add

«Bu yigit hali uzoq vaqt «Manchester Siti»da qoladi» — Gvardiola Abduqodir Husanov haqida gapirdi

23.09.2025 | 20:0046164

«U «Manchester Siti»ning so‘nggi bir necha yildagi eng yaxshi transferi ekanini his qilgandirsiz», - dedi Pep Gvardiola.

«Bu yigit hali uzoq vaqt «Manchester Siti»da qoladi» — Gvardiola Abduqodir Husanov haqida gapirdi
«Manchester Siti» bosh murabbiyi Pep Gvardiola o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanovni klub uchun uzoq muddatli muhim transfer deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 21 yoshli himoyachi hali katta imkoniyatlarga ega va jamoada yillar davomida muvaffaqiyatli o‘ynay oladi. «Manchester Siti»ning rasmiy Instagram sahifasida Gvardiolaning o‘zbekistonlik himoyachi haqidagi fikrlari e’lon qilindi. Unda shunday deyiladi: «U markazda o‘ynay oladi, himoyaning chap qanotidan boshqa istalgan pozitsiyalarda o‘ynay oladi, deb aytgan bo‘lardim... Ha, u hujumda ko‘p vaziyat yarata olmasligi mumkin, ammo uning o‘yini o‘ta ishonchli va barqaror. Uning jismoniy imkoniyatlari, ortga qaytish [tezligi] xuddi Kayl [Uolker]ning praym davrlarini yodimga soladi! U g‘oyat e’tiborli, juda yosh, o‘rganishga intiladi. Biz duch kelgan kuchli, jiddiy raqiblarga qarshi u haqiqatan ham a’lo o‘yin ko‘rsatdi. U juda yosh bo‘lishiga qaramay, avvaliga O‘zbekistondan Fransiyaga kelib moslashdi, keyin bu yerga kelgach, biz uchun qiyin bo‘lgan mavsumda tezda jamoaga kirishib ketdi... Agar yangi joyga kelganingda hammasi joyida bo‘lsa, moslashish oson kechadi. Ammo bizda unday emasdi. Bizda bor harakatlar va uslublarni u aqlbovar qilmaydigan darajada tez o‘rganmoqda. O‘ylaymanki, u klub so‘nggi bir necha yillar davomida sotib olgan eng yaxshi futbolchi ekanini tez orada tushunib yetasiz. Bu yigit hali uzoq vaqt «Manchester Siti»da qoladi». O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi bo‘lgan Husanov 2025 yil yanvar oyida Fransiyaning «Lans» klubidan Angliyaga kelib qo‘shilgan edi. Shu vaqtga qadar u «Manchester Siti» safida barcha musobaqalarda 15 marta maydonga tushdi. Jumladan, so‘nggi to‘rt o‘yinda asosiy tarkibda to‘p surib, «Manchester Yunayted» va «Napoli» ustidan g‘alabalar hamda «Arsenal»ga qarshi durangda ishtirok etdi.

Teglar

Mavzuga oid