Logo

Har bir jalb qilingan turist uchun 100 dollar subsidiya ajratiladi

Bugun 11:252 daqiqa

O‘zbekistonda turizmni rag‘batlantirish uchun turistlar, turoperatorlar va aviakompaniyalarga yangi subsidiya hamda imtiyozlar joriy qilindi.

Har bir jalb qilingan turist uchun 100 dollar subsidiya ajratiladi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

O‘zbekistonda 2026 yil 1-iyundan boshlab har yili iyun–avgust oylarida «Ochiq turizm mavsumi» dasturi amalga oshiriladi. Bu Prezidentning 10-iyunda qabul qilingan 219-sonli qarorida belgilangan.

Dastur doirasida xorijiy davlatlardan O‘zbekistonga yangi aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ygan mahalliy va xorijiy aviatashuvchilar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Ularga parvozlarni tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismi davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi.

Eng muhim yangiliklardan biri sifatida O‘zbekistonga jalb qilingan har bir xorijiy turist uchun 100 AQSH dollari miqdorida subsidiya ajratilishi belgilandi. Hukumat mazkur mexanizm orqali mamlakatga keluvchi sayyohlar oqimini sezilarli oshirishni maqsad qilmoqda.

Turoperatorlarga qo‘shimcha rag‘bat

Qarorga muvofiq, O‘zbekiston rezidenti hisoblangan turoperatorlar uchun ham qo‘shimcha imtiyozlar joriy etilmoqda. Xususan, salohiyatli xorijiy bozorlardan jalb qilingan har 1 000 nafar turist uchun 5 ming AQSH dollari miqdorida subsidiya ajratiladi.

Shu bilan birga, turoperatorlik va mehmonxona xizmatlari bo‘yicha to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining 50 foizi keshbek shaklida qaytarib beriladi. Bu turizm xizmatlari tannarxini pasaytirish va sohaning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Mazkur choralar xususiy sektor ishtirokini kengaytirish va yangi turistik mahsulotlarni shakllantirishga qaratilgan.

Blogerlar uchun imkoniyat

Turizmni xalqaro maydonda targ‘ib qilish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarda 5 milliondan ortiq kuzatuvchiga ega bo‘lgan 50 nafar xorijiy bloger uchun O‘zbekiston bo‘ylab 7 kunlik bepul turlar tashkil etiladi.

Shuningdek, dunyoning yirik onlayn sayohat platformalarida mamlakat turistik salohiyatini reklama qilish xarajatlari ham qoplab beriladi.

Avvalroq turizm oqimi past davlatlardan keltirilgan har bir turist uchun 20 dollardan 100 dollargacha subsidiya ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan edi. Bundan tashqari, 2026 yil yakuniga qadar Malayziya va Indoneziyadan «Umra plyus» dasturi orqali keluvchi har bir sayyoh uchun turoperatorlarga 100 dollardan subsidiya berilishi ham nazarda tutilgan.

Teglar

Mavzuga oid