaut» va avtobuslardagi yangi to‘lov tartibi — 4-iyun dayjesti

O‘zbekistonliklar Honkongga vizasiz sayohat imkoniga ega bo‘ladi

O‘zbekiston va Honkong o‘zaro vizasiz rejimni joriy etish bo‘yicha hukumatlararo bitimni tasdiqlovchi verbal notalar almashdi. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Honkong maxsus ma’muriy hududi rahbari Jon Li Kachchiu Toshkentda uchrashuvda investitsiyalar, moliya, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, transport va logistika sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Tomonlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.

Yangi tartibga ko‘ra, har ikki hudud fuqarolari 30 kungacha vizasiz safar qilishi mumkin. Honkong pasporti egalari O‘zbekistonga 10 kungacha, O‘zbekiston diplomatik va xizmat pasportlari egalari Honkongga 14 kungacha vizasiz kirish huquqiga ega. Bu tashabbus turizm, ta’lim va ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishga xizmat qilishi, madaniy aloqalar va uzoq muddatli sheriklikni mustahkamlashga yordam berishi kutilmoqda.

Islomiy banklar faoliyati uchun yangi talablar belgilanmoqda

O‘zbekiston Markaziy banki islomiy bank faoliyatini tartibga soluvchi qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi. Hujjat alohida litsenziyani joriy etish, islomiy moliya kengashi tashkil etish, maxsus bo‘linma va ichki audit tizimini shakllantirish kabi talablarni o‘z ichiga oladi. Birinchi marta «islomiy bank faoliyati» tushunchasiga aniq ta’rif berilib, u bank qonunchiligi va xalqaro islomiy moliya standartlariga muvofiq amalga oshiriladigan xizmatlarni qamrab oladi.

Litsenziya olish uchun banklar uch yillik biznes-reja, kengash a’zolari ma’lumoti va alohida hisob yuritish imkoniyatini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi kerak. Islomiy moliya kengashining kamida uch a’zosi oliy ma’lumotli bo‘lishi, 2027 yildan boshlab AAOIFI sertifikatiga ega bo‘lishi shart. Qaror barcha hujjatlar qabul qilinganidan so‘ng ikki oy ichida chiqariladi va litsenziya uchun davlat boji bank ustav kapitali eng kam miqdorining 0,1 foizi miqdorida belgilanadi.

MobiUz 351 mln dollarga sotildi

Davlat aktivlari agentligi MobiUz mobil operatorining 100 foiz davlat ulushini sotish bo‘yicha xalqaro ochiq savdo jarayoni yakunlanganini ma’lum qildi. G‘olib taklif AQSHning McKim and Company kompaniyasi boshchiligidagi konsorsium tomonidan berildi va kompaniya 351 mln dollarga baholandi. Investorlar telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun qo‘shimcha 500 mln dollargacha sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda.

Xususiylashtirish jarayonida Rothschild & Co, KPMG va Deloitte xalqaro konsultant sifatida ishtirok etdi. Jarayonga AQSH, Yaponiya, Fors ko‘rfazi davlatlari, Yevropa va Kavkazortidan 15 dan ortiq investor jalb qilindi, ulardan 6 tasi yakuniy majburiy taklif berdi. Bitim kuchga kirishi uchun endilikda tegishli regulyatorlar ruxsatlari va zarur korporativ-huquqiy tartib-taomillar bajarilishi lozim.

Kichik blekaut: poytaxtning 5 ta tumanida chiroq o‘chdi

Bugun soat 12:41 da Qibray tumanidagi Toshkent issiqlik elektr stansiyasi transformatoridagi nosozlik yuzasidan Yunusobod, Mirzo-Ulugbek, Shayxontoxur, Yashnobod va Olmazor tumanlarida elektr ta’minoti uzildi. Uzilish Yunusobod yo‘nalishidagi metro liniyasiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Soat 13:01 da nosozlik bartaraf etildi va iste’molchilarning elektr ta’minoti bosqichma-bosqich tiklanmoqda, deyiladi Energetika vazirligi ma’lumotida.

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning hisob-kitobicha, poytaxt iqtisodiyoti har soatda 42 mlrd so‘m qiymat yaratadi, shu bois bir soatlik elektr uzilishi kamida 3,5 mln dollarlik iqtisodiy yo‘qotishga teng bo‘ladi. Amalda zarar miqdori kamroq bo‘lishi mumkin, chunki ba’zi korxona va tashkilotlar zaxira generatorlari orqali faoliyatni davom ettirishi mumkin, biroq ishlab chiqarish va xizmatlardagi kechikishlar yo‘qotishni oshiradi.

Endi pul o‘tkazmalarini telefon raqami orqali ham amalga oshirish mumkin bo‘ladi

Markaziy bank jismoniy shaxslar o‘rtasida Tezkor to‘lovlar tizimi orqali pul o‘tkazmalarini mobil telefon raqami yordamida amalga oshirish tartibini muhokamaga qo‘ydi. Loyihaga ko‘ra, fuqarolar o‘z depozit hisobini mahalliy mobil operator raqamiga bog‘laydi va bir raqamga faqat bitta hisob biriktiriladi. Xizmatdan foydalanish uchun arizalar banklarning mobil ilovalari orqali yuboriladi, ma’lumotlar esa Bank depozitorlarining milliy axborot bazasida saqlanadi.

Pul o‘tkazmalari mobil ilovalar yoki bank bo‘limlari orqali amalga oshiriladi. Jo‘natuvchi qabul qiluvchining telefon raqami yoki maxsus kodini kiritgach, tizim uning ismi va banki haqida ma’lumot ko‘rsatadi, komissiya miqdorini ham oldindan ma’lum qiladi. Bu noto‘g‘ri o‘tkazmalar xavfini kamaytirishga xizmat qiladi. Loyiha bo‘yicha taklif va mulohazalar 13-iyungacha qabul qilinadi.

Toshkentda avtobuslarga faqat chiqish vaqtida to‘lov qilinadi

2026 yil 1-sentabrdan boshlab Toshkentda avtobuslarda yo‘lovchilar yo‘l haqini faqat chiqish vaqtida elektron tarzda tasdiqlashi shart bo‘ladi. Bu transport kartasi, bank kartasi, smartfon yoki boshqa kontaksiz to‘lov vositalari orqali amalga oshiriladi, ijtimoiy yoki transport kartasi egalari ham validator orqali imtiyozli yoki bepul yurish huquqini tasdiqlashi lozim.

Shahar transporti modernizatsiya qilinib, «Yevro-5» va undan yuqori ekologik standartga ega yangi avtobuslar, elektrobus va trolleybuslar import qilinishi uchun imtiyozlar beriladi. Yangi tartib brutto-shartnoma asosida faoliyat yurituvchi yo‘nalishlarda tushumlarni to‘liq hisobga olishni ta’minlaydi va integratsiyalashgan yagona to‘lov tizimi joriy etiladi.

Teglar

Mavzuga oid