add

Asosiy stavka yana o‘zgarmadi: Ishmetov sabablarini tushuntirdi

MB raisi inflyatsiya bosimi saqlanayotgani, narxlar ko‘tarilishi va inflyatsion kutilmalarning yuqori saqlanib qolayotganligi sabab sifatida keltirdi. Bundan tashqari, u banklarga sanksiya masalasi, dollarlashuvning pasayishi hamda tashqi qarz haqida izoh berdi.

Asosiy stavka yana o‘zgarmadi: Ishmetov sabablarini tushuntirdi

O‘zbekiston Markaziy banki 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda inflyatsiya xavflari, inflyatsion kutilmalar yuqoriligi va narxlar ko‘tarilishi xavfini inobatga olgan holda asosiy stavkani yana o‘zgarishsiz qoldirdi. Ma’lumot uchun, oxirgi marta asosiy stavka 2025 yilning 20 martida 0,5 foizga oshirilgan edi.

Sentyabr oyida yillik inflyatsiya darajasi 8 foizga tushgan, ya’ni 0,8 foiz pasayish qayd etilgan. Bu quvonarli holat, ammo aholining narxlar oshishidan xavotirlari hanuz kuchli. Xizmatlar inflyatsiyasi, jumladan, tartibga solinadigan narxlar ta’sirisiz ham talab omillari hisobiga umumiy inflyatsiyadan yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

Avvalroq ta’kidlaganimizdek, umumiy inflyatsiya darajasi pasaygan bo‘lsa-da, bozordagi narx-navolar hali ham yuqori. Ovqat mahsulotlarining 68 foizi qimmatlashgan, 32 foizi arzonlashgan. Noovqat tovarlarining 86 foizi qimmatlashgan, 14 foizi arzonlashgan. Xizmatlar sohasida esa 90 foiz narxlar oshgan, faqat 10 foizida pasayish kuzatilgan.

2025 yilning III choragidagi yuqori iqtisodiy o‘sish va investitsion faollik kelgusi chorakda ham davom etib, yil yakunida YAIMning real o‘sishi 7–7,5 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Inflyatsiya 5 foizgacha tushadi

Markaziy bank o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyani 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichga tushirish uchun pul-kredit siyosatidagi qat’iylikni saqlab borishni rejalashtirmoqda.

«Biz ko‘rsatyapmiz, u kamaydi, deyapmiz. Lekin o‘zi necha bo‘lishi kerak? Nol bo‘lishi hech qachon to‘g‘ri emas. Inflyatsiyamizni 5 foizga yetkazish va uni saqlab qolish maqsadimiz bor. 5 dan past bo‘lishi kabi maqsadimiz yo‘q. Biz uchun shu 5 foiz yetarli deb hisobladik — iqtisodiy o‘sish va narx barqarorligi o‘rtasidagi balansni saqlab qolish uchun», — dedi Markaziy bank raisi Temur Ishmetov.


Banklardagi raqobat

Matbuot anjumanida banklar o‘rtasidagi raqobat masalasiga ham alohida izoh berildi. Xususan, so‘nggi 2,5 yil ichida O‘zbekistonda birorta ham yangi bank ochilmagan, lekin mijozlar soni yildan-yilga ko‘payib bormoqda. Temur Ishmetovning aytishicha, Markaziy bank mamlakatdagi banklar sonini ma’lum bir darajaga yetkazishni maqsad qilmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bozor ishtirokchilari sonini ko‘paytirish emas, balki raqobat sifatini yaxshilash ustuvor vazifa hisoblanadi.

«Hatto mavjud banklar soni bilan ham, ochig‘ini aytganda, yetarli darajada raqobatni ko‘rmayapmiz. Deyarli barcha banklar bir xil siyosat olib bormoqda. Biroq biz bu sohada o‘zgarishlar bo‘lishiga umid qilamiz. Men uchun banklar soni unchalik muhim emas. Asosiy vazifa — bozorda raqobat muhitini yaxshilash. Biz bu yo‘nalishda ish olib bormoqdamiz», — dedi Ishmetov.

Markaziy bank raisi to‘lov operatsiyalari (paytech) bilan shug‘ullanadigan fintexni qo‘llab-quvvatlashni taklif etdi. Regulyator fintex kompaniyalariga ayrim bank xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat bermoqchi. Yana bir yo‘nalish — islomiy moliyani rivojlantirish. Temur Ishmetov islomiy banklarni an’anaviy moliya muassasalarining o‘rnini bosuvchi emas, balki fuqarolar uchun qo‘shimcha imkoniyat sifatida baholadi.

Avvalroq mikromoliya tashkilotlariga islomiy moliya xizmatlari ko‘rsatishga ruxsat berilgani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, O‘zbekistonda to‘laqonli islomiy bank faoliyat ko‘rsatish haqidagi qonun deputatlar tomonidan ma’qullangani ham yozilgan edi.

