add

Dollar kursi tushib bormoqda, narxlar esa yo‘q: sabablar

23.09.2025 | 12:0090313

Dollar kursi pasayib bormoqda, ammo bu bozordagi narxlarda o‘z aksini topmayapti. Elektr tariflari, kreditlar o‘sishi va qishloq xo‘jaligidagi muammolar narxlarni yuqori darajada ushlab turdi.

Dollar kursi tushib bormoqda, narxlar esa yo‘q: sabablar
Odamlar orasida «dollar oshsa, narxlar ham oshadi», degan qarash keng tarqalgan. Bunday yondashuv ao‘aldan mahalladagi pista sotuvchi opaning ham savdosiga ta’sir qilardi. Biroq, so‘nggi haftalarda dollar kursi pasayib borayotgan bo‘lsa-da, bozordagi narxlar hanuz qimmatligicha qolmoqda. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: nega dollar tushsa ham narxlar arzonlashmayapti? Avvalo dollar kursi pasaygan davrlardan biriga e’tibor qaratish lozim. Masalan, 23 sentyabr uchun Markaziy bank rasmiy kursni 12 ming 257 so‘m etib belgiladi. Bu qariyb ikki yil oldingi eng past daraja bilan bir xil. Ya’ni, 2023 yilning 3 noyabrida dollar kursi 12 ming 254 so‘m bo‘lgan edi Aslida narxlar faqat dollar kursiga emas, balki boshqa ko‘plab omillarga bo‘g‘liq. Masalan, elektr va gaz tariflarining oshishi barcha sohalarga uzoq muddatli ta’sir qiladi. Shu yil boshida xizmatlar inflyatsiyasi 26,7 foiz bo‘lsa, sentyabrga kelib 16,2 foizgacha tushdi. Demak, o‘tgan yilgi tariflar oshishining ta’siri kamaydi, lekin hali tugamadi. Avvalroq, Vaqt.uz energiya tariflari oshgani sababli Toshkent – Chinorkent elektropoyezd narxlari ham 50 foizga ko‘tarilganini haqida xabar bergan edi. Bundan tashqari, 2025 yil 1 maydan oshgan elektr energiya narxlari  inflyatsiya ko‘rsatkichlariga ham sezilarli ta’sir qilayotgani haqda yozgan edik. Yana bir muhim omil — kreditlar hajmidagi o‘sish. Shu yilda umumiy kreditlar hajmi o‘tgan yilga nisbatan 40 foizga ortdi. Xususan, yanvar–iyun oylarida tijorat banklari aholiga 9,44 trln so‘mlik ipoteka krediti ajratdi. Bu esa 2024 yilning shu davridagi ko‘rsatkichga nisbatan 37 foizga (6,88 trln so‘m) ko‘p.  Uy-joy ta’mirlash ishlari kuchaydi, bu esa qurilish materiallari narxini 5-11 foizga oshirdi. Qishloq xo‘jaligidagi omillar ham muhim: bu yil yog‘ingarchilik kam bo‘lgani sabab kartoshka hosili kamaydi va uning narxi bir yilda 32 foizga ko‘tarildi.   Demak, dollarning pasayishi hech narsaga ta’sir qilmaydimi? Aslida, ta’sir ko‘rsatdi. Valyuta kursining tushishi import inflyatsiyasini sekinlashtirdi. Xususan, O‘zbekistonda texnika, mebel va kiyim-kechak narxlarining o‘sish sur’ati kamaydi — yillik ko‘rsatkich 6,6 foiz atrofida. Ammo odamlar kutgandek umumiy narxlarning birdaniga pasayishi uchun faqat dollar kursi yetarli emas. Buning uchun bir qator shartlar zarur: davlat monopoliyalarining xarajatlarini iste’molchiga bemalol yuklay olmasligi uchun raqobat muhitini kuchaytirish, gaz va elektr tariflarini oldindan aniq belgilash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini daladan bozorga yetkazish xarajatlarini kamaytirish uchun logistika va saqlash tizimlariga sarmoya kiritish. Aholida «narxlar faqat oshadi» degan kutilma mavjud ekan, bozorda ham narxlar xuddi shunday yo‘nalishda shakllanadi. Aksincha, odamlar narxlarni jilovlash mumkinligiga ishonch hosil qilsa, bozorning o‘zi ham asta-sekin muvozanatga keladi.   Iqtisodchi nima deydi? Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevнинг tushuntirishicha, dollar kursining tushishi nazariy jihatdan import mahsulotlari narxining pasayishiga olib kelishi kerak. Chunki import narxlarida valyuta kursi hal qiluvchi omil hisoblanadi. Biroq bu yerda gap nominal emas, balki real kurs haqida ketmoqda. Real kurs ichki inflyatsiya va tashqi omillarni ham hisobga oladi. [caption id="attachment_17963" align="aligncenter" width="640"]Import tovarlar Infografika: Mirkonomika[/caption] Xolboyevning aytishicha, dollarning mustaxkamlanishi qisqa muddatda umumiy narxlarga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi, chunki import mahsulotlari iste’molning atigi uchdan bir qismini tashkil etadi. Shunday bo‘lsa-da, so‘nggi oylar tajribasi dollar kursi pasayganda import inflyatsiyasi ham sekinlashganini ko‘rsatmoqda. Masalan, yilning birinchi choragida import narxlari indeksi 4,4 foizga oshgan bo‘lsa, so‘nggi uch oyda bu ko‘rsatkich atigi 1,3 foiz bo‘lgan. Shu bilan birga, iyul oyidagi istisno bunga dalil bo‘ldi: real kurs qisqa muddatga qadrsizlanib, import narxlari tezroq oshdi. Bu esa valyuta kursining narxlarga ta’siri kuchli ekanini ko‘rsatadi.   O‘zbekistonda dollar kursi bozor talabiga javob beryaptimi? Tanganing boshqa tomoni ham bor. Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi direktori o‘rinbosari Abdulla Абдuқодировнинг aytishicha, o‘zi dollar kursi bozor talabiga to‘liq javob bermaydi. 
«Eksportning 38 foizi oltindan kelmoqda. Kurs oltin sotish hisobiga ushlab turilmoqda va bu bozor mexanizmi emas. Natijada to‘qimachilik va meva-sabzavot mahsulotlari, hatto pomidorimiz ham raqobatbardosh emas», — dedi u.
Uning fikricha, ayni paytda Xitoy va boshqa mamlakatlardan keltirilayotgan meva-sabzavot mahsulotlari O‘zbekistondagidan arzonroq va samaraliroq. «Importga to‘siq qo‘yuvchi asosiy omil bojxona bojlari emas, valyuta kursi bo‘lishi kerak», — dedi u. Avgust oyida eksportchilar Markaziy bankdan so‘mni susaytirishni talab qildi. Ular kursni erkin qo‘yishni taklif qilib, milliy valyutadagi xarajatlar o‘sishi raqobatbardoshlikni pasaytirganini bildirdi. Trikotaj ishlab chiqaruvchi kompaniya vakili «devalvatsiya eksportchilar muammosining 70–80 foizini hal qiladi», dedi. Savdo-sanoat palatasi rahbari Davron Vahobov esa dollar uchun «adolatli kurs» 16–17 ming so‘m atrofida bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Demak, dollarning pasayishi import narxlarini barqarorlashtirdi, ammo ichki omillar sababli umumiy narxlar tezda tushmaydi. Shu bilan birga, eksportchilar kuchliroq kursni talab qilmoqda. Valyuta kursidan kutilmalar turlicha: aholi arzonlashuvni kutsa, ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar aksincha, so‘mning susayishidan manfaatdor.  Ammo so‘mning qadrsizlashi yoki mustahkamlanishi dollar kursidagi o‘zgarishlar fonida yuz bermoqda. Temur Ishmetov asosiy stavka bo‘yicha matbuot anjumanida so‘m yil boshidan buyon 3-4 foiz mustahkamlanganini aytgan Iqtisodchilar so‘mning mustahkamlanishiga turlicha izoh berishmoqda. Masalan, Yuliy Yusupov bu jarayonni AQSH prezidenti Donald Tramp siyosati ta’sirida dollarning qadrsizlanishi bilan bog‘ladi. Mirkomil Xolboyev esa tashqi omillardan tashqari O‘zbekiston ichki sharoitlariga ham e’tibor qaratdi. Kap Depo direktori Farrux Xo‘jayev so‘mning hozirgi mustahkamlanishini «qisqa muddatli tuzatish» deb atab, bu sharoitda xususiy sarmoyadorlar uchun dollarni sotish emas, balki sotib olishni yanada to‘g‘ri strategiya sifatida ko‘rmoqda. Iqtisodchi Otabek Бакировнинг fikricha, so‘mning hozirgi kuchayishi bir nechta omillar bilan bog‘liq: dollarning pasayishi, valyutaning qo‘shimcha kirib kelishi va import hajmining sun’iy tarzda cheklanayotgani. Eslatib o‘tamiz, avvalroq dollar qadrsizlanish fonida so‘mning mustahkamlanish xronologiyasi haqda ma’lumot bergan edik Mahliyo Hamidova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid