
Ayollar hijobi, O‘zbekistonning «oltin» rekordi va talabalar uchun milliard – 8 avgust dayjesti
08.08.2025 | 22:0018597
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar, hodisalar yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

O‘zbekistonning oltin zaxirasi 38,68 mlrd dollarga yetdi — bu yangi tarixiy rekord
O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari iyul oyida yana o‘sdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlariga asosan xabar berildi. 1 avgust holatiga ko‘ra, umumiy zaxiralar miqdori 48,74 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan oyga nisbatan 193,7 mln dollar yoki 0,4 foizga ko‘proqdir.
Markaziy bank oltin zaxirasining qiymati 265 mln dollarga ortib, 38,68 mlrd dollarga yetganini qayd etdi. Bu ko‘rsatkich mamlakat tarixidagi eng yuqori daraja hisoblanadi. Oltin zaxirasining umumiy miqdori o‘zgarmagan — 11,7 mln troy unsiya. Shu bois o‘sish faqat narxlar ortishi hisobiga ro‘y berdi.
«Yalang‘ochlikni dunyoviylik deb qabul qildik, endi yopinib yurish huquqiga daxl qilmaslikni ham o‘rganaylik» – Alisher Qodirov
«Milliy tiklanish» DP raisi jahon yulduzi Jennifer Lopesning Toshkentdagi konserti va mamlakatda diniy bag‘rikenglik masalalari haqida fikrlarini bildirdi.
«Yalong‘och namoyishini dunyoviylik deb qabul qildik, endi yopinib yurish huquqiga ham daxl qilmaslik kerakligini qabul qilaylik. Lopesga qanday kiyinishni o‘rgatmaganimizdek, e’tiqodli ayollarimizga ro‘molni qanday o‘rashni o‘rgatishni, qolaversa, shu yoshga kelib e’tiqodi talabiga rioya qilgan ayollarni pasportga ro‘molini yechib tushishga majburlashni ham to‘xtatish kerak», – deb yozdi u.
Bir talabani mutaxassis qilib tayyorlash uchun davlat yiliga qancha pul sarflayotgani aytildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oliygohlar bitiruvchilarini ishga joylashtirish masalalari bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Suhbatda oxirgi yetti yilda oliy ta’lim qamrovi 42 foizga yetganiga qaramay, kadrlar tayyorlash tizimi real bozor ehtiyojlariga mos emasligi ta’kidlandi.
Prezident hisobotlardagi kamchiliklarni tanqid qildi. Bu yilgi 231 ming bitiruvchidan 125 mingi ishli deb qayd etilgan bo‘lsa-da, ularning 42 mingi o‘zini o‘zi band qilgan. Har bir talabani tayyorlash uchun davlat yiliga 25–30 million so‘m sarflayotgani, ammo yarmidan ko‘pi past malakali ishlarda band ekani qayd etildi.
Endi ishsizlik nafaqasi faqat mehnat shartnomasi bekor qilingan shaxslarga to‘lanadi
1 noyabrdan ishsizlik nafaqasi olish tartibi va ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalar uchun ish o‘rinlari zaxirasi bo‘yicha yangi qoidalar kuchga kiradi.
Prezident farmoniga muvofiq, 2025 yil 1 noyabrdan ishsizlik nafaqasi faqat mehnat shartnomasi bekor qilingan shaxslarga to‘lanadi. Yangi tartib so‘nggi 5 yilda kamida 18 oy ishlagan va shartnoma bekor qilinganidan so‘ng 6 oy ichida murojaat qilgan fuqarolarga tatbiq etiladi.
Hokimliklar xodimlariga haq to‘lashning yangi tizimi joriy etiladi
7 avgust kuni qabul qilingan PF–129-sonli Farmonga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va tuman (shahar) hokimliklarining boshqaruv xodimlari uchun mehnatga haq to‘lash va rag‘batlantirish tizimi yangilanadi.
Farmonga ko‘ra, xodimlarning lavozim maoshi yagona tamoyil asosida mehnatga haq to‘lashning yangilangan tarif setkasi hamda ko‘p yillik xizmati va lavozimini inobatga olgan holda tabaqalashgan tarif koeffitsiyentlari asosida shakllantiriladi. Rag‘batlantirish to‘lovlari boshqaruv xodimlari tomonidan erishilgan eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida har oylik ustama, malaka (martaba) darajalari uchun va hisobot davri yakunlari bo‘yicha rag‘batlantirish (bonus) to‘lovlari shaklida to‘lanadi.