So‘m dollarga nisbatan 6,4 foizga mustahkamlandi

So‘nggi paytlarda global siyosatdagi tebranishlar fonida so‘mning dollarga nisbatan qiymati ham mustahkamlanib bormoqda. Xususan, ayni paytda so‘m dollarga nisbatan 6,4 foizga mustahkamlandi. Cyentyabrda bu ko‘rsatkich 3–4 foiz edi.

Oltin narxining yuqori o‘sishi ichki bozorga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi: qimmatbaho metallning bir troy unsiyasi 2610 dollardan 3807 dollargacha oshdi, natijada bu valyuta tushumlarini ko‘paytirdi. Eksport, xorijiy kreditlar va pul o‘tkazmalari orqali valyuta oqimining sezilarli oshishi, xorijiy investitsiyalar hajmining o‘sishi hamda import barqarorlashuvi ichki valyuta bozorida so‘m mustahkamlanishiga ta’sir etdi.

Temur Ishmetovning aytishicha, Markaziy bank bozor bilan aloqalarni mustahkamlash va avval oshkor etilmagan ma’lumotlarni muntazam e’lon qilib borishni rejalashtirmoqda: 

«Markaziy bankning hozirgi sharoitda neytral stavkasi o‘zi necha deb hisob-kitob qildik. Neytral stavka 4,5 atrofida chiqdi. Uni, demak, e’lon qilib borish, har zamonda qayta hisob-kitob qilish kerak», — dedi u.

Markaziy bank yaqin kelajakda dollarlashuvning «sog‘lom» darajasini aniqlashni ham rejalashtirmoqda. Ta’kidlanganidek, hozircha dollarlashuvning pasayishi qayd etilgan, ammo uning optimal darajasi aniq belgilanmagan.

Sanksiyalar masalasi

Temur Ishmetov 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Rossiyaning «Rosneft» va «Lukoyl» neft kompaniyalariga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarning O‘zbekistonga ehtimoliy ta’siri haqida izoh berdi. Uning ta’kidlashicha, har qanday xalqaro sanksiyalar bevosita yoki bilvosita O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’sir qiladi va regulyator o‘z prognozlarida ushbu xatarlarni hisobga oladi.

«Muzokaralarda sanksiyalardan maqsad uchinchi davlatlarga yoki ularning xalqiga zarar yetkazish emasligi inobatga olinadi. Boshqa — uchinchi davlatlarga ta’sir qilmasligi uchun sharoit yaratish maqsadida doimiy muzokaralar o‘tkaziladi. Buning shunday tartibi bor. Aminmanki, xuddi shunaqa [muzokaralar] amalga oshiriladi. Niyat qilamizki, katta ehtimol bilan, xavf unaqa yuqori bo‘lmasligi kerak», — dedi u.

Shuningdek, Markaziy bank raisi Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondagi banklar sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgani fonida bank sektorida ikkilamchi sanksiyalar xavfini minimallashtirish muhimligini ham ta’kidladi:

«Biz ikkilamchi sanksiyalar xavfiga tushish masalasiga judayam jiddiy qaraymiz. Bir necha yil bo‘ldi, shukrki, so‘nggi ikki-uch yilda sanksiyaviy komplayens ham, umuman, bank tizimida sal bo‘lsa ham takomillashdi va doimiy takomillashtirilib bormoqda. Banklarimiz amaliyotida sanksiya ostidagi tovarlar, tashkilotlar va banklar bilan hamkorlik qilmaslik, ishlamaslik bo‘yicha qat’iy pozitsiyamiz bor. Buni jamoatchilikka ham, banklarning o‘ziga ham aytganmiz. Biz buni qat’iy nazorat qilamiz. Va, o‘ylaymanki, aynan shunday ishlashimiz banklarimiz birorta sanksiyaga tushmasligiga olib keldi. Biz bu yo‘nalishda qat’iylikni davom ettiramiz», — dedi Markaziy bank raisi.

Stavka qachon o‘zgaradi?

Ma’lumot uchun, oxirgi marta 2024 yilning 20 martida asosiy stavka 13,5 foizdan 0,5 foizga oshirilgan edi. Shundan beri o‘zgarishsiz qolmoqda. Temur Ishmetov stavka qachon ko‘tarilishi yoki tushishi ehtimoli haqida ham izoh berdi.

Raqamlarga qaralsa, haqiqatan ham inflyatsiya ko‘rsatkichi pasaygan. Ammo aholining inflyatsion kutilmalari, umumiy inflyatsiya bosimlari va narx-navolarning hanuz qimmat bo‘lib qolishi asosiy stavka saqlanib qolishiga asosiy sabab bo‘ldi. Bu esa iqtisodchilar tomonidan «yaxshi qaror» deya baholanmoqda.

Stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha keyingi yig‘ilish 2025 yilning 11 dekabrida bo‘lib o‘tadi.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 8

Barchasi

Mavzuga oid